Namangan muhandislik-texnologiya instituti Malayziyaning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlikni kengaytiradi

23.08.2023 17:45

“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Namangan muhandislik-texnologiya instituti (NamMTI) rektori Odiljon Mamatkarimov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar davomida Malayziyaning eng yirik va yetakchi davlat oliygohlari – Malayya universiteti, MARA Texnologiya universiteti, Malayziya xalqaro islom universiteti kampuslariga tashriflar, oliygohlarning rahbariyati va jamoasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Malayya universiteti va MARA Texnologiya universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

MARA Texnologiya universiteti rektori Rozia Janor bilan muzokaralar doirasida turizm, qishloq xo‘jaligi, mexatronika kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va amaliyotini tashkil qilish masalalari muhokama etildi.

Malayya universiteti rektori maslahatchisi Ivonne Lim Ai Lian bilan o‘tkazilgan muzokaralarda o‘zaro talaba hamda professor-o‘qituvchilarning uzoq va qisqa muddatli almashinuv dasturlarini faollashtirish, maqsadli magistratura va doktorantura dasturlarini amalga oshirish, o‘zaro ilmiy tadqiqotlar portfoliosini kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, NamMTI bilan uzoq yillik hamkorlik tajribasiga ega bo‘lgan universitetning Ionika laboratoriyasi jamoasi bilan uchrashuv tashkil qilindi.

Malayziya xalqaro islom universiteti rektori Dzulkifli Abdul Razak bilan uchrashuv davomida o‘zbekistonlik talabalarni Malayziyada amaliyotini tashkil qilish, akademik almashinuv dasturlarini jadallashtirish rejalari muhokama qilindi. Malayziya xalqaro islom universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya instituti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi 2019 yilda imzolangan.

Tashrif yakunida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net