DUNYO YOSHLARINI BIRLASHTIRGAN TOSHKENT XALQARO FORUMI

25.06.2019 10:46

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan kasaba uyushmalari yoshlarining “TEMP – 2019” Toshkent xalqaro forumi boshlandi.

Forumning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.Rafiqov “TEMP – 2019” forumi yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi, ayniqsa, yoshlarni kuchli ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, bu borada erishilgan tajriba, yutuqlarni dunyo hamjamiyatiga yetkazish va targʻib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini taʼkidladi.

Nufuzli tadbirda 20 ga yaqin davlatdan 120 nafarga yaqin yosh, shuningdek, 150 nafarga yaqin Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari faollari ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilar forum doirasida Samarqand shahridagi Yoshlar markazida mehnatkash yigit-qizlar, yaʼni tadbirkor va fermerlar bilan uchrashdi, tarixiy obidalarga sayohat qildi. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Charos” mehmonxonasida psixologik trening va qiziqarli oʻyinlar tashkil etildi. Ishtirokchilarning umumiy jihatlari, qiziqish va qarashlari kreativ yondashuv asosida koʻrsatib berildi. Xotirasi, fikrlashi va tezkorligi turli oʻyinlar orqali sinovdan oʻtkazildi.

Forum doirasidan joy olgan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi sanatoriyalar koʻrgazmasi, milliy liboslar festivali ham barchaga manzur boʻldi.

– Men Termiz shahrida tugʻilganman, – deydi Afgʻoniston Kasaba uyushmalari xalqaro maslahatchisi Sveta Azimi. – Uch yoshimda Afgʻonistonga koʻchib ketganmiz. Afgʻoniston Kasaba uyushmalarida olti yildan buyon ishlayman. Turli davlatlarda tashkil etilgan forum, konferensiyalarda qatnashdim. 20 ga yaqin davlat yoshlarini bir joyda jamlab, nufuzli forumni tashkil etishning oʻzi boʻlmaydi. Oʻtgan olti yil davomida men ishtirok etgan xalqaro forumlarning eng kattasi va eng mazmunlisi shu boʻlyapti desam, mubolagʻa emas. Mamlakatingizda kasaba uyushmalari tizimida yoshlar bilan ishlash boʻyicha yaratilgan oʻziga xos mexanizm, yoshlar masalasi bilan shugʻullanuvchi tuzilmalar faoliyati bilan yaqindan tanishyapmiz.

Mehmonlar Prezidentimiz tomonidan yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.

Toshkent xalqaro forumi ishtirokchilarda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularga yaratilayotgan sharoitlar, bu jarayonda yurtimiz kasaba uyushmalarining tutgan oʻrni, qolaversa, Vatanimizning koʻhna oʻtmishi va boy madaniyati haqida yorqin tasavvur uygʻotmoqda.

Sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Forumning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev ishtirok etdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net