YEVROPA ITTIFOQINING TASHQI ISHLAR VA XAVFSIZLIK SIYOSATI BO?YICHA OLIY VAKILI BILAN UCHRASHUV

23.11.2018 12:38

2018-yilning 23-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Brussel shahrida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida bugun Brussel shahrida o‘z ishini boshlaydigan navbatdagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” mintaqalararo uchrashuvi kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, O‘zbekiston bilan Yevroittifoq o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, 2019-yilga rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuv ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochish imkoni beradi. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston bilan Yevroittifoq o‘rtasidagi kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha 23-noyabrda boshlanayotgan muzokaralar tomonlarning o‘zaro aloqalarni izchil mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi istaklaridan darak beradi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar bizning bozorimizda Yevropa biznesi va investitsiyasining yanada kengroq ishtirok etishi hamda o‘zaro savdo hajmining ortishi uchun katta imkoniyatlar berishi e’tirof etildi. 2018-yilning 9 oyi mobaynida O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2,23 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17% ga ko‘pligi yuqoridagi fikrning tasdig‘idir.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari 2018-yilning 27-mart kuni Federiko Mogerini boshchiligidagi YI delegatsiyasi ham ishtirok etgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi qarorlarini amalga oshirish jarayonini ham muhokama qildilar.

Muzokaralar yakunida Federika Mogerini Abdulaziz Kamilovga O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini taqdim etdi. Ushbu hujjat 1999-yil 1-iyuldan buyon amal qilayotgan O‘zbekiston va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga a’zo davlatlar o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini bosishi kutilmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net