Oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushi davridagi jasorati beqiyos

01.05.2024 02:53

Xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi jasorati va fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi beqiyos. Butun butun dunyo buni yaxshi biladi hamda eʼtirof etadi. Bu yoʻlda qanchadan-qancha ajdodlarimiz qurbon boʻlgan, bir qismi esa qahramon sifatida uyiga qaytgan. Yana qancha bobo va momolarimiz frontdagidan kam boʻlmagan sharoitda mehnat qilgan.

Shu maʼnoda, bugun ushbu vatandoshlarimizning soʻnmas xotirasini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Zero, bugungi yorugʻ, musaffo osmonimiz sofligini, tinch va osuda hayotimizni taʼminlash uchun bukilmas iroda va jasorat namunasini koʻrsatgan, Vatan uchun jon fido qilgan jasur bobolarimiz matonatini hech qachon unutib boʻlmaydi.

Urush davri musibatlarini boshidan kechirgan yurtdoshlarimizning xotiralaridan maʼlum boʻlishicha, odamlar oʻsha vaqtlarda sovet rejimini himoya qilish zaruriyati haqida kam oʻylagan. Aksincha, xalqimizning aksariyat qismi mustabid tuzumni qoralardi. Nega deganda, xalqimiz Turkiston muxtoriyati qonga botirilishi, istiqlolchilik harakatining zoʻravonlik bilan bostirilishi va diniy eʼtiqod uchun taʼqib qilinganini hali esdan chiqarmagan edi. Qolaversa, jamoalashtirishning “stalincha” zoʻravonlik bilan amalga oshirilishi natijasida yuz bergan jinoyatlar, mustabid tuzumning ommaviy qatagʻonlaridan qolgan yaralar hali bitmagandi. Shunga qaramasdan xalqimizning fashizmga boʻlgan kuchli nafrati mustabid tuzum yetkazgan gʻam-alamni orqa oʻringa surib qoʻydi va u dushmanga qarshi otlandi.

Aytish joizki, yangi Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahbarligida Ikkinchi jahon urushi yillarida jasorat va matonat, mehr va muruvvat kabi insoniylikning yuksak namunasini koʻrsatgan xalqimizning buyuk Gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi bilan bogʻliq muqaddas xotirani saqlab qolish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Avvalo, davlat rahbarining tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlandi. Masalan, 2020-yilgacha urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda qatnashgan, deb hisoblanar edi. Ammo jahon arxivlari oʻrganilib, yangi topilgan maʼlumotlar tahlil qilinganda esa Oʻzbekistondan 1 million 951 minga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. Demak, 451 ming nafar yurtdoshlarimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar davomida eʼtibordan chetda qolib kelgan.

Bundan tashqari, ilgari 396 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosi urushda halok boʻlgan, deb aytilardi. Aslida, bu raqam 538 mingdan ziyod boʻlgan, 158 mingdan koʻprogʻi bedarak yoʻqolgan.

Urushdan qoraxat kelganlarga aza ochilgan boʻlsa, bedarak ketgan askarlar yaqinlarining musibati undan ham ogʻirroq kechgan. Ular daragi chiqmagan askar oʻgʻli, turmush oʻrtogʻi va otasini bir umr kutgan, yillab izlashgan.

Bedarak ketganlar orasida 101 askarning taqdiri ayniqsa, boshqacha kechgan. Ular 1941-yilda urushning dastlabki haftalarida Smolensk ostonasida asirga olingan va natsistlar tomonidan okkupatsiya qilingan Niderlandiyaga propaganda maqsadlarida joʻnatilgan.

Dastlabki uch kunda oʻzbeklarni lagerda ovqatsiz, ochiq osmon ostida, simtikan bilan oʻralgan hududda saqlashgan. Maqsad — bir burda non uchun bir-birining goʻshtini yegan odamlar holati tasvirga olinib, undan propaganda vositasida foydalanish edi. Lekin 101 vatandoshimiz natsistlarning bu rejasini chippakka chiqaradi. Ular nemislar kutganday non uchun bir-birini oʻldirish darajasiga bormadi, uch kun tuz totmagan boʻlishsa-da, bir-birini qoʻllab-quvvatladi.

Xullas, matonatli bu askarlarning 24 nafari 1941-yilning qahraton qishidan chiqolmay ochlik va kasallikdan halok boʻladi, qolgan 77 nafari 1942-yil 9-aprelda otib tashlanadi.

Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan Oʻzbekiston vakillari soni boʻyicha ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu koʻrsatkich 120 ming nafar, deb qayd etilar edi. Yangi maʼlumotlarga asosan, Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi.

Shu oʻrinda, Sovet ittifoqi qahramon boʻlgan birgina oʻzbek oʻgʻlonining Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan matonati toʻgʻrisida toʻxtalmoqchimiz.

Gap shundaki, Belarusning Mogilyov tumaniga qarashli Dashkovka qishlogʻi hududidan Dnepr daryosini kechib oʻtish bu yerda joylashgan 385-oʻqchi diviziya uchun hayot-mamot masalasini hal qiladigan eng muhim operatsiya sifatida alohida ahamiyat kasb etar edi. Oʻzbek farzandi Shodi Shoimov maxsus guruh bilan birinchilardan boʻlib tashabbus koʻrsatadi.

Daryoning narigi qirgʻogʻidagi dushmanga suv sathi aniq koʻrinib turar, kechuvga tushganlarni qirib tashlashi aniq edi. Shunday boʻlsa-da, Shodi Shoimov va uning guruhi dushman tomonidan yogʻdirilgan oʻq yomgʻirlari ichida narigi qirgʻoqqa suzib oʻtadi.

Oʻzbek oʻgʻloni fashist bilan yuzma-yuz boʻldi, yaqin masofada turib jang qildi va oʻzini bosqinchilar xandigʻiga tashladi. Dushman bilan kechgan qoʻl jangida pahlavon oʻzbek farzandi 13 fashistni oʻldiradi. 1944-yil 27-iyun kuni Dneprning oʻng qirgʻogʻida oʻrnashgan gazandalar izdihomi tor-mor etiladi. Diviziya askarlariga Dneprni kechib oʻtish uchun yengillik tugʻiladi. Biroq Sh. Shoimov dushman bilan kechgan ayovsiz qoʻl jangida ogʻir yaralanadi va ertasi kuni 28-iyunda jarohati tufayli halok boʻladi. U oʻshanda bor yoʻgʻi 18 yoshda edi...

Eʼtibor bering, u 18 yoshida Sovet ittifoqi qahramoni boʻldi. Oʻzidan bir donagina surat ham qoldirmagan, lekin jasoratni abadiyatga muhrlagan oʻzbek oʻgʻloni Shodi Shoimovning byustini tiklashda singlisi Tilovatning rasmidan foydalaniladi. Oʻsha surat hozir Belarusning Dashkovkadagi muzeyida saqlanmoqda.

Shuningdek, 24 yoshida Sovet ittifoqi qahramoni boʻlgan Qoʻchqor Turdiyev, general Sobir Rahimov, Zebo Gʻaniyeva, Mamadali Topivoldiyev, Ahmadjon Shukurov va boshqa koʻplab vatandoshlarimizning jasoratlari ham alohida eʼtirofga loyiqdir.

Ikkinchi jahon urushida bevosita jangovar harakatlarda ayollar ham qatnashgan. Davlat mudofaa qoʻmitasi urushning ilk kunlaridan boshlab ayollarni ham urushga yuborish borasida bir qator qarorlar qabul qilgan. Garchi, avvaliga frontga borish ixtiyoriy boʻlgan boʻlsa-da, 1942-yil bahoridan boshlab harakatdagi qoʻshin safiga ayollarni ommaviy ravishda safarbar etish boʻyicha bir toʻxtamga kelingani maʼlum.

Oʻzbekistondan 4 ming 555 nafar ayol urushda qatnashgan, ularning orasida aloqachi, uchuvchi, mergan, zenitchi, tibbiy xodim va razvedkachilar bor edi.

Urushning boshlangʻich davrining eng murakkab vazifalaridan biri iqtisodiyotni harbiy izga solish boʻlgan. Bu masʼuliyatli vazifani SSSRning qariyb 40 foiz aholisi istiqomat qiladigan, koʻmirning 63 foizi qazib olinadigan, poʻlatning 50 foizi ishlab chiqariladigan, donning 38 foizi yetishtiriladigan, ayniqsa, koʻpgina mudofaa korxonalari joylashgan hududni fashistlar bosib olgan bir paytda hal qilish kerak edi.

Shu bois Oʻzbekiston urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradigan muhim tayanch markazlaridan biriga aylandi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi. Jumladan, koʻp millatli xalqimiz fidokorona mehnati bilan oʻsha vaqtdagi 300 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarida harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod koʻchirib keltirilib, qisqa fursatda ishga tushirildi. Ularda aholimiz tunu-kun mashaqqatli mehnat qilib, qahramonlik namunasi koʻrsatgan, desak, ayni haqiqat.

1941-yil 26-iyundan boshlab mamlakatda ishchi va xizmatchilarga ishdan tashqari vaqtda majburiy mehnat qilish, katta yoshdagilar uchun haftada 6 kunlik, kuniga 11 soatlik rejim joriy etilib, taʼtillar bekor qilindi. Idora xizmatchilari, uy bekalari va oʻquvchilar ham ishlab chiqarishga jalb qilindi. Agar 1940-yilda sanoat ishchilari orasida xotin-qizlar salmogʻi 34 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 1942-yilda bu koʻrsatkich 63,5 foizga yetdi.

Natijada Oʻzbekiston urush yillarida front uchun 2100 ta samolyot, 17342 ta aviamotor, 2 318000 dona aviabomba, 60 mingga yaqin harbiy-kimyoviy apparatura, 22 mln. dona mina va 560 ming dona snaryad, 1 mln. dona granata, 330 mingta parashyut, harbiy ehtiyoj uchun 100 ming kilometrdan ortiq turli simlar, minalarni aniqlab beruvchi 4,5 ming dona qurilma, 2 861000 ming dona armiya etiklari va 59 mingdan ortiq ot va koʻpgina boshqa harbiy anjomlar yetkazib berdi.

Shuning oʻziyoq oʻzbek xalqining gʻalabaga qoʻshgan hissasi qanchalik salmoqli boʻlganligini koʻrsatib turibdi. 

Qolaversa, Oʻzbekistonda toʻplangan mablagʻ hisobidan oʻnlab harbiy samolyot va tanklar, jangovar mashinalar barpo etildi. 1941 — 1945-yillarda mamlakatimiz sobiq ittifoq miqyosidagi ulkan gospitalga aylanib, bu yerda minglab jangchilar davolanib, safga qaytgan.

Ogʻir damda xalqimizning insonparvarligi, bagʻrikengligi ayniqsa, yaqqol koʻrindi. Aholimiz urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, suronli hududlardan koʻchirib keltirilgan qariyb 1,5 million kishini bagʻriga oldi. Ularning 250 mingdan ziyodi bolalar edi. Koʻpgina oʻzbek oilalari ikkita va undan ortiq yetim bolalarni (Sh. Shomahmudov oilasi 14 nafar, H. Samadov oilasi 12 nafar, M. Joʻrayeva va Ashurxoʻjayevlar oilasi 8 nafardan) oʻz tarbiyalariga oldilar. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham koʻrdi. 

Shu bilan birga, Rossiya, Ukraina va Belarusning dushman bosib olgan hududlaridan turli millatga mansub 200 ga yaqin yozuvchi va shoirlar Toshkentga koʻchib kelib, shu yerda ijod qildi.

Albatta, bu shunchaki statistik maʼlumot emas. Bu raqamlar mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiradi. Ayni chogʻda, bugungi tinch va goʻzal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh boʻlishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga undaydi.

Prezidentimizning 2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent shahrining Olmozor tumanida “Gʻalaba bogʻi” tashkil qilindi. Bundan koʻzlangan maqsad — yoshlarimizni ota-bobolar ruhini hurmatlash, millatni sevish, yurtning har qarich tuprogʻini qadrlashga oʻrgatish, ezgulik va saxovat singari xalqimizning koʻp asrlik anʼanalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashdan iborat. Bu esa birinchi galda ajdodlar xotirasiga chuqur ehtiromdan boshlanadi.

“Gʻalaba bogʻi” xalqimiz qahramonligini ulugʻlaydigan, uning qadr-qimmatini yuksaltiradigan betimsol majmuadir.

Vaqt oʻtadi, zamonlar oʻtadi, lekin uzoqni koʻzlab, hayotning oʻzi oʻrtaga qoʻyayotgan talablarni inobatga olib, odamiylik, insonparvarlik fazilatlarini ulugʻlash, umuman, Vatan uchun, elu yurt uchun xizmat qilgan ajdodlar nomlarini saqlash, inson xotirasini qadrlash yoʻlida qilingan bunday savobli ishlar hech qachon unutilmaydi.

Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ularning har biriga moddiy, maʼnaviy va boshqa turdagi yordamlar berib kelinyapti. Buni hech ikkilanmasdan yangi Oʻzbekistonda xalq jasoratiga koʻrsatilayotgan yuksak ehtirom namunasi, deyish mumkin. Qolaversa, bu bizni oʻtmishdan toʻgʻri xulosa chiqarib, doimo hushyor va ogoh boʻlishga, ajdodlarimizdan ibrat olib yashashga ragʻbatlantiradi.


Qutbiddin Burhonov,

Oliy Majlis Senatining

Mudofaa va xavfsizlik masalalari

qoʻmitasi raisi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net