Innovatsion hududlar – taraqqiyotga ilm-fan asosida yondashuv

27.05.2023 17:04

Bugun dunyoning rivojlanish tendensiyalariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ilmiy-nazariy qarashlar innovatsion gʻoyalar, ilgʻor texnologiyalar yordamida sanoat, ishlab chiqarish tarmoqlariga faol integratsiya qilinganini koʻrish mumkin. Shu maʼnoda, yangilanayotgan Oʻzbekistonda taraqqiyot sari dadil qadamlar tashlanar ekan, ilm-fan ravnaqini yangi bosqichga koʻtarish, ilmiy ishlanmalar va tashabbuslarni ishlab chiqarishga tatbiq qilishga alohida eʼtibor qaratilayotgani ayni muddao. Bu borada ilgʻor mamlakatlar tajribasidan oʻtgan oʻziga xos yondashuv — innovatsion hududlarning tashkil etilayotgani kelgusida oʻz samarasini beradi.

Shu yilning 7-aprel kuni Sirdaryo viloyati markazi — Guliston shahrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, Sirdaryo viloyatini sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot boʻyicha “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Bugungi kunda mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni jarayonda davlatimiz rahbarining 2022-yil 6-iyuldagi “2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi” Farmoni muhim dasturilamal boʻlmoqda. Ushbu hujjatda innovatsion hududlarda toʻplangan tajribani boshqa joylarga bosqichma-bosqich joriy qilish orqali mamlakat markazidan boshlab eng olis manzillargacha “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarning kirib borishini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Farmonda innovatsion rivojlantirish hududlarida 2022 — 2026-yillarda kichik innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish uchun tayyor “1000 ta innovatsion loyiha” takliflar portfelini shakllantirish va bosqichma-bosqich amalga oshirish, shuningdek, muvaffaqiyatli kichik innovatsion ishlab chiqarish tashkilotlarini respublikaning boshqa geografik hududlariga transfer qilish singari yoʻnalishlarda ustuvor vazifalar belgilandi.

Oʻziga xoslik, maqsad va vazifalar

Xoʻsh, innovatsion hududlar oʻzi nima? Ular boshqa geografik va maʼmuriy birliklardan qay jihati bilan farqlanadi? Bunday zonalarni tashkil etishdan qanday maqsad-muddaolar koʻzlanadi?

Avvalo, bu — boshqa yuridik subyektga nisbatan alohida huquqiy maqomga ega cheklangan hududdir. Bunday zonalar tashkil etish orqali davlatning umumiy yoki alohida hududlarini zamonaviy mezonlar asosida rivojlanishining strategik masalalari hal etiladi. Xususan, tashqi savdo, ijtimoiy-iqtisodiy, mintaqaviy, ilmiy-texnikaviy muammolarni hal qilish imkoniyati kengayib boradi.

Shuning uchun ham bu kabi hududlar birinchi navbatda yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish yoki yangi texnologiyalarni amalda qoʻllash maqsadida tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasiga koʻra, Qoragʻalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 28 ta innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar roʻyxati tasdiqlandi. Oʻtgan davrda 28 ta innovatsion tumanlarning innovatsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari tayinlandi va ular uchun oʻquv-trening kurslari oʻtkazildi.

Oʻtgan qisqa davr mobaynida mahalliy byudjet va tashabbuskorlarning mablagʻlari evaziga umumiy qiymati 136,6 mlrd. soʻm boʻlgan 175 ta loyiha moliyalashtirildi. Istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1977 ta yangi ish oʻrni yaratildi hamda 146 ta yangi korxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Eng muhimi va quvonarlisi, 227 xildagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishga tatbiq etilishiga erishildi.

Istiqbolli ishlanmalar moliyalashtiriladi

Aytish joizki, innovatsion hududlar ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalar va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar orqali innovatsiyalarning joriy etilishiga xizmat qiladi. Tashabbuskor tadbirkorlar, yuqori texnologik kompaniyalar va ilmiy markazlar ayni shu kabi innovatsion hududlarda birlashadi. Ular yangi mahsulotlar, xizmatlar va yechimlarni taqdim etadi. Shu orqali aholi yashash sifatini, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshiradi.

Innovatsion hududlar muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri, bu — moliyalashtirish manbalarining mavjudligidir. Ushbu hududda venchur kapitali, “biznes-farishtalar” va davlat grantlaridan foydalangan holda startap korxonalar tashkil etiladi, tadbirkorlar oʻz gʻoyalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu orqali qoʻshimcha ish joylari yaratiladi, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga yoʻl ochiladi.

Hozirgi paytda baʼzi kichik va oʻrta biznes vakillari oʻz tadbirkorlik fao­liyatini kengaytirish uchun moliyalashtirish masalasida muammolarga duch kelmogʻda. Bunday vaziyatda zamonaviy ragʻamli moliyalashtirish tizimlaridan foydalanish magʻsadga muvofigʻ sanaladi. Ragʻamli moliyaviy texnologiya­lar moliyaviy operatsiyalarning samaradorligi va shaffofligini oshiradi, xarajatlar va xatarlarni ­kamaytiradi, istigʻbolli investorlar va mijozlar koʻlamini kengaytiradi.

Shuningdek, mavjud korxonalar ­faoliyati yoʻnalishlari diversifikatsiya gʻilinishi tufayli ular ­ishlab ­chigʻaradigan mahsulotlar va xizmatlarning ragʻobatbardoshligi oshishi taʼminlanadi.

Kovorking markazlari — gʻoya egalariga ragʻbat

Innovatsion hududlar startaplar va tadbirkorlarga hamkorlikda ishlash hamda gʻoyalar almashinuvini amalga oshirishlari uchun kovorking markazlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu esa yangi loyiha ustida ishlash jarayonida gʻoya egalarining oʻz qobigʻiga oʻralib qolish xavfini kamaytiradi.

Kovorking markazlar turli kasb egalari, turfa soha vakillari va koʻplab tashkilotlar oʻz resurslari, asbob-uskunalari va bilimlarini ulashish maqsadida bir binoda, demak, bir muhitda ishlashlari uchun tashkil etiladi. Shu bois startaplar va tadbirkorlar dunyoni oʻzgartirishga qodir yangi mahsulotlar hamda xizmatlarni yaratib kelayotgan dunyodagi eng mashhur innovatsion hududlar — Silikon vodiysi, Berlin shahri yoki Singapurda boʻlgani kabi keyingi yillarda yurtimizda ham kovorking markazlar faoliyati tobora rivojlanib bormoqda.

Eʼtiborlisi, ushbu markazlarda mutaxassislar nafaqat yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi va qoʻshimcha qulayliklardan foydalanishi mumkin, balki oʻzlari duch kelgan muammolarni hal etishga koʻmak bera oladigan hamkorlar, investorlar topish, oʻzaro fikr almashish hamda faol aloqalarni yoʻlga qoʻyish imkoniga ega.

Bunday markazlar maslakdoshlarni birlashtirish, innovatsiyalar yaratish madaniyatini shakllantirish hamda ishtirokchilarning muvaffaqiyatga ­erishishlariga zamin yaratadi. Ayni chogʻda resurslardan samarali va oqilona foydalanishga xizmat qiladi, bir joydan ikkinchi joyga tinimsiz qatnash zaruriyatini qisqartiradi, alohida ofislarni ijaraga olish kabi muammolarni bartaraf etadi. Kovorking — bu nafaqat ish joyi, balki hayot tarzi hamdir, u yerda inson oʻsadi, ulgʻayadi, professional koʻnikmalarini yuksaltiradi.

Iqtidorli yoshlarga va hamkorlikni rivojlantirish uchun platforma

Ayonki, innovatsion iqtisodiyot rivoji uchun iqtidorli inson resursi talab etiladi. Shuning uchun ham innovatsion hududlar iqtidor egalariga qiziqarli va istiqbolli ish joylarini taklif etuvchi maskanga aylanishi mumkin. U yerda yoshlar sifatli taʼlim olishi, mutaxassislar esa oʻz malakalarini oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Eng soʻnggi texnologiyalar va innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan stajirovkalar va oʻquv dasturlari ularning yuqori maoshli ish oʻrinlariga joylashishlariga koʻmak beradi.

Mamlakatimizda tashkil etilayotgan innovatsion hududlarda butun dunyodan iqtidorlarni jalb qilish va ular shu yerda qolishlari uchun shart-sharoitlar yaratishni maqsad sifatida belgilashimiz kerak. Bu, oʻz navbatida, ushbu hududlarda yuqori malakali mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga intiluvchi investorlar va mijozlarni oʻziga tortuvchi ohanrabo boʻladi. Ijodkor, yangicha fikrlovchi, yangi zamon bilan hamnafas kadrlar innovatsion hududda ijodiy muhit yaratib, taʼlim, ilm-fan, sanʼat, adabiyot rivojiga hissa qoʻshadi.

Qolaversa, innovatsion hududlar universitetlar, tadqiqot markazlari va xususiy korxonalar oʻrtasida yangidan-yangi loyihalarni amalga oshirish uchun hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga xizmat qiladi. Ilmiy tadqiqotlar olib borish, uning natijasida yaratilgan ishlanmalarni tijoratlashtirish mazkur zonalarning muvaffaqiyat kaliti sanaladi. Tadqiqotlar va ishlanmalarga doir loyihalarni hamkorlikda olib borish bilimlar, resurslar, malakalarni birlashtirishga, shuningdek, gʻoyalar va texnologiyalar bilan almashishga turtki boʻladi, innovatsiyalarni tijoratlashtirishni jadallashtiradi, hududiy iqtisodiy koʻrsatkichlarning raqobatbardoshligini oshiradi.

Hamkorlik samarali va uzoq muddatli boʻlishi uchun esa ilmiy-texnik sohaning turli ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro samimiy munosabat oʻrnatishga sharoit yaratish kerak. Bu jihatdan innovatsion hududlarning ahamiyati beqiyos. Negaki, mazkur platformada yuqori texnologik korxonalar, ilm-fan, taʼlim muassasalari va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlovchi infratuzilma mavjud.

Shu bilan birga, tadqiqotlar va ishlanmalar sohasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli boʻlishi uchun hamkorlarning manfaatlari hamda maqsadlarini muvofiqlashtirishga toʻgʻri keladi. Bu doimo moslashuvchanlik, bir-biriga ishonch, muloqot va muzokaralarga tayyor boʻlishni taqozo etadi. Egalik huquqi, sir saqlash, hamkorlik natijalari uchun masʼuliyat bilan bogʻliq masalalar ham borki, buni ham inobatga olish zarur. Hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni moliyalashtirish va ragʻbatlantirish uchun esa davlat, turli jamgʻarmalar hamda boshqa tashkilotlardan yordam talab etiladi.

Soliq imtiyozlari samarasi

Fiskal imtiyozlar tadqiqotlar va ishlanmalar bilan shugʻullanadigan korxonalar hamda tadbirkorlarga moliyaviy koʻmak bergan holda innovatsiyalarni ragʻbatlantirishda muhim rol oʻynaydi. Ayrim hududlarda innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirish maqsadida soliq imtiyozlarini joriy qilish dunyo tajribasida qoʻllanilgan boʻlib, startaplar, investorlar, tadbirkorlarni jalb etish uchun, masalan, koʻchmas mulk soliqlarini kamaytirish mumkin. Bunday imtiyozlar innovatsion tumanlarda raqobatbardoshlikni oshirish va iqtisodiyotning oʻsishiga xizmat qiladi.

Koʻplab mamlakatlar tadqiqotlar va konstruktorlik ishlariga mablagʻ sarflaydigan korxonalarga soliq imtiyozlari joriy etgan. Bu boshqa korxonalarni ham innovatsion loyihalarni amalga oshirishga undaydi. Investitsion soliq imtiyozlari yangi texnologiyalar, uskunalar, obyektlarni ishlab chiqarishga joriy etgan korxonalarning kapital xarajatlarini moliyalashtirishga va ularning innovatsiyalarni amalga oshirishiga yordamlashadi.

Shuningdek, amortizatsiyani tezlashtirish ham bugungi tezkor davrimiz uchun muhim. Asbob-uskunalar maʼnaviy jihatdan tez eskirayotgan, yangi texnologiyalar tez almashayotgan bir paytda anʼanaviy amortizatsiya jadvali oʻz dolzarbligi va ahamiyatini yoʻqotib bormoqda. Bu, ayniqsa, yuqori texnologik korxonalar faoliyatida yaqqol seziladi.

“Patent qutilari” rejimi patentlangan mahsulotlar va xizmatlardan olingan daromaddan kamroq soliq olishni nazarda tutadi. Bu ham kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirib, ularning yangi mahsulotlar ishlab chiqarish va bozorda mavjud boʻlmagan xizmatlarni koʻrsatishda manfaatdorligini oshiradi. “Patent qutilari” rejimi Italiya, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya kabi davlatlarda qoʻllaniladi. Ularning barchasida turli shartlar va talablar oʻrnatilgan boʻlsa-da, bu umumiy soliq stavkasining oʻrtacha 10-15 foizga qisqarishini nazarda tutadi. Ushbu rejim, oʻz navbatida, intellektual mulk himoyasi darajasini ham oshiradi.

Davlat tomonidan ajratiladigan grantlar, subsidiyalar tadqiqotlar va ishlanmalar bilan shugʻullanadigan korxonalar raqobatbardoshligini oshirish bilan bir qatorda yangi mahsulot yoki xizmatlarni ilgari surish imkoniyatini beradi.

Amaliy ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy loyihalarga davlat tomonidan grantlar berish mexanizmi Oʻzbekistonda allaqachon shakllanib ulgurgan. Har yili yuzlab innovatsion, amaliy, tijoratlashtirish loyihalari moliyalashtirilib, ularning natijalari turli tarmoqlar hamda iqtisodiyotning real sektoriga joriy etib kelinmoqda.

Shu yilning mart oyida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan xoʻjalik boshqaruvi organlari, tarmoq tashkilotlari va hududlar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumining bahorgi bosqichi oʻtkazildi. Birgina shu tadbirda hududlar iqtisodiyotida mavjud muammolar yechimiga qaratilgan tayyor ilmiy ishlanmalarni joriy etish, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi tadqiqot ishlari tashkil qilish boʻyicha jami 29,6 mlrd. soʻmlik 74 ta loyihani moliyalashtirishga qaratilgan hududiy ish rejasi shakllantirildi. Tarmoq va isteʼmolchi tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy muassasalar orasida ishlanmalarni tijoratlashtirish, yangilariga buyurtmalar berish, sohaga innovatsiyalarni joriy qilish boʻyicha tarmoq ish rejalari imzolanib, ularda 41,4 mlrd. soʻmlik 20 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutildi.

Jahon tajribasi

Turli gʻoyalarni amalga oshirish uchun turfa bilimu koʻnikmalarga ega va ilmga tashna insonlarni birlashtiruvchi innovatsion hududlar shaharlarda, universitetlar kampuslarida, sanoat zonalarida joylashgan boʻlishi mumkin. Bundan qatʼi nazar, innovatsion hududlar rivojlanishi uchun startaplar va tadbirkorlarning faoliyatini yengillashtiruvchi infratuzilma mavjud boʻlishi shart. Infratuzilma deganda, nafaqat yuqori tezlikdagi internet, transport, zamonaviy uskunalar kabi moddiy taʼminot, balki moliyalashtirish, mentorlik, taʼlim imkoniyatlari kabi ijtimoiy va iqtisodiy jihatlar ham nazarda tutiladi. Bunda texnoparklar, biznes-inkubatorlar, texnopolislarni yaratish yaxshi natija beradi.

Dunyodagi eng rivojlangan, oʻz yutuqlari bilan mutaxassislar olqishiga sazovor boʻlgan innovatsion hududlarning sara roʻyxatiga Finlyandiyaning Tampere, Ispaniyadagi Valles, Niderlandiyaning Ensxede, Buyuk Britaniyadagi Sheffild va Kembrij, Yaponiyadagi Sukuba, Toyama, Oita va Kumamoto, AQShning Silikon vodiysi va 128-Baston marshruti, Xitoydagi Shenchjen va Nanxu, Belgiyadagi Leyven va Lej hamda boshqalarni kiritish mumkin. Bu innovatsion hududlar davlat va xususiy sektor vakillari hamkorligida, shuningdek, startaplar, tadbirkorlar va biznes-inkubatorlarni jalb qilgan holda tashkil etilgan. Bunda maxsus iqtisodiy zona, klasterlar, xablar, texnoparklar, kovorking kabi shahar tuzilmalari, hamkorlik va ijodkorlik muhitini yaratuvchi infratuzilma obyektlaridan foydalanilgan.

Odatda innovatsion hududlar katta shaharlar atrofidagi turgʻunlikka moyil hududlarni jonlantirish, aholi yashash sifatini oshirish maqsadida tashkil etiladi. Bunga Yaponiyaning “miyalar shahri” — Sukubani misol qilish mumkin. U poytaxtdan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, texnopolis tashkil etishga qaratilgan davlat dasturi Tokiodagi bir nechta ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarini u yerga koʻchirishni oʻz ichiga olgan edi. Natijada Sukubani Tokio va butun dunyo bilan bogʻlaydigan transport hamda kommunikatsiya infratuzilmasi tashkil etildi. Ayni paytda shaharda yashovchilar, asosan, ikkita yirik universitet va 50 ta tadqiqot institutida faoliyat yuritadi.

Umuman olganda, innovatsion hududlar XXI asrda ilm-fan nazariyasi va amaliyot uygʻunligini taʼminlovchi ulkan mexanizmdir. Bunday maskanlarni tashkil etish dabdurustdan roʻy bermaydi, balki u strategik rejalashtirishni va shu tariqa davlat, mahalliy hokimiyat hamda xususiy sektor tomonidan qoʻllab-quvvatlashni talab etadi. Bunday hududlar tashkil etilgan shahar yoki tuman iqtisodiy jihatdan oʻsadi, ijtimoiy taraqqiyotga va ekologik barqarorlikka erishadi. Shu sababli, innovatsion hududlar nafaqat ishlash va taʼlim olish, balki yashash va maroqli hordiq chiqarish uchun ham qulay joy sanaladi.

Mazkur hududlar ilm-fan va texnologiyalar yordamida murakkab global va lokal muammolarni hal etish hamda insoniyat hayotini har jihatdan yaxshilashga katta yordam beradi. Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekistonda innovatsion hududlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan koʻzlangan maqsad ham shu — xalqimizning farovon hayotini taʼminlash, mamlakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishdir.

Ibrohim Abdurahmonov,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net