“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti 12-14 oktyabr kunlari Osiyoda hamkorlik va o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha Kengash yig‘ilishi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi hamda «Markaziy Osiyo – Rossiya» sammitida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun anʼanaviy tarzda o‘tkazgan matbuot ajumanida maʼlum qildi.
«Tashrif kun tartibida xorijiy davlatlar, shu jumladan, Vyetnam vitse-prezidenti Vo Txi An Suan, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan», dedi Sherzod Asadov.
Shuningdek, u davlatimiz rahbari 11 oktyabr kuni mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanovni qabul qilishini bildirdi. Unda hududlararo hamkorlikni yangi mazmun va aniq loyihalar bilan yana-da rivojlantirish hamda amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi qo‘shma dasturlarni yana-da jadallashtirish masalalarining muhokamasi ko‘zda tutilgan.
«Bundan tashqari, hafta davomida Prezidentning mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga bag‘ishlangan qator muhokamalarni o‘tkazishlari rejalashtirilgan», dedi Prezident matbuot kotibi.