O‘zbekiston va Tojikiston. Prezidentlarning siyosiy irodasi va oqilona siyosati tufayli ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.
O‘zbek xalqining madaniy merosini tojiklar e’zozlashadi. Tojik madaniyati durdonalari esa o‘zbeklar tomonidan hamisha qadrlangan.
Tojikiston Respublikasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari tadbirlarida ana shu do‘stona aloqalar va birodarlik yana bir bor namoyon bo‘lmoqda.
13 noyabr kuni Tojikiston Respublikasi Dang‘ara shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi karnay-surnay sadolari ostida iliq kutib olindi. Ilk marotaba “Qasri Faxrang” madaniyat saroyida o‘tkaziladigan konsert tomoshasiga Dang‘ara xokimligi tomonidan katta tayyorgarlik ko‘rilgan. O‘zbekistonlik do‘stlarini kutib olishga chiqqan tojikistonliklar yuzidagi tabassum va “Xush omaded” degan so‘zlari barchaga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Tojikistonda O‘zbekiston elchisi E.Shoismatov delegatsiyaga rahbarlik qildi. Delegatsiya rahbari bilan birgalikda Dang‘ara davlat universitetiga tashrif buyurildi. Universitet binosida ham talabalar qator turib o‘zbekistonliklarni qarshi olib, qutlashdi. Ushbu universitetda 86 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgan ekan.
So‘ng, “Qasri Faxrang” madaniyat saroyida o‘zbekistonlik san’at ustalari tomonidan katta konsert dasturi namoyish etildi. O‘zbekcha va tojikcha kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston madaniyati kunlari tadbirlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi
Matbuot xizmati