YEXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati bilan tanishdi

21.07.2022 19:31

TOSHKENT, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YEXHT/DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi aʼzolari kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi Akmal Saidov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament quyi palatasi maʼlumotiga ko‘ra, muloqot avvalida mehmonlarga Akmal Saidov Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.

Jumladan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yana-da samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zarurati haqida to‘xtalib o‘tildi. Darhaqiqat, o‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bunda Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik qilish huquqi, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini yana-da takomillashtirish dolzarbligi haqida fikr yuritildi.

Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2022 yil 20 maydagi qo‘shma yig‘ilishida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 47 nafardan iborat tarkibda Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgani maʼlum qilindi.

Taʼkidlanganidek, aholining Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini moneliksiz yuborishi uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Xususan, aholining konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidagi faolligini yana-da oshirish maqsadida mobil aloqa kompaniyalari orqali mamlakatimiz fuqarolariga Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan o‘z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha platformalariga yuborish mumkinligi to‘g‘risida 30 milliondan ortiq abonentga 3 marta eslatma tariqasidagi SMS-xabarnomalar yuborildi. Natijada Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi qizg‘in o‘tmoqda. Bugungi kunga qadar 88 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi.

Mazkur jarayonda mamlakat taqdiriga befarq bo‘lmagan turli aholi qatlamlari ishtirok etib, ularning barchasiga minnatdorlik bildirilmoqda. Bunda ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etib, takliflarning 70 foizga yaqini aynan ulardan kelib tushayotgani diqqatga sazovordir.

O‘z navbatida, delegatsiya rahbari V.Misev va delegatsiya aʼzosi K.Dashutsinalar berilgan batafsil va tahliliy axborot uchun minnatdorlik bildirib, siyosiy jarayonlar haqidagi savollariga batafsil javob olishdi.

Suhbat samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Delegatsiya aʼzolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarga aholi o‘z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga zamonaviy vositalar — “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali yuborish imkoniyati yaratilgani haqida maʼlumotlar berildi.

Bundan tashqari, bosma matbuot nashrlari, televideniye va radio orqali ham takliflar qabul qilinayotgani, joylarda mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda xalq deputatlari Kengashlari aholining takliflarini og‘zaki yoki yozma shaklda qabul qilinayotgani xususida ham so‘zlab berildi. Bu kabi aniq maqsadga yo‘naltirilgan o‘ziga xos institutsional mexanizmlarning yaratilgani ishlarni tizimli ravishda olib borish imkonini bermoqda.

Shundan so‘ng, delegatsiya aʼzolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati xodimlari bilan ham uchrashdi. Muloqotlar chog‘ida aholiga konstitutsiyaviy islohotlarga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish maqsadida OAV, jumladan, televideniye, radio, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatilgani haqida maʼlumotlar berildi.

Delegatsiya aʼzolari yaratilgan qulayliklarni eʼtirof etdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net