Hindiston matbuoti O?zbekistonda 30 aprel kuni bo?lib o?tadigan Konstitutsiyaga o?zgartish va qo?shimchalar kiritish bo?yicha referendum haqida

18.03.2023 12:09

/«Dunyo» AA/. Hindistonning yetakchi bosma nashrlaridan biri  «Political Events» tahliliy jurnalida «O‘zbekistonda 30 aprel kuni Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish  bo‘yicha referendum o‘tkaziladi» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot mazmun mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritilgan. 

«O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 10 mart kuni mamlakatning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi bo‘yicha referendum o‘tkazish sanasini 30 aprel kuniga belgiladi, - deb ma’lum qilgan nashr. - Deputatlar «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qabul qilish uchun ovoz berdi. Mamlakatning yangi Konstitutsiyasi loyihasida jamoatchilik takliflari va ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy xalqaro standartlar inobatga olingan. Umumxalq muhokamasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga 222 ming 715 ta taklif kelib tushgan, ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olgan. Hujjatga ko‘ra, Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga, normalari 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda, Asosiy qonun matnining 65 foizi fuqarolarning takliflari asosida yangilangan». 

Muallif hujjatning asosiy xususiyatlarini sanab o‘tar ekan, davlat o‘z zimmasiga kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha qator yangi majburiyatlarni olayotgani, buning natijasida Asosiy qonunda davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshayotganiga e’tibor qaratgan.

Konstitutsiyada har bir fuqaroning uy-joyli bo‘lish huquqi, uy-joy qurilishi davlat tomonidan rag‘batlantirilishi mustahkamlangani, davlat ushbu maqsadlarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib berishi qayd etilgan.

«Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq belgilanmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas, agar ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi («Xabeas korpus» instituti) kerak hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi («Miranda qoidalari») shart. Bundan tashqari, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi mustahkamlangan», deyiladi maqolada.

Nashr Bosh qomusda fuqarolarning ta’lim olish huquqi mustahkamlanayotganini qayd etgan.  

«Oliy ta’lim muassasalariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi me’yorlar navqiron avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi», deya urg‘ulaydi muallif.

Qo‘shimchalar kiritilayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash bo‘yicha belgilanayotgan normalar tadbirkorlik subyektlari tomonidan tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlangan.

«Asosiy qonunda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborot izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda, - deb yozadi muallif. - Ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab bo‘ladi, bu esa so‘z va axborot erkinligini yuksaltirali. Konstitutsiyaga fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kafolatlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilgan».

Islohotga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilayotgani, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilayotgani, xususan, quyi palataning mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, yuqori palataning mutlaq vakolatlari esa 14 tadan 18 taga ko‘payayotgani e’tirof etilgan.

Qonunchilik palatasiga Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar berilayotgani ma’lum qilingan. 

Oliy Majlisning jamiyat hayotidagi o‘rni, roli va ta’sirini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilayotganiga alohida e’tibor qaratilgan.

«Xususan, Bosh prokuror va Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek, monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini Senat tomonidan saylash amaliyoti joriy etilmoqda. Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi o‘rnatilmoqda. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilmoqda», deb ta’kidlagan maqolada.

Materialda qayd etilishicha, sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi, u odil sudlovni to‘liq, mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy norma chinakam adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirishga va sudlarning xolisligiga xizmat qiladi. «Fuqarolarga sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqining berilishi ularning o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yangi mexanizmdir», deb yozadi  «Political Events».

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net