GERMANIYADA “O?ZBEKISTON KUNI” DOIRASIDA O?ZBEK RASSOMLARI KO?RGAZMASI OCHILDI

15.01.2019 12:21

O‘zbekiston va Germaniya munosabatlarining rivojlanishi bugungi kunga kelib yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunda nafaqat xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarning jadal suratlar bilan o‘sayotgani, balki davlatlarimiz siyosiy hamkorligining barqarorligi va o‘zaro ishonchga asoslangani ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan shu haqda Germaniyaning Dyusseldorf shahrida nemis siyosiy-iqtisodiy va jamoatchilik doiralari vakillari hamda jurnalistlari ishtirokida tashkil etilgan “O‘zbekiston kuni” chog‘ida aytib o‘tildi.

 Xususan, yurtimiz zamonaviy rivojlanishi haqida axborot beruvchi, madaniy me’rosimiz va milliy oshxonamizni namoyish etuvchi qismlardan iborat tadbirning tantanali ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasining Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsuli Erkin Hamrayev yig‘ilganlarni o‘zbek xalqining boy tarixi, zamonaviy rivojlanishi va qadimiy madaniyati bilan yaqindan tanishtirdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, ularning ahamiyati va maqsadlari haqida batafsil ma’lumot berib, ishtirokchilarga mamlakatimizda biznes yuritish uchun mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, turli imtiyoz va yengilliklar haqida ham so‘zlab berdi.

 Shu o‘rinda, turizmni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mamlakatimiz hukumati tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida gapirar ekan, bosh konsul joriy yilning 15-yanvaridan nemis fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etilganligini ham ta’kidladi.

 O‘z navbatida, mazkur kechada so‘zga chiqqan Germaniya Bundestagi deputati Mariye-Agnes Shtrak-Simmerman bu kabi tadbirlar nafaqat o‘zbek va nemis xalqlarini o‘zaro yaqinlashtirishga, balki davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning yanada faollashuviga ham olib kelishini ta’kidladi.

 Shuningdek, tadbirda DCKD madaniy tashkiloti rahbari Jian Guo va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri jamoatchiligi faoli Yurgen Byussovlar so‘z olib, o‘zlarining o‘zbek hamkorlari bilan amalga oshirayotgan loyihalari doirasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

 Tadbirning madaniy qismida 20 nafarga yaqin o‘zbekistonlik va germaniyalik mo‘yqalam va tasviriy san’at ustalari asarlaridan iborat ko‘rgazma ochilib, barchaning e’tiboriga yurtimizda rivojlanib kelayotgan zamonaviy ijodkorlik na’munalari ham namoyish etildi. Mazkur ko‘rgazma joriy yilning 28-yanvar kuniga qadar davom etadi.

 “O‘zbekiston kuni” davomida, shuningdek, Germaniyada yashab ijod qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida konsert tashkil etildi. Unda tarixiy shaharlarimiz haqida hikoya qiluvchi videolavhalar namoyish etildi. Tadbir so‘nggida yig‘ilganlarga shox taom – palov tortildi.

 Yig‘ilganlarning ayrimlari mazkur tadbir yakuni bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

 Dyusseldorf shahridagi “701 ye.V.” madaniy jamiyati rahbari Mixael Laystikov:

 - San’atning sehrli kuchi, ya’ni uning insonlarni yaqinlashtirishi hammaga yaxshi ma’lum - dedi u. - Aynan ushbu kuch san’atning asosiy vazifasini belgilab beradi.

 Mazkur tadbirlar o‘zbek va nemis xalqlarining do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlashi hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni yanada kuchaytirishiga ishonaman.

 Aminmanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniyaga yaqinda bo‘ladigan rasmiy tashrifi nemis-o‘zbek aloqalarini nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va madaniy sohalarda ham rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 “Delacroi” sarmoyaviy loyihalar agentligi rahbari Lana Ottvayler:

 - “Bizning kompaniya Yevropadan SNG davlatlariga sarmoyalarni jalb etish bilan shug‘ullanadi. Bugungi tadbir davomida O‘zbekiston, uning iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot oldim. Bu esa, albatta, menga kelajakda yurtingiz bo‘yicha yangi rejalar tuzishimda qo‘l keladi.

 Aytishim kerakki, xozirgi kunda juda ko‘p nemis tadbirkorlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-siyosiy o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda. O‘ylaymanki, Yevropaning yirik iqtisodiy shaharlari sirasiga kiruvchi Dyusseldorfda tashkil etilgan bugungi tadbir ikki tomonlar uchun xam foydali va qiziqarlidir. Chunki har qanday iqtisodiy aloqalar imkoniyatlar bilan tanishishdan boshlanadi.

   

Germaniya,

Frankfurt Mayn

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net