Oʻzbekistonda pedagog maqomi jamiyat va davlat nufuzining mezonidir

08.02.2024 02:42

Yangi Oʻzbekiston islohotlarining mustahkam huquqiy poydevori boʻlgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida pedagog maqomini yuksaltirish vazifasi alohida qayd qilingan. Ushbu masala shunchaki qogʻozni bezagan chiroyli orzu-istaklar ifodasi emas, balki qatʼiy hayotiy maqsad ekani izchil islohotlar davomida kundankunga yanada yaqqolroq namoyon boʻlib boryapti. Prezidentimiz tomonidan kuni kecha imzolangan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunni fikrimizning tarixiy tasdigʻi deyish mumkin. 21 moddadan iborat mazkur qonun bilan yurtimizdagi 700 mingga yaqin pedagogning huquqlari, majburiyatlari hamda faoliyatining asosiy kafolatlari belgilandi.

Qonunda pedagog xodim faoliyatining kafolatlari sifatida uning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasida boʻlishi koʻrsatib oʻtilgan. Oʻqituvchilarni kasbiy faoliyatiga kirmaydigan ishlar — qishloq xoʻjaligidagi yumushlar, obodonlashtirish, yigʻilishlarga jalb qilish taqiqlangan. Shuningdek, pedagoglardan hisobot va maʼlumotlar talab qilish, fao­liyatini tekshirish, tadbirlarda qatnashishga majburlash man etilgan. Oʻqituvchining zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, lavozim maoshidan uning roziligisiz mablagʻ ushlab qolish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida taʼlim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, qolaversa, oʻquvchilarning bilimini toʻgʻri va xolis baholashga taʼsir koʻrsatish, xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish taqiqlangan. Ushbu normalarga amal qilmaslik javobgarlikka sabab boʻlishi qatʼiy belgilangan.

Yana bir eʼtiborli jihati, qonunda pedagog­larga qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi kafolatlangan. Doktorlik dissertatsiya­si, dars­lik va oʻquv qoʻllanmalar yozish uchun ijodiy taʼtil berilishi nazarda tutilgan.

Oʻqituvchilarga mualliflik dasturlarini va oʻqitish uslubiyatini joriy etish, zamonaviy pedagogik vositalarni erkin tanlash, davlat axborot-resurs markazlari xizmatidan bepul foydalanish kabi qator imkoniyatlar berilyapti.

Pedagoglar kasbiy faoliyatini bajarish chogʻida shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish uchun, shuningdek, oʻz huquqlarini buzayotgan davlat organlarining qonunga xilof qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakati ustidan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan taqdirda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi.

Yangi qonunimizda YUNESKO tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻqituvchilarning oʻrni toʻgʻrisida”gi tavsiyalarga muvofiq pedagog­lar uchun ijtimoiy kafolatlar belgilangan. Jumladan, davlat taʼlim tashkilotlari pedagoglari yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlanishi hamda davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy koʻrikdan oʻtishi mumkin.

Mamlakatimizning olis hududida joylashgan taʼlim tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlash uchun jalb qilingan oliy maʼlumotli pedagoglarga bir martalik bosh­langʻich yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlanishi ham qayd etilgan. Davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglari davlat ­tomonidan birlamchi oʻquv-uslubiy material­lar bilan taʼminlanishi, oʻquv dasturlari oʻzgarganda davlat taʼlim tashkilotining pedagoglari davlat hisobidan yangi turdosh fanga qayta tayyorlanishi belgilangan. Bir nafar pedagogni qayta tayyorlash uchun bugungi kunda olti million soʻm sarflanishi koʻzda tutilsa, oʻqituvchilar uchun yaxshigina yengillik berilayotgani oydinlashadi.

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir oʻquv yili davrida murabbiylik qilish uchun tajribali pedagog biriktirilishi hamda murabbiylik qilgani uchun bazaviy lavozim maoshiga qoʻshimcha haq toʻlanishi mumkinligi qonunan mustahkamlandi. Davlat taʼlim tashkilotlarining oʻqituvchilariga davomiyligi koʻpi bilan ellik olti kalendar kunidan iborat boʻlgan haq toʻlanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtili kafolatlandi.

Qonunning 12-moddasida pedagogning oylik ish haqi maʼlumoti, malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha bazaviy tarif stavkasi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, davlat mukofotlari hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa ustamalar inobatga olingan holda hisoblanishi belgilab qoʻyilgan.

Shu oʻrinda hozir Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida pedagoglar oylik maoshiga qoʻshilgan ustamalar xususida ham toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq. Amaldagi tartibga koʻra, xalqaro fan olimpiadalarining sovrindorlarini tayyorlagan pedagoglarga 150-200 foiz, olis hududlarda joylashgan taʼlim tashkilotlariga boshqa hududlardan kelgan oʻqituvchilarga 10-50 foiz, ilmiy darajasi (PhD, DSc) yoki ilmiy unvoni borlarga 30-60 foiz, milliy yoki xalqaro sertifikat egalariga 20-50 foiz miqdorida ustama toʻlanmoqda. Birgina misol: bugun 25,9 ming pedagogning milliy yoki xalqaro sertifikati mavjud boʻlib, ularga bir yilda 1,2 trillion soʻm ustama toʻlash talab qilinadi.

Mavjud imtiyozlar va yaratilgan imkoniyatlarga javoban hamkasblarimiz muntazam oʻz ustida ishlashi, zamon bilan hamnafas boʻlib, malaka oshirib borishi zarur. Shu maʼnoda, yangi qonunda pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham aniq normalar belgilab qoʻyilgan. Davlat taʼlim tashkilotlari pedagoglarining malakasini belgilangan muddat va hajmda oshirish xarajati davlat byudjeti hisobidan qoplanishi koʻrsatilgan.

Ayni paytda pedagog kadrlarning malaka toifasini oshirish tizimida ham ortiqcha rasmiyatchilik va qogʻozbozlikka chek qoʻyilgan. Bu jarayon bilimini muntazam oshirib borishdan manfaatdor, kasbiga mehr qoʻygan fidoyi, mahoratli muallimlar uchun yana bir imkoniyat. Malaka toifasini olish boʻyicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda oʻtkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi. Birinchi bosqichda pedagog­ning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi (80 ball), ikkinchi bosqichda pedagogik mahoratini (20 ball) baholash tartibi joriy qilinmoqda. Har ikki bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida onlayn oʻtkaziladi. Natijalar inson omiliga bogʻliq boʻlmaydi.

Yuksak eʼtibor topayotgan pedagoglar kasbiy majburiyatini bajarish chogʻida etika qoidalariga rioya etishi zarurligi ham qonun nazaridan chetda qolmagan. Pedagogik etika qoidalarini bilish va ularga amal qilish oʻqituvchi oʻz kasbiy majburiyatlarini bajarishining sifat koʻrsatkichlarini hamda mehnat intizomini belgilaydigan ­mezon sifatida qayd etilgan.

Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov taʼkidlaganidek, muallim kamolot ichra koʻzgudir. Bu koʻzgu shu qadar tiniq boʻlishi, unga boqib barcha oʻzini, oʻzligini takomillashtirishi, illatlaridan forigʻ boʻlib, feʼl-atvorini tartibga keltirishi lozim. Tabiiyki, jamiyat uchun chinakam kamolot koʻzgusi boʻlish hammaga ham nasib etavermaydi. Shu tufayli qonunda pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydigan shaxslar haqida aniq normalar mavjud. Xususan, qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan, deb topilgan shaxslar, pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanishga toʻsqinlik qiladigan kasalligi boʻlganlar, psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turganlar, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun ilgari sudlanganlarni pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlarga ishga qabul qilish man etildi. Ushbu normalarni tatbiq etish jarayonida nafaqat milliy mentalitetimiz, balki xalqaro tajriba ham oʻrganildi.

Aniqroq aytganda, qonunni ishlab chiqishda Xitoy, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi taʼlimda ilgʻor davlatlar bilan birga qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻizistondagi normativ-huquqiy asoslar ham sinchiklab oʻrganib chiqildi.

2030-yilga qadar mamlakatimizdagi Prezident taʼlim muassasalari va ixtisoslashtirilgan maktablarning oʻqitish metodikasini barcha umumiy oʻrta taʼlim muas­sasalari oʻquv jarayoniga joriy qilish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining oʻrtacha ish haqini 2 barobar oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, xalqaro taʼlimni baholash tadqiqotlarida munosib ishtirok etish, 500 ming nafar soha xodimining malakasini uzluksiz oshirish tizimini takomillashtirish, ehtiyoj yuqori boʻlgan yoʻnalishlar va olis hududlardagi abituriyentlar uchun pedagogik taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni toʻliq davlat granti asosida tayyorlashni joriy qilishga bel bogʻlaganmiz. Qolaversa, tarbiyachi va oʻqituvchilarni xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, bir qancha xalqaro olimpiadalarni yuksak saviyada tashkil qilish kabi dolzarb vazifalar oldimizda turibdi. Ular ijrosi yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga salmoqli hissa qoʻshishi shubhasiz.

“Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi yangi qonun bilan qadr-qimmati yanada yuksalgan ustoz-murabbiylar taqdiridan rozi boʻlib, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilishiga ishonamiz. Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Jamiyat hayotida oʻqituvchining oʻrni va taʼsiri oshsa — maktabning obroʻyi oshadi, ilm-fan, taʼlim va tarbiya sohasining qadri koʻtariladi. Muallimning obroʻ-eʼtibori esa bu millatning, butun xalqning obroʻ-eʼtiboridir”.

 

Hilola Umarova,

maktabgacha va maktab

taʼlimi vaziri

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net