YANGI OʻZBEKISTONDA YANGI QASHQADARYO BOʻY KOʻRSATADI

06.03.2023 17:58

Yangi Oʻzbekistonni barpo qilish yoʻlida barcha sohalarda katta-katta marralarni koʻzlab, izchil islohotlar kechmoqda. Bu shunchaki oddiy gap yoki mubolagʻa emas. Qilinayotgan ishlarning samarasi har bir manzilda namoyon boʻlmoqda. Ayniqsa, hokimiyat vakillari tobora xalqqa yaqin boʻlib, ularning dardiga quloq tutib, oʻrganishlar olib borishi natijasida hududlar obodlikka, farovonlikka yuz tutmoqda.

Ichki yoʻllar, suv, gaz, elektr energiyasi taʼminoti yaxshilanmoqda. Taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlari mutlaqo yangicha yoʻnalishda faoliyat koʻrsatmoqda. Albatta, bu harakatlarning zamirida inson qadrini ulugʻlashdek ezgu gʻoya yotibdi. Jumladan, Prezidentimizning asosiy talabi ham xalqning yaxshi yashashi uchun sharoitlar yaratish, turmush tarzini yanada yaxshilash, asosiysi, odamlarni rozi qilish.

Bugun bemalol ayta olishimiz mumkinki, Qashqadaryoda ham bu borada keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2022-yilning 25-oktyabrida Prezidentimiz raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan viloyatimizda muhim oʻzgarishlarni amalga oshirish vazifasi qoʻyilgan edi. Shundan soʻng joriy yil 3-fevralda “2023-2025-yillarda Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivoj­lantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Qarorda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida bugun vohada izchil harakatlar boshlab yuborilgan.

Viloyatimizning oʻziga xos tarixiy oʻzgarishlar sari odimlashiga asos boʻluvchi qaror hududimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat yaratish bilan birga koʻp sonli aholining bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.   

Qarorga asosan, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, boʻsh turgan davlat aktivlari, mavjud tabiiy resurslar zaxiralari, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer toifasidagi maydonlar va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda investitsiya jalb qilish hisobiga qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, shu orqali aholi daromadlari oshirilishi koʻzda tutilgan.

Mazkur hujjatda belgilangan vazifalarning bosqichma-bosqich ijrosi taʼminlanmoqda. Joriy yilda ham qator ishlar bajarildi. Yaʼni ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlash, mahallalarni ishsizlikdan xoli hu­dud­ga aylantirishga jadal kirishildi. Foydalanilmayotgan davlat aktivlari hamda mavjud tabiiy resurslar zaxiralaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari rivojlantiriladi. Mahallalar ixtisoslashuvini hisobga olgan holda, sanoat, hunarmand­lik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida mik­romarkazlar tashkil etish yanada jadallashtiriladi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari va suv resurslaridan oqilona foydalanish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish koʻpaytiriladi. Shu qatorda viloyat hududidan oʻtuvchi xalqaro avtomobil yoʻli atrofida yoʻlboʻyi infratuzilmasini hamda turizm, taʼlim va tibbiy xizmatlar koʻrsatishni rivoj­lantirish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish belgilangan.

Shuningdek, 2023-yil uchun asosiy maqsadli koʻrsatkichlar ham qayd etilgan boʻlib, joriy yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini 59 trillion 32 milliard soʻmga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 24 trillion 12 milliard soʻmga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni 31 trillion 456 milliard soʻmga, xizmat koʻrsatish hajmini 19 trillion 900 milliard soʻmga, daromadli mehnat bilan band boʻladigan aholi sonini 440 ming nafarga, hududiy eksport hajmini esa 325,9 million AQSH dollariga yetkazish belgilab berilgan. Ayni payt­da bu borada jiddiy chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Gʻuzorda gulchilik

tashkil etiladi

Qaror ilovalariga koʻra, 2023-2025-yillarda Qashqadaryo viloya­tini kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi belgilangan. 26 banddan iborat boʻlgan bu rejada Qashqadaryo taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim chora-tadbirlar jamlangan boʻlib, ularni amalga oshirish mexanizmlari, ijro muddati, sarf etiladigan mablagʻlar va moliyalashtirish manbalari, ijro uchun ­masʼullar koʻrsatib oʻtilgan.

Albatta, mazkur qaror ijrosi natijasida kelgusida viloyatimiz taraqqiyotning yangi davriga qadam qoʻyadi. Jumladan, shu yilning aprel oyida Koʻkdala tumanidagi 20 gektar yerda tashabbuskorlar mablagʻlari hisobidan klaster usulida mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etiladi. Shu bois, hozirdanoq ushbu yer maydonini lotlarga taqsimlagan holda, auksion savdolarga chiqarish, kasb-hunarga oʻqitish muassasalarida mebelsozlik boʻyicha oʻquv kurslari ochish, shuningdek, xomashyo sifatida foydalaniladigan daraxtlar plantatsiyalarini yaratish, mebel bozori va zarur omborxonalar ochish ishlari boshlab yuborildi.

Shu bilan birga, joriy yilning oʻzida gʻallachilik klasterlari mablagʻlari hisobidan bugʻdoyni qayta ishlashga qaratilgan 25 ta istiqbolli investitsiya loyihasi roʻyobga chiqariladi. Yana bir yangi yoʻnalish sifatida Fyzop tumanida 1 gektargacha boʻlgan maydonda Namangan viloyati tajribasi asosida gulchilik klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyi­ladi. Hozir Qarshi shahrida barpo etilayotgan “Ona va bola” markazi zamonaviy asbob-uskuna va anjomlar bilan jihozlanadi.

Asosiy yoʻnalishlardan yana biri — viloyatimizda ichimlik suv bilan taʼminlashga ham katta eʼtibor qaratilgan. Masalan, Yakkabogʻ-Qarshi ichimlik suv tarmogʻi qurilishiga Fransiya Moliya vazirligi gʻaznachiligidan 120 million AQSH dollari jalb qilinadi. Bu esa ichimlik suv taʼminotidagi qator muammolar bartaraf etilishiga olib keladi.  Maktabgacha taʼlim tizimida ham yangiliklar yuz berishi kutilyapti. Qamrov darajasi past boʻlgan hududlarda 380 oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ochish uchun 52 milliard soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi. Umumtaʼlim maktablarida ham yangi bosqichga qadam tashlanadi. Viloyatning har bir tuman va shaharlaridan bittadan maktab tanlab olinib, ularda 2023-2024 oʻquv yilidan boshlab Finlyandiya taʼlim metodikalari joriy etiladi.

Shuningdek, tibbiyot sohasida kadr­lar yetishmovchiligiga barham berilishiga ham harakat qilinmoqda. Yangi oʻquv yilidan boshlab Qarshi shahrida Qarshi xalqaro tibbiyot universiteti ish boshlaydi.

Qarorda 2023-2025-yillarda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash tadbirlari ham belgilangan. Unga koʻra, Muborak tumanidagi “Ntcs extrusion group” qoʻshma korxonasining oltingugurtdan mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltirilgan qariyb 600 milliard soʻmlik ekvivalentidagi loyihasi uchun 0,5 kilometr avtomobil yoʻli quriladi va 1 kilometr suv quvuri tortiladi. Qamashi tumanida esa xorijiy inves­torlar ishtirokidagi “Matonat” MCHJning qurilish quruq aralashmalarini ishlab chiqarish loyihasi (qiymati 245 milliard soʻm ekvivalentida) uchun 4 kilometr gaz quvuri va gaz taqsimlash punkti, 13 kilometr elektr energiyasi tarmogʻi va bitta nimstansiya, 2,1 kilometr suv quvuri yotqiziladi.

Qoʻshimcha yana shu kabi 8 ta yirik loyi­hani tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlashga 216 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ, yaʼni tabiiy gaz tarmoqlari va qurilmalariga 40,7 milliard soʻm, elektr energiyasi tarmoqlari va qurilmalariga 160,9 milliard soʻm, yoʻl obyektlariga 5,2 milliard soʻm, suv taʼminoti tizimlariga 9,3 milliard soʻm sarflanadi. Bu esa umumiy qiymati 2,7 trillion soʻmga teng yirik ishlab chiqarish quvvatlarining barqaror faoliyat yuritishi uchun zamin yaratadi.

21 ta mikromarkaz ochiladi

Viloyatning kompleks rivojlanishi koʻp jihatdan joylarda turli sohalarda yangi ish oʻrinlari yaratilishi va kichik sanoat zonalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi bilan ham bogʻliq. Shu bois, qarorda 2023-yilda sanoat, hunarmand­lik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida mikromarkazlar tashkil etiladigan mahallalar roʻyxati, 2023-2024-yillarda tashkil etiladigan kichik sanoat zonalari va ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash tadbirlarining manzilli das­turlari ham koʻrsatilgan.

Shu yilning sentyabr-dekabr oylarida viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi 21 ta mahallada yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlarda mikromarkazlar tashkil etilib, ularga jami 59 ta mahalla biriktiriladi. Jumladan, Gʻuzor tumanidagi Obod mahallasida boʻsh turgan 0,03 gektar yerda shu yilning oktyabr oyi­gacha mikromarkaz quriladi va unga Obod, Chanoq va Tinch­lik mahallalari biriktiriladi. Shu tumandagi Paxtazor mahallasida esa Paxtazor, Amir Temur va Buyuk karvon mahallalari ahli uchun 0,04 gektar maydonda mik­romarkaz quriladi. Bu esa ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan mazkur manzillarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishini jadallashtirib, shu asosda doimiy ish oʻrinlari tashkil etish va aholi daromadini oshirish imkonini beradi.

Mikromarkazlar mahallalar yoki ularning tutash hududlarida boʻsh turgan davlat mulki obyektlari negizida yoki qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh yer maydonlarida tashkil qilinadi. Buning uchun davlat mulki obyektlari va yer uchastkalari muayyan shartlar asosida tadbirkorlarga 5 yil muddatga ijaraga beriladi. Bu shartlardan biri mikromarkazda sanoat, hunarmand­lik, kasanachilik boʻyi­cha kamida 10 ta, chorvachilik boʻyi­cha esa kamida 3 ta ish oʻrnini yaratish va taʼminlashdan iborat boʻladi.

Hujjatda belgilanganidek, 2023-2024-yillarda Dehqonobod tumanidagi Beshbuloq, Qamashi tumanidagi Mangʻit, Koʻkdala tumanidagi Oltin dala, Shahrisabz tumanidagi Shamaton, Nishon tumanidagi Nurchi, Qarshi tumanidagi Yangibogʻ va Koʻchkak, Gʻuzor tumanidagi Qorakoʻl mahallalarida ham yangi kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Umumiy maydoni 33,6 gektarga teng bu maxsus hududlarning yeri jami 208 lotga boʻlinib, belgilangan tartibda sotuvga chiqariladi. Mazkur kichik sanoat zonalari uchun 37,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga ichimlik va oqova suv (17,4 kilometr, 8 ta obyekt), tabiiy gaz (12,7 kilometr) va elektr energiyasi (29,8 kilometr va 8 ta obyekt) tarmoqlari barpo etilib, 9,3 kilometr avtomobil yoʻli quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Davlat aktivlarini savdoga chiqarish eng muhim masalalardan boʻlib, qarorga asosan, bu borada bir qator yengilliklar yaratilgan. Yaʼni viloyat­da joylashgan davlat aktivlarini sotishning alohida tartibi ham joriy etilib, eksperiment tariqasida auksion savdolarda 3 oydan ortiq muddatda sotilmasdan turgan 72 davlat aktivi belgilangan qiymatning 50 foiziga qadar bosqichma-bosqich kamaytirilgan holda savdoga chiqariladi. Bu esa tadbirkorlar uchun katta imkoniyatdir. Sotiladigan obyektlar orasida Gʻuzor tumanidagi 4-avtosaroy maʼmuriy binosi (umumiy maydoni — 2,45 gektar, binolar maydoni — 2 ming 278 kvadrat metr), Qarshi shahridagi Qarshi harbiy komendaturasi binosi (2,38 gektar, 4 ming 588 kvadrat metr), Nishon tumani Nuriston qoʻrgʻonidagi AYOQSH (1,24 gektar, 248 kvadrat metr) mavjud. Shu bilan birga, eksperiment tariqasida narxi 50 foizgacha arzonlashtirilgan, biroq bir yildan ortiq muddat mobaynida savdoda turgan 40 ta davlat aktivining auksion savdolarda sotilgan narxidan qatʼi nazar, ularning xarid toʻlovlarini 3 yil muddatda teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlashga ham ruxsat berilgani tizimda yangilik boʻlmoqda. Shuningdek, 2025-yil 1-yanvarga qadar olti oy davomida auksion savdolarda sotilmagan davlat aktivlari baholangan narxining 50 foizi miqdorida pasaytirilgan narxda savdoga qoʻyiladi.

Hukumat va viloyat hokimligi hamda bir qator vazirliklar taklifiga binoan, vohamiz tumanlarida kichik sanoat zonalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmualari va bosh­qa sanoat obyektlarini barpo etish maqsadida jami 206 gektar, shundan qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan sugʻoriladigan 32,1 gektar yer qish­loq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilmoqda. Misol uchun, Yakkabogʻ tumani Paxtakor mahallasidagi 3,6 gektar sugʻoriladigan, boniteti 56 ballga teng yer toifasi kelajakda bu joyda savdo kompleksi, motel, restoran, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, avtomobillarni yuvish, avariya (evakuator) chaqiruv xizmati, avtoturargoh va boshqa obyektlar qurilishi munosabati bilan oʻzgarayotgan boʻlsa, tumanning Sovuqbuloq mahallasidagi 1,3 gektar yerda (boniteti baholanmagan) ochiq osmon ostidagi muzey, Sohibqiron Amir Temur davridagi qishloqning etnik koʻrinishi vujudga keladi.

“Bir hudud —

bir mahsulot”

Qarorga binoan, viloyatda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida foydalanishdan chiqib ketgan jami 5 ming 439 gektar yer maydoni 2023-yilda qayta foydalanishga kiritiladi. Buning uchun shu yerlarda suv tejovchi texnologiya joriy qilinib, lazerli tekislash tadbirlari koʻrilishi belgilandi. Qayta foydalanishga kiritiladigan yerning katta qismi (1 ming 620 gektari) Muborak tumani hissasiga toʻgʻri keladi.

Shu bilan birga, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi hamda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasidan viloyatning tegishli tumanlari hokimliklari zaxirasiga 20 ming gektar yer maydoni oʻtkaziladi. Bu yerlar hamda foydalanishdan chiqqan 10 ming gektar yer maydonlarida 2023-2025-yillarda anor va boshqa ekinlar joylashtiriladi. Birgina Koson tumanida jami foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari 6 ming 922 gektarni tashkil etadi, ularning asosiy qismiga (4 ming 626 gektari)ga anor, qolganiga esa bodom (500 gektar), kartoshka (680 gektar), uzum (1000 gektar) va boshqa ekinlar (116 gektar) joylashtiriladi.

Joriy yilda fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan 10 ming 530 gektar ekin maydoni aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladi. Bu maydonlarda qishloq xoʻjaligi ekinlari “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda ekiladi. Qishloq xoʻjaligi kooperativiga aʼzo boʻlgan yer egalariga sugʻorish vositalarini xarid qilish, urugʻlik­lar va koʻchatlar sotib olish uchun subsidiyalar beriladi.

Davlatimiz rahbari talabiga koʻra, joriy yil davomida viloyatimizga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 1,1 trillion soʻm ajratiladi.

Qarorning qabul qilinishi, shubhasiz, vohamizda bunyodkorlik koʻlami yanada kengayib borishi uchun ham mustahkam zamin hozirladi. Zero, yuqorida keltirilgan koʻplab manbalardan tashqari, mazkur hujjatga muvofiq, joriy yil 1-iyunga qadar Qarshi shahri, Qamashi va Shahrisabz tumanlarida yuqori salohiyatga ega hududlarning master rejalari ishlab chiqilishi yakunlanishi va ular asosida boʻsh yer maydonlari auksion savdolarga chiqarilishi zarur.

Yaqin kunlarda esa hukumatga Kitob va Qarshi tumanlarida “Yangi Oʻzbekis­ton” massivlarini bunyod etish boʻyicha takliflar kiritilishi, 1-sentyabrgacha Koʻkdala va Gʻuzor tumanlaridagi 10 ta koʻp qavatli turar joy binosini qurish ishlari nihoyasiga yetkazilishi lozim.

Bundan tashqari, qarorda yana bir qator vazifalar belgilangan boʻlib, bu asosda viloyatimizni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash uchun yuksak marralarni oldimizga vazifa qilib qoʻyganmiz. Demak, yaqin yillar ichida butunlay oʻzgacha qiyofadagi yangi Qashqadaryo boʻy koʻrsatadi. Farovonlik nafaqat shahar va tuman markazlariga, balki har bir manzilda, hatto chekka-chekka hududlarda ham namoyon boʻladi. Odamlarning yashash tarzida, oilasida, mahallasida oʻzgarishlar roʻy beradi. Asosiysi, aholining roziligi ortadi, qadri yanada yuksaladi. Oldimizga qoʻygan ezgu gʻoyamiz ham, asosan, shundan iborat. Bu yoʻlda esa davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi va koʻrsatmalari biz uchun dasturil­amal boʻlib xizmat qiladi.

Murotjon Azimov,

Qashqadaryo viloyati hokimi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net