GERMANIYA MOLIYAVIY POYTAXTIDA NAVRO?Z KENG NISHONLANDI

25.03.2019 17:26

Shu kunlarda xalqimizning milliy an’analari, urf-odatlari, tarixi va bugungi kuninini o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami tantanalari nafaqat yurtimizda, shuningdek, xorijda ham keng nishonlanmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi joriy yilning 21 mart kuni Markaziy Osiyo davlatlari konsullik vakolatxonalari hamda Frankfurt-Mayn meriyasi bilan birga “Markaziy Osiyoda Navro‘z” shiori ostida shahar Xalq deputatlari kengashida 400 dan ortiq nemis siyosiy, iqtisodiy, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tantanali bayram tadbiri uyushtirdi.

 Tadbirning rasmiy ochilishida so‘zga chiqqan Frankfurt-Mayn shahri xokimining Integratsiya va ta’lim masalalari bo‘yicha muovini Silvia Veber yig‘ilganlarni “Navro‘zi olam” bilan tabriklab, 2019 yil mart oyida Frankfurt-Mayn shahri tarixida ilk marotaba har yili an’anaviy o‘tkazib kelinadigan madaniyatlararo totuvlik tadbirlari doirasida “Markaziy Osiyoda Navro‘z kuni” e’lon qilinganligini hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iston va Turkmaniston diplomatik vakolatxonalari ishtirokida bayram shodiyonasi tashkil etilganligini ta’kidladi.

 Bu kabi tadbirlar nemis va Markaziy Osiy xalqlari o‘rtasida o‘zaro bag‘rikenglik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

 O‘z navbatida, tabrik so‘zi bilan chiqqan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iston va Turkmaniston konsullik muassasalalari rahbarlari barchani Navro‘z bilan tabriklab, yurtlarimizning umumiy yagona shodiyonasi haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berishdi.

 Shuningdek, bayram tadbirlari Yevropada yashab ta’lim olayotgan hamda turli yetakchi firma va kompaniyalarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan birgalikda keng shukuh va ko‘tarinki ruhda Germaniyaning Xofxaym-Taunus shahrida davom ettirildi

200 dan ortiq yurtdoshlarimiz qatnashgan bayram tadbiri O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi va mazkur shahardagi “Olmon-O‘zbek madaniy jamiyati” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etildi.

 Tadbir ochilishida so‘z olgan O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsuli Erkin Xamrayev yig‘ilganlarni Navro‘z bilan tabriklab, ularni yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan tanishtirdi. O‘zbek vatandoshlarni yurtimizdagi silohotlar jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.

 Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakili O‘tkur Saidov Germaniyadagi o‘zbekistonlik yoshlarni yurtimizda turizmni iqtisodiyotning alohida yo‘nalishi sifatida rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va ularning dastlabki natijalari bilan tanishtirib, qiziqishi va imkoniyati bor hamyurtlarimizni turizmni sohasidagi davlat va xususiy loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

 Tadbirlar davomida turli madaniy va musiqiy chiqishlar, an’analarimizni namoyish qiluvchi sahna ko‘rinishlari hamda milliy o‘yinlarimiz tashkil etildi.

 O‘z navbatida O‘zbekistondan tashrif buyurgan “Tasanno” va “Stereo” musiqiy guruhlari chet ellik mehmonlar va xorijda yurt sog‘inchi bilan yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun haqiqiy o‘zbekona muhit yaratib, jozibador kuy-qo‘shiqlar bilan tadbirlarni qizitdi.

 Tadbirlarda, shuningdek, maxsus ijodiy ko‘rgazmalar tashkil etilib, o‘zbek xalq xunarmandchiligi na’munalari namoyish etildi hamda O‘zbekiston turistik salohiyatiga oid broshyura va kitoblar tarqatildi.

 Tadbirlar davomida bir qator ishtirokchilar “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.

 Shahar xokimining Integratsiya va ta’lim masalalari bo‘yicha muovini Silvia Veber:

 - Frankfurt-Mayn shahrida Navro‘zga bag‘ishlangan tadbirlarning tashkil etilishidan bag‘oyat xursandman.

 Navro‘z bayrami dunyoning ko‘pgina davlatlarida keng nishonlanadi, mazkur bayram turli millatlar madaniyatida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari va xalqlari uchun Navro‘z o‘ziga xos bayramdir.

 Buni biz bugungi tadbir tashkilotchilari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘izston va Turkmaniston konsuliik muassasalari tomonidan tashkil etilgan va bir necha yuzlab mexmonlar ishtirok etayotgan shodiyonaning yuqori saviyasi va madaniy go‘zalligida ko‘rishimiz mumkin. Bugungi tadbirda barcha mehmonlar o‘ziga xos ma’naviy ozuqa olmoqdalar, ularning xursandchiliklarini ko‘zlaridan ko‘rish mumkin.

 Mening bevosita vazifalarim sirasiga Frankfurt shahrida yashayotgan 180 dan ortiq millat va elatlar orasida totuvlik va o‘zaro hamjihatlikni saqlash va mustahkamlash kiradi. Albatta, xozirda shahrimizda erishilayotgan yutuqlarimizdan faxrlanaman va, aytishim kerak, bugungi kabi tadbirlar hamshaharlarimiz orasida o‘zaro tushunishga ko‘maklashadi.

 Men shu fursatdan foydalanib barcha o‘zbekistonliklarni Navro‘z bayrami bilan tabriklayman! Barcha O‘zbekiston xalqiga “Yangi yil” muborak bo‘lsin deb, sog‘liq va baxt tilayman. Umid qilamanki, keyingi yil ham albatta bugungi kabi tadbirni birga nishonlaymiz.

 Frankfurt-Mayn shahri maxalliy kengashi deputati Albina Natsarenus-Fetter:

 - Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari bilan birgalikda Frankfurt-Maynda tadbir tashkil etib, bunda turli darajadagi mehmonlarni qabul qilish biz uchun katta sharafdir.

 Bizning shaharda turli millat vakillari qatorida Markaziy Osiyodan kelgan fuqarolar ham tinch-totuv yashashmoqdalar. Aynan sababli ham bugun shahrimizda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘izston va Turmaniston vakillari ishtirokida bahor bayrami – Navro‘zni birgalikda nishonlamoqdamiz.

 Bugun frankfurtliklar ajoyib musiqa va o‘zbekcha raqslarga guvoh bo‘lishmoqda, avvallari hech qachon totib ko‘rmagan somsa yoki palovlarni totib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Albatta, buning uchun Markaziy Osiyo davlatlari konsullik vakolatxonalariga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

 Umid qilamanki, kelgusida bizning hamkorligimiz yanada kengayadi, rivojlanadi va xalqlarimiz farovonligi uchun xizmat qiladi. Bayramingiz muborat bo‘lsin!

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net