“Hech kimni ortda qoldirmaslik”

11.03.2023 18:13

Barqaror rivojlanish maqsadlari nima uchun ushbu tamoyilga asoslanadi?

BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish”ni oʻz zimmasiga olgan.

Bu borada, ayniqsa, keyingi yillarda olib borilayotgan tizimli ishlar oʻz samarasini bermoqda.

Mazkur masala Prezidentimizning doimiy eʼtiborida boʻlib kelyapti. Xususan, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomalarida Oʻzbekistonda mazkur milliy maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirish yoʻllari belgilab berilgan.

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida mintaqaviy va global miqyosda tinchlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlariga rioya etishni qoʻllab-quvvatlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

“Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani qabul qilish haqidagi taklifi esa mazkur xalqaro tashkilotning 2020-yil 14-dekabr kuni boʻlib oʻtgan sammitida bir ovozdan maʼqullandi. Bu mintaqa va dunyo hamjamiyati oldida turgan muammolar yechimi borasida Oʻzbekiston tashabbuslari xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanayotgani, ular asosida xalqaro tashkilotlarning normativ hujjatlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotganining yana bir tasdigʻi hisoblanadi.

Umuman olganda, Barqaror rivojlanish deganda nima tushuniladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Zohidjon ZIYAYEV bilan suhbatimiz shunday savol bilan boshlandi. — Barqaror rivojlanish — ayni paytda umrguzaronlik qilayotgan insonlar ehtiyojlarini qondirishda kelajak avlodga zarar yetkazmasdan taraqqiy etish degani. Yoki boshqacha aytganda, hozirgi faoliyat va zamonaviy jamiyat ehtiyojlarini qondirishda kelajak avlodlarga zarar yetkazmaydigan, balki ular oʻrtasida muvozanatni taʼminlaydigan taraqqiyotga erishishdir.

Barqaror rivojlanish (inglizcha — sustainable development), shuningdek, uygʻun rivojlanish, muvozanatli rivojlanish iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlar jarayoni boʻlib, unda tabiiy resurslar, investitsiya, ilmiy va texnologik taraqqiyot yoʻnalishlari, shaxsiy rivojlanish va institutsional oʻzgarishlar bir-biri bilan muvofiqlashtiriladi hamda inson ehtiyojlari, intilishlarini qondirish uchun hozirgi va kelajakdagi salohiyatni mustahkamlaydi. Qolaversa, barqaror rivojlanish deganda, koʻp jihatdan odamlar hayoti sifatini taʼminlash tushuniladi.

BMT barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy gʻoyasi — hech kimni ortda qoldirmaslik. Aynan shu bois, kambagʻallikni yoʻqotish masalalarida, birinchi navbatda, inson kapitaliga eʼtibor qaratish zarur. Bugungi kunda insonni muhtojlik holatidan olib chiqishning oʻzi yetarli boʻlmay qoldi. Ijtimoiy himoya shunchaki qoʻllab-quvvatlash emas, imkoniyatlarni kengaytirishga yoʻnaltirilishi lozim.

Bunday yondashuv olgʻa harakatlanishga yordam beradi.

— Dunyo hamjamiyati tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha qaror qabul qilinishida Ming yillik rivojlanish dasturi qanday oʻrin tutadi?

— Eng avvalo, Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosida Ming yillik rivojlanish maqsadlari boʻyicha erishilgan yutuqlar yotadi va qashshoqlikning barcha koʻrinishlariga barham berish boʻyicha saʼy-harakatlarni davom ettirishni nazarda tutadi.

Ming yillik rivojlanish maqsadlari dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridagi ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash orqali taraqqiyotni jadallashtirishga qaratilgan, BMTga aʼzo 193 davlat tomonidan 2000-yilda 23 ta xalqaro tashkilot ishtirokida 2015-yilga kelib erishilishi kelishib olingan sakkizta xalqaro rivojlanish dasturini oʻz ichiga oladi. Bular qashshoqlik va ocharchilikka barham berish, umumiy boshlangʻich taʼlimni taʼminlash, gender tengligini targʻib qilish va ayollar imkoniyatlarini kengaytirish, bolalar oʻlimini kamaytirish, onalar salomatligini yaxshilash, OIV/ OITS, bezgak va boshqa kasallik larga qarshi kurash, ekologik barqarorlikni taʼminlash, rivojlanish uchun global hamkorlikni shakllantirishdan iborat.

Ushbu maqsadlar 2000-yilda boʻlib oʻtgan Ming yillik sammitida rasman belgilab qoʻyildi, unda ishtirok etgan barcha davlatlar rahbarlari BMTning Ming yillik deklaratsiyasini qabul qildi va ijrosini taʼminlashga kirishdi.

BMT Bosh kotibi tomonidan mazkur tashkilotning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning 2015-yilda boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi majlisida dunyoning barcha mintaqalari va mamlakatlarida sakkizta maqsadni amalga oshirish yakuniy natijalari jamlangan hisoboti taqdim etildi. Unda qayd etilishicha, global miqyosda oʻta qashshoqlikda yashovchi odamlar soni ikki baravarga qisqarib, agar 1990-yilda 1,9 milliard kishi shunday sharoitda yashagan boʻlsa, 2015-yilga kelib ular 836 million nafarni tashkil etgan.

Ming yillik rivojlanish maqsadlari dasturini qabul qilgan mamlakatlar uning muvaffaqiyatini, shu bilan birga, uning uzviy davomi boʻlgan yangi kun tartibini qabul qilish zarurligini inobatga olgan holda, tuzilgan ishchi guruhning koʻp yillik tahlillari asosida yuzaga kelgan “Dunyomizni oʻzgartirish: 2030-yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibi” nomli yakuniy hujjat boʻyicha kelishuvga erishdi. Mazkur yangi kun tartibi 2015-yil sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 70-sessiyasida qabul qilindi.

Bu rezolyutsiya prinsipial jihatdan yangi global majburiyat hisoblanadi. Unda Barqaror rivojlanishning 17 maqsadi va unga erishishning 169 vazifasi keng miqyosli masalalar, yaʼni odamlar sogʻligʻi va farovonligidan to iqlim oʻzgarishlarigacha, gender tengligidan tortib isteʼmol va ishlab chiqarish modellari oʻzgarishlarigacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olgan.

— Global miqyosda 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlari tasdiqlangan, Oʻzbekistonda esa ularning 16 tasi qabul qilingan. Buning sababi nimada?

— Yuqorida qayd etilgan rezolyutsiyaga muvofiq, 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi belgilangan maqsadlarga erishish uchun dunyodagi har bir davlat geografik joylashuvi, imkoniyatlari va taraqqiyot darajasini hisobga olgan holda, oʻzining milliy maqsadlari va ularga erishish strategiyasini belgilab olgan.

Oʻzbekistonda ham “2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi”ni amalga oshirishning aniq mexanizmini shakllantirish va ularga

erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tuzilib, har bir global maqsad va vazifalarni milliy ustuvorliklardan kelib chiqqan holda, moslashtirish boʻyicha oʻrganish ishlari olib borildi.

Oʻrganishlar natijasida jami 17 ta global Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 16 tasi boʻyicha Oʻzbekistonda tegishli ishlar amalga oshirish imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Bunda mamlakatimiz hududi okean va dengiz bilan tutashmaganligi inobatga olinib, “Barqaror rivojlanish uchun okeanlar, dengizlar va dengiz resurslarini saqlash va barqaror foydalanish” deb nomlanuvchi 14-maqsad va uning tarkibiga kiruvchi 10 ta vazifaning yurtimizda erishilishi imkoniyati mavjud emas, deb topildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi uchun dolzarb hisoblangan 16 maqsad va 125 vazifa tasdiqlandi.

Hukumatning 2022-yil 21-fevraldagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilangan 16 ta maqsadga erishish uchun vazifalar 126 taga kengaytirildi va 190 ta milliy BRM indikatori tasdiqlandi.

— Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish natijalarini monitoring qilish va ular haqida jamoatchilikni xabardor etish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuzatish hamda ushbu sohada boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun aniq va oʻz vaqtida tayyorlangan, xarakteristikalari boʻyicha taqsimlangan, dolzarb va foydalanish uchun qulay boʻlgan statistik maʼlumotlar zarur boʻladi.

Bu borada statistika hamjamiyati zimmasiga 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi koʻrsatkichlarni shakllantirish vazifasi yuklatilgan. Dunyoning boshqa davlatlari kabi Oʻzbekistonda ham Barqaror rivojlanish maqsadlariga milliy miqyosda erishish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Shuningdek, bu borada tarmoqlararo muvofiqlashtirish va integratsiyalashgan yondashuvni  taʼminlashni koʻzda tutgan holda, “Iqtisodiy farovonlik”, “Ijtimoiy himoya”, “Sogʻliqni saqlash”, “Taʼlim”, “Atrof-muhit”, “Samarali boshqaruv” kabi ekspert guruhlari tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika  agentligi rahbarligida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining koʻrsatkichlari boʻyicha idoralararo ishchi guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, uning zimmasiga bu boradagi global indikatorlar asosida MBRM koʻrsatkichlari tizimini doimiy yangilab borish va uning metodologiyasini shakllantirish, ularni doimiy toʻplash va MBRM veb-portalida (www.nsdg.stat.uz) eʼlon qilib borish kabi vazifalar yuklatilgan.

Oʻtgan davr mobaynida Statistika agentligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston uchun muhim hisoblangan 190 ta milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlari roʻyxatini ishlab chiqdi.

BMT Statistika boʻlimining veb-sahifasida Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha ilgʻor tajribalarga ega davlatlarning ushbu sohada amalga oshirayotgan ishlari yoritib boriladi. Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil yakuniga koʻra, 87 ta ilgʻor tajribaga ega davlatlar qatoridan joy oldi va mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuzatib borish hamda jamoatchilikni xabardor qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumot eʼlon qilindi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha erishilgan natijalarni kuzatib borish va ushbu sohada mamlakatda mavjud vaziyat toʻgʻrisida dolzarb maʼlumotlarni foydalanuvchilarga taqdim etish maqsadida BMT Taraqqiyot dasturining texnik koʻmagi bilan 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari koʻrsatkichlari boʻyicha veb-sayt (https://nsdg.stat.uz/) faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Ushbu veb-sayt Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha yutuqlarini tahlil qilish va kuzatishda milliy hamda xalqaro foydalanuvchilar uchun yagona va ishonchli maʼlumotlar manbasi hisoblanadi. Yana bir afzalligi, unga kiruvchilar dasturiy vositalardan foydalanmasdan turli darajadagi tafsilotlar bilan yangi koʻrsatkichlarni, shuningdek, uslubiy maʼlumotlarni yuklash imkonini beradigan qulay interfeysga ega. Platformani yuklab olish va boshqarish uchun maʼlumotlar oqimini muvofiqlashtirish Statistika agentligi tomonidan amalga oshiriladi. U zamonaviy vizualizatsiya usullarini amalga oshiradi, bu foydalanuvchiga tahliliy jadvallarni yaratish va grafik tasvirlarning eng mos turlarini tanlash imkonini beradi. Unda hisoblash metodologiyasi va boshqa maʼlumotlar mavjud boʻlgan har bir indikator inobatga olingan.

Veb-sayt oʻzbek, rus va ingliz tillarida yuritiladi. Bu platforma MDH mamlakatlari orasida ilgʻor amaliyotning ajoyib namunasi va BMT tizimi bilan muvaffaqiyatli hamkorlikning amaliy natijasidir.

Agentligimiz tomonidan 2018, 2019, 2020 va 2021-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston Respublikasida Milliy BRMlarga erishish boʻyicha statistik koʻrsatkichlar toʻplamlari” uch tilda (rus, oʻzbek va ingliz) tayyorlangan va nashr etilgan. Oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarni chop etish ishlari tez orada yakuniga yetadi.

Bundan tashqari, Statistika agentligi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi milliy taraqqiyotni oʻlchash va mamlakat oʻz milliy maʼlumotlari hamda koʻrsatkichlaridan foydalanishi uchun taraqqiyot toʻgʻrisida siyosiy jihatdan hisobot berish uchun moʻljallangan yangi ESKATO-BRM vositasi

“SDG Tracker”ni joriy etdi va foydalanuvchilarga qulay boshqaruv paneli yaratildi. Ayni paytda mavjud maʼlumotlarni BRM “SDG Tracker” boshqaruv paneliga kiritish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda Statistika agentligi tomonidan yuritiladigan milliy BRM veb-saytida uchta tilda (rus, oʻzbek va ingliz) 128 ta milliy BRM koʻrsatkichlari, 60 ta koʻrsatkich esa “Tracker” BRM boshqaruv panelida joylashgan.

— Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni kuzatib borishda xalqaro miqyosda qanday tadbirlar amalga oshiriladi?

— BMT Bosh Assambleyasining 70/1son rezolyutsiyasining 79-bandida aynan ushbu sohada milliy darajada amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisida tavsiyalar keltirilgan. Unda mamlakatlarning oʻzlari bu hisobotlarni boshqarib borishi, milliy sharoit, strategiya va ustuvorliklarga muvofiq, mahalliy xalqlar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va boshqa manfaatdor tomonlar fikrlarini hisobga olishi, bu jarayonlarni boshqa institutlar qatori milliy parlamentlar ham qoʻllab-quvvatlashi mumkinligiga urgʻu berilgan.

Ushbu milliy hisobotlar BMTning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini

muvofiqlashtiruvchi kengashi homiyligida yigʻiladigan oliy darajadagi siyosiy forumi tomonidan muntazam koʻrib chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi. 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibining 84-bandida koʻrsatilganidek, oliy darajadagi siyosiy forumning muntazam hisobotlari ixtiyoriy boʻlib, davlatlar tomonidan boshqariladi.

Ixtiyoriy milliy hisobot 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibini amalga oshirishni jadallashtirish, shu jumladan, muvaffaqiyatlar, qiyinchiliklar va olingan saboqlar boʻyicha tajriba almashishda qoʻl keladi. Xususan, 2023-yil iyul oyida boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi siyosiy forumda 2 ta maʼruzachi (davlat) birinchi marta, 39 tasi ikkinchi marta va 1 tasi uchinchi marta ixtiyoriy milliy hisobotini taqdim etadi.

Oʻzbekiston ilk bor Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi Ixtiyoriy milliy hisobotini 2020-yil taqdim etgan. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “2030-yilgacha boʻlgan davr da barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida 2026-yilgacha davrni qamrab olgan ikkinchi ixtiyoriy milliy hisobotga tayyorgarlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.

Hozirda uning dastlabki loyihasi tayyorlanib, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar tomonidan hisobotni takomillashtirish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Bertelsmann xalqaro jamgʻarmasi mamlakatlarni asosiy indekslari boʻyicha rivojlanish tendensiyalarini oʻrganib chiqadi va unga asosan, har yilda bir  marotaba reyting natijalarini  eʼlon qiladi.

Mazkur reytinglar dunyoning yetakchi ilmiy tashkilotlarining 300 ga yaqin ekspertlar tadqiqotlari asosida tuziladi.

Bertelsmann xalqaro jamgʻarmasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga koʻmaklashish dasturi doirasidagi mustaqil tashkiloti sanalib, jamgʻarmaning mustaqil ekspertlari indeksni hisoblab chiqish jarayonida 17 ta maqsad boʻyicha 100 ga yaqin xalqaro mezon va indikatorlarni oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar manbalarini tahlillari xulosalari asosida yillik reyting eʼlon qilinadi. Mazkur jamgʻarma tomonidan 2022-yilda eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi hisobotida Oʻzbekiston 163 ta mamlakat orasida 69,9 ball bilan 77-oʻrinni egalladi.

Umuman olganda, faoliyatimizning barcha jihatlari shundan dalolat beradiki, mamlakatimizda barqaror rivojlanish sohasida ishlar izchil olib borilgani holda, “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyili asosida rivojlanishda davom etadi.

“Yangi zbekiston” muxbiri suhbatlashdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net