XALQARO FESTIVAL MATBUOT MARKAZI TASHKIL ETILDI

02.04.2019 14:41

Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazida 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali matbuot markazi ish boshladi.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻtkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirni keng yoritish uchun dunyoning 20 davlatidan 30 ga yaqin xorijlik jurnalist va yurtimizdagi koʻplab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

– Ildizi qadim oʻtmishga borib taqaladigan oʻlmas qadriyatlarimiz namoyish etiladigan mazkur tadbirga, ayniqsa, xorijliklar katta qiziqish bildirayotgani bejiz emas, – deydi matbuot markazi rahbari, “Kino sanʼati” jurnali bosh muharriri Laziz Tangriyev. – Chunki, dunyo tamadduni beshiklardan biri boʻlmish qadimiy Surxon vohasining boy tarixi, ilm-fan, madaniyat va sanʼatining rivojlanish bosqichlari barchada katta qiziqish uygʻotib keladi. Viloyat hududida amalga oshirilayotgan arxeologik tadqiqot ishlari chogʻida topilgan turli haykallar, musiqa asboblari parchalari va boshqa topilmalar bu yerda musiqa va sanʼat paydo boʻlishi eramizdan avvalgi IV-II asrlarga borib taqalishini koʻrsatmoqda, jahon tarixchi olimlarini, qadimshunoslarini maftun etmoqda.

Dunyo baxshilari, folklorshunos olimlar va boy nomoddiy madaniy merosimiz ixlosmandlarini qadimiy goʻshaga jamlayotgan Xalqaro festival doirasida yangi chop etilgan noyob dostonlar hamda ilmiy kitoblar taqdimotlari oʻtkazilishi belgilangan. Baxshichilik sanʼati rivojiga bagʻishlangan qiziqarli koʻrgazmalar, xalq hunarmandchiligi, milliy soz valiboslar, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik buyumlari koʻrgazmalari ham tashkil etiladi. Baxshilarning qiziqarli koʻrik-tanlovi, ilmiy konferensiyalar oʻtkaziladi. Tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar uyushtiriladi.

Matbuot markazida festival bilan bogʻliq tadbirlar va ishtirokchilarning taassurotidan dunyo ahlini tezkor va xolis xabardor qilish uchun barcha qulaylik yaratildi. Muhtasham zal zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanib, global tarmoqqa ulandi. Wi-Fi zonasi tashkil etildi. Xalq ogʻzaki ijodi namunalari va boshqa noyob kitoblar bilan bezatildi. Kofe-breyklar tashkil etish uchun maxsus joylar hozirlandi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar Xalqaro festivalni yuksak saviyada oʻtkazishga xizmat qiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net