O’ZBEKISTON – BELARUS QO’SHMA MAJLISI

10.04.2019 11:13

Minsk shahrida 9 aprel kuni Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo’yicha O’zbekiston – Belarus birinchi qo’shma majlisi bo’lib o’tdi. 

O’zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov hamda Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar davlat qo’mitasi raisi Аleksandr Shumilin raisligida o’tgan tadbirda qo’shma komissiyaning har ikki davlat a'zolari, ilmiy doira vakillari ishtirok etdi. 

Majlis ishchanlik va konstruktiv ruhda o’tdi. Unda tomonlar o’zaro hamkorlikni rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanini qayd etdi. 

Belarus Respublikasi Prezidenti Аleksandr Lukashenkoning 2018 yil sentyabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog’ida ikki mamlakat hukumatlari o’rtasida fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo’yicha kelishuvga erishilgandi. 

Ushbu hujjat asosida o’tgan mazkur tadbirda O’zbekiston – Belarus o’rtasida ilmiy-texnik hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Innovatsion loyihalarni jadallashtirish va tijoratlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. O’zbekiston tomoni ikki davlat texnoparklari o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish taklifini bildirdi. 

Tadbir doirasida energetika, tibbiyot, axborot-kommunikatsiya, raqamli iqtisodiyot, aerokosmik, robоtotexnika, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya sohalarida, agrosanoat, kimyo, tog’-kon sanoatlarida innovatsion texnologiyalarni qo’llash borasida qo’shma loyihalarni amalga oshirish O’zbekiston – Belarus ilmiy-texnik hamkorligining ustuvor yo’nalishlari sifatida belgilandi. 

Shuningdek, 2019-2021 yillarda ilmiy-texnik loyihalar tanlovi doirasida taqdim etilgan ishlanmalarga yuqori baho berildi, O’zbekiston – Belarus uch yillik ilmiy-texnik hamkorlik dasturini tasdiqlashga kelishildi. Ilg’or tajribalar bilan o’rtoqlashish maqsadida olimlar va mutaxassislar almashinuvini yo’lga qo’yish, ilmiy-texnik va innovatsion sohalarda konferentsiyalar, seminarlar, ko’rgazmalar va boshqa tadbirlar o’tkazish bo’yicha umumiy yondashuvlar ishlab chiqildi. 

Shu kuni O’zbekiston delegatsiyasi Belarus Milliy texnika universitetida bo’lib, ta'lim muassasasi qoshida tashkil etilgan texnopark faoliyati bilan tanishdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnabod” texnoparki va Belarus Milliy texnika universiteti qoshidagi “Politexnik” texnoparki o’rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net