TEST SINOVLARINI TASHKIL ETISHDA TURKIYA BILAN TAJRIBA ALMASHINILDI

26.12.2018 12:24

Davlat test markazi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi yagona vakolatli davlat boshqaruvi organi bo‘lib, uning amalga oshiradigan vazifalaridan biri – pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish hisoblanadi. Bu sohada pedagogik o‘lchov vositalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish talablari bo‘yicha metodik ko‘rsatmalarni ishlab chiqish, ekspertlar uchun testologiya asoslari bo‘yicha seminarlar tashkil etish vazifalari belgilangan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi PQ-3389-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish doirasida Davlat test markazi xodimlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi tajriba almashish va malaka oshirish uchun Turkiyada bo‘ldi.

Tashrif davomida delegatsiya a'zolari 2018-yil 19-20 dekabr kunlari Turkiya Respublikasining Milliy test markazi “Baholash, tanlash va joylashtirish markazi”da (OSYM – “Ölçme, Seçme ve Yerleştirme Merkezi”) bo‘lib, test sinovlarini tashkil etish, o‘tkazish, test topshiriqlarini tuzish va bazasini shakllantirish, shuningdek, test sinovlarini elektron shaklda o‘tkazish, ma'lumotlar xavfsizligini ta'minlash, natijalarni chiqarish va tahlil qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar hamda ulardagi test sinovlari bilan bog‘liq zamonaviy shakl va usullar haqida tajriba almashdilar.

 O‘z navbatida, turkiyalik hamkorlar ham O‘zbekistonda 1-avgustdan 20-avgustga qadar test sinovlarining katta pavilonlarda o‘tkazilishi, xususan, test sinovlarining natijalarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasigayoq e'lon qilinishi, ularning shaffof va onlayn translyasiya qilingan holda o‘tkazilganligi, ota onalar uchun esa yaratilgan sharoitlar, jumladan, kutish joylari va o‘rnatilgan katta monitorlarda test sinovi jarayonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib turish imkoniyatlari haqidagi ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

 Uchrashuv davomida Davlat test markazi bilan Turkiya Respublikasining Baholash, tanlash va joylashtirish markazi o‘rtasida test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan hamkorlik aloqalarini tizimli yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi hamda tegishli memorandum imzolanishi rejalashtirildi.

 Turkiyaga qilingan tashrif va to‘plangan tajriba, albatta, milliy ta'lim tizimini xalqaro andoza asosida takomillashtirish, iqtidorli, bilimli va yuqori salohiyatli yoshlarni saralash hamda oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishda muhim o‘rin tutadi.

 

«Dunyo» AA, Anqara

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net