Yangi Oʻzbekiston: islohotlar dunyo eʼtirofida

13.07.2023 18:13

Joriy yil 3–7-iyul kunlari “Yangi Oʻzbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va maʼrifat” mavzusida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi oʻtkazildi.

Haftalik doirasida fuqarolik jamiyati institutlari, tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat tomonidan 300 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ta xalqaro anjuman va 50 dan ziyod konferensiya, seminar, davra suhbati va amaliy muloqotlar tashkil etildi.

Xalqaro tadbirlarda 60 ta davlat va 5 ta xalqaro tashkilotdan jami 400 dan ziyod taniqli siyosat va jamoat arboblari, yirik biznes vakillari va ekspertlari, jumladan, 203 nafar xorijiy tashkilot, kompaniya va assotsiatsiya boshliqlari, 70 dan ziyod nufuzli universitetlar, tadqiqot markazlari rektorlari, prezidentlari, direktorlari va boshqalar ishtirok etdi. Shuningdek, 10 mingdan ziyod milliy siyosatchi, olimlar, biznes hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashdi.

Birgina yangi “Ivet xoll” markazida oʻtgan xalqaro anjumanlarda 17 ta umumiy yigʻilish va qator uchrashuvlar tashkil etilib, 160 dan ortiq, jumladan, 107 nafar xorijiy ekspert maʼruzalar bilan ishtirok etdi. Xususan, tadbirlarda “VEON” kompaniyasi davlat organlari bilan hamkorlik boʻyicha maslahatchisi, Serbiya sobiq Prezidenti Boris Tadich, Latviya Respublikasining sobiq Prezidenti Raymonds Veyonis, Gruziya sobiq Prezidenti Georgiy Margvelashvili, Qirgʻiz Respublikasi sobiq Bosh vaziri Djuumart Otarbayev, Moldova Respublikasi sobiq Bosh vaziri Kiril Gaburichi, BMTning Xalqaro elektraloqa ittifoqi sobiq bosh kotibi (2007–2014) Hamadun Ture, Ruminiya raqobat organi prezidenti Bogdan Kirisu, Tashqi siyosat boʻyicha AQSH Milliy qoʻmitasi prezidenti va Bosh direktori Syuzen Elliott, “NCAFP “ACWA Power” kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Abid Malik, “ACIR” kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Migel De La Kruz, “Smart Workers Ltd” kompaniyasi bosh direktori Djani Xavunun, “Japan Regio Sahou Association” kompaniyasi prezidenti (Yaponiya) Norio Amemiya, “Work Global Canada Inc” kompaniyasi prezidenti (Kanada) Pol Shelliy va boshqalar qatnashdi. Shuning oʻzi ham ushbu tadbirlar qanchalik nufuzli ekanini koʻrsatib turibdi.

Tadbirlarda mamlakatimizdagi soʻnggi 6,5 yilda yuzaga kelgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy makon, Oʻzbekistondagi demokratik islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, davlat tashqi va ichki siyosatining ustuvor vazifalari atroflicha muhokama qilindi.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi oʻrni va mavqei ortib borayotgani, yangi Oʻzbekiston – inson qadri, huquq va manfaatlari himoyalanadigan ijtimoiy davlat, ochiq fuqarolik jamiyatiga aylanib borayotgani eʼtirof etildi. Yangi Oʻzbekistonning dunyoga, dunyoning esa Oʻzbekistonga ochilganiga alohida urgʻu berildi.

Xorijlik maʼruzachilar tomonidan Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning yangi “kuchli yoʻlbars”iga, mintaqamiz barqaror rivojining drayveriga aylanayotgani yuksak baholandi.

Yangi Oʻzbekistonning global va mintaqaviy tashabbuslari nafaqat Markaziy Osiyo, balki boshqa turli mintaqalarning barqaror rivoji va xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilayotgani koʻrsatib oʻtildi. Ushbu tashabbuslar asosida birgina BMT Bosh Assambleyasining 10 dan ziyod rezolyutsiyasi qabul qilingani eʼtirof etildi. Zero, BMT tomonidan dunyoda juda kamdan kam davlatlar rahbarlarining 6 yil ichida 10 tashabbusi boʻyicha rezolyutsiyalar qabul qilingan.

Quyida xorijiy ishtirokchilari tomonidan bildirilgan ayrim xulosalarni keltiramiz.

Birinchi. Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning bosh bogʻlovchi boʻgʻinini, oʻzagini yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun”, “Avval inson – keyin jamiyat va davlat”, “Hech kim ortda qolmaslik” gʻoyalari tashkil etadi. Oʻzbekiston tarixda ilk marotaba BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlishi – mamlakatda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirofidir.

Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” gʻoyasi, har qanday shaxsning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlarini joyiga qoʻyish, ulugʻlash hamda mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, malakali tibbiy xizmat, sifatli taʼlim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya va sogʻlom ekologik muhit taʼminlanishini, munosib turmush sharoitini yaratishni nazarda tutishi alohida eʼtirof etildi va yuksak baholandi.

Ekspertlar taʼkidlashicha, qatorasiga beshinchi yildirki Qonun ustuvorligi indeksida davlatlar reytingi jahon miqyosida pasayib borayotganiga qaramay, Oʻzbekiston 2022-yilda koʻrsatkichi oshayotgan davlatlar qatoriga kirdi va pogʻonaga koʻtarilib, 140 davlat orasida 78-oʻrinni egalladi.

Bugunda inson qadri ulugʻlanadigan Yangi Oʻzbekiston gʻoyasini hayotga tatbiq etish – umummilliy harakatga aylangan. Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, turli sohalarning ekspertlari bilan uchrashuvlar fuqarolar islohotlarni nafaqat toʻla qoʻllab-quvvatlayotgani, balki yangi Oʻzbekistonning oʻz kuchi va iqtidoriga tayanib barpo etayotgan faol va jipslashgan ijtimoiy kuch ekanini namoyish etmoqda.

Ikkinchi. Yangi Oʻzbekistonni dunyoning taraqqiy topgan, ijtimoiy-iqtisodiy barqaror oʻsayotgan va inson kapitali yuqori boʻlgan demokratik davlatlari qatoriga kirishini taʼminlash – amaldagi islohotlarning mazmun va mohiyatini tashkil etadi.

Ekspertlarning yakdil fikriga koʻra, Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat tamoyilining konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanishi, inson qadrini yanada ulugʻlash, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini taʼminlashga qaratilganini alohida eʼtirof etish zarur. Zero, bu ikki tushuncha oʻzaro chambarchas bogʻliqdir.

Bunday davlatda barqaror rivojlanishning muhim maqsadlari boʻlmish – ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallik va ishsizlikni qisqartirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligiga koʻmaklashish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va maʼnaviy-madaniy sohalarning muntazam taraqqiy etishini taʼminlash, samarali ijtimoiy sugʻurta taʼminotini yoʻlga qoʻyish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanish va ijtimoiy tengsizlikka yoʻl qoʻymaslik, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalarga ustuvor ahamiyat beriladi.

Xorijlik ishtirokchilar eʼtirof etishicha, agar 2018-yilda mamlakatning ijtimoiy siyosatni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan xarajatlari 35 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 105,5 trillion soʻmga yetdi (3 barobarga oshgan). 2023-yilda taʼlim sohasi xarajatlariga 58,4 trillion soʻm, sogʻliqni saqlash sohasiga 28,4 trillion soʻm, madaniyat sohasiga 2,5 trillion soʻm, sport sohasiga 2,3 trillion soʻm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,8 trillion soʻm yoʻnaltirish belgilandi.

Bu soʻnggi besh yil ichida ijtimoiy siyosatni izchil mustahkamlash imkonini berdi va yangi Oʻzbekiston “ijtimoiy davlatlar” orasida munosib oʻrinni egallashiga xizmat qilmoqda.

Uchinchi. Yangi Oʻzbekiston — tashqi dunyoga ochiq va investitsiya kiritish uchun jozibador mamlakat.

Xorijiy ekspertlar milliy iqtisodiyotimizni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrib kelinayotganiga yuqori baho berdi.

Ularning fikriga koʻra, jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan qiyinchiliklarga qaramasdan Oʻzbekistonda 2017–2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni erkinlashtirishga qaratilgan islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulotning (YAIM) oʻrtacha yillik oʻsishi 5,1 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIM hajmi 2020–2021-yillarda avjiga chiqqan “COVID-19” pandemiyasi sharoitida ham tadrijiy ravishda 2018-yildagi 1597 dollardan 2022-yilda 2255 dollargacha oshganki, bu kamdan kam mamlakatlarda kuzatiladigan koʻrsatkich hisobladani.

Natijada amalga oshirilgan ishlar xalqaro miqyosda eʼtirof etilib, 2022-yilga kelib Oʻzbekiston Ochiq maʼlumotlar reytingida 191 mamlakat orasida 40-oʻringa va Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida 1-oʻringa koʻtarildi.

Toʻrtinchi. Yangi Oʻzbekiston – insonning ekologik huquqlari taʼminlanadigan, mamlakat tabiiy resurslari asrab-avaylanib, oqilona foydalanib, barqaror taraqqiyotga hizmat qiladigan davlat.

Dunyoda aniqlangan mavjud tabiiy yoqilgʻi-energiya resurslari (tabiiy gaz, neft) 60–150 yil ishlatishga yetadi. Shu sababli, koʻp davlatlarda energiya xavfsizligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish siyosati qoʻllanilmoqdaEnergetika butun dunyoda dolzarb masalaga aylanib borayotgani bois, salohiyatli davlatlar uning muqobil yoʻllarini izlamoqda. Bugun jahon energetikasida “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga yetgan, ayrim Yevropa davlatlarida 80–90 foizdan oshgan.

Tadbirda ishtirok etgan energetika sohasi mutaxassislari va olimlarning maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda yalpi ichki mahsulotning energiya sigʻimini yanada qisqartirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va “yashil energetika” siyosatini amalga oshirish, yaʼni qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, jumladan, quyosh, shamol va suv energiyasidan foydalanishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Soʻnggi 4,5 yilda Oʻzbekistonda issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha xorijiy investorlar bilan umumiy qiymati 16 milliard 62 million dollarga teng 34 ta bitim imzolandi.

Beshinchi. Yangi Oʻzbekistonning tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ularga turli imkoniyat hamda imtiyozlar berish, samarali faoliyati uchun zarur kafolatlar bilan taʼminlash borasidagi ishlari ham mutlaqo yangicha.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yoʻnalishida Oʻzbekistonda soʻnggi olti yilda amalga oshirilgan islohotlar barchani quvontirishi tabiiy. Misol uchun, 2017–2022-yillarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda huquqlarini himoya qilish sohasida jami 3087 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Shuning oʻzi tizimdagi ishlar koʻlamini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Darvoqe, ekspertlar taʼkidlashicha, soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekiston Global iqtisodiy erkinlik indeksida 33 pogʻonaga koʻtarilib, sarmoya va moliyaviy erkinlik bilan bogʻliq vaziyatni sezilarli darajada yaxshiladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishidagi saʼy-harakatlar ham inson qadrini ulugʻlash, mamlakatda ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilib kelmoqda.

Oltinchi. Yangi Oʻzbekiston – raqamli jamiyat qurish, barcha sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiyalardan unumli foydalanishga intilayotgan mamlakat. Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ekspertlar taʼkidlashicha, ajablanarlisi shundaki, Oʻzbekistonda har yili IT-xizmatlari eksporti hajmi oʻrtacha 2 barobar ortib bormoqda. Elektron hukumat sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qator xalqaro tashkilotlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Xususan, oʻtgan yili Oʻzbekiston BMTning “Elektron hukumat” reytingida 18 pogʻonaga koʻtarilib, “tez rivojlanayotgan davlatlar” qatoriga kirdi, Jahon bankining “Davlat texnologiyalari yetukligi” reytingida esa mamlakat 37 pogʻonaga koʻtarilib, dunyoda 43-oʻrinni egalladi.

Yettinchi. Yangi Oʻzbekiston – inson kapitalini yuksaltirish, “innovatsion rivojlanish”, “bilimlar iqtisodiyoti”ga oʻtish orqali Uchinchi Renessans asoslari mustahkamlanayotgan davlat.

Xorijiy ekspertlar Oʻzbekiston Inson taraqqiyoti indeksi–2022 boʻyicha 0,727 indeks qiymati bilan 2020-yil hisobotiga nisbatan oʻz reytingini besh pogʻonaga yaxshilaganiga eʼtibor qaratdi. Zero, soʻnggi yillarda mamlakatda taʼlim sohasini tubdan isloh etish, uni eng rivojlangan mamlakatlar taʼlim tizimi darajasiga koʻtarishga qaratilgan qator strategiyalar va konsepsiyalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Natijada, birgina maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 2017-yilga nisbatan 2,5 barobarga oshirilib, 27,7 foizdan 71,8 foizga yetkazildi. Hozirda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida milliondan ortiq bola tarbiyalanmoqda. Bunga sohaga xususiy tadbirkorlikning kirib kelishi, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilgani, davlat-xususiy sheriklik institutidan keng foydalanish chora-tadbirlari asos boʻlmoqda.

Xorijlik ekspertlar mamlakat taraqqiyoti maktabdan boshlanishiga alohida urgʻu berdi va bu gʻoya yangi Oʻzbekiston barqaror rivojining harakatlantiruvchi kuchi ekani va bunda maktab sohasini isloh etish borasidagi chora-tadbirlar ahamiyati yuksakligiga eʼtibor qaratdi. Jumladan, bugungi kunda 10,1 mingdan ziyod umumtaʼlim maktabi, 14 ta Prezident maktabi, 166 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 219 ta Barkamol avlod bolalar maktabi faoliyat yuritayotgani va ularda 6,4 million oʻquvchi taʼlim olayotgani, 527 ming oʻqituvchi taʼlim berayotgani yangi Oʻzbekiston yutuqlari sifatida koʻrsatib oʻtildi.

Oliy taʼlim tizimida asosiy eʼtibor mamlakatimiz yoshlari taʼlim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga qaratildi. Natijada, oʻtgan 6 yil mobaynida oliygohlar soni 77 tadan 210 taga yetkazildi, ularga qabul 3,5 barobarga ortdi. Sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va xususiy sektorni jalb qilish orqali 65 nodavlat oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Xorijiy oliy taʼlim muassasalari soni 30 taga, davlat oliy taʼlim muassasalari 115 taga yetkazildi.

Mutaxassilar Oʻzbekistonda yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasi foizdan 39 foizga oshirilgani – mamlakatda inson kapitalini yuksaltirish orqali “bilimlar iqtisodi” va “innovatsion rivojlanish” yoʻlidan sobitqadamlik bilan ilgarilashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Soʻnggi olti yil ichida sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida 2022-yilda Oʻzbekiston Global innovatsiyalar indeksida toʻrt pogʻonaga koʻtarilib, umumiy reytingda 82-oʻrinni, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari orasida Hindiston va Erondan keyin 3-oʻrinni egallagan.

Sakkizinchi. Bugun ochiqlik va oshkoralik, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilangan va hayotga tatbiq etilmoqda.

Xususan, xorijiy ishtirokchilar:

– xalqaro haftalikni oʻtkazish aynan fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tashabbus qilingani;

– “CNN” xalqaro media kompaniyasi haftalikning media hamkori sifatida ishtirok etgani, tadbirlarning “Euronews”, “Rossiya-24” va boshqa 70 dan ortiq nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalarida 400 dan ziyod jurnalist va blogerlar tomonidan keng yoritilgani, tahliliy materiallar 20 dan ortiq tillarda tarqatilgani;

– tadbirlar Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi, sobiq madaniyat va xalqaro taraqqiyot vaziri Lord Uorton, “Business New Europe” xalqaro nashriyotining bosh muharriri Ben Aris, halqaro jurnalist Stiven Koul, teleboshlovchi va jurnalist Ali Aslan kabi taniqli xorijiy moderatorlar tomonidan olib borilganiga alohida eʼtibor qaratdi.

Bu esa, davlatning tegishli ochiqlik va oshkoralik siyosatining inʼikosi, “mevasi” sifatida eʼtirof etildi.

Tadbirlar ishtirokchilarining umumiy fikriga koʻra, ushbu koʻrsatkichlarning barchasi bugungi kunda yangi Oʻzbekistonda mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy makon yuzaga kelganidan dalolat beradi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizdagi muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega jarayonlarni eng yuksak xalqaro talablar asosida oʻtkazishga asos boʻldi va shunday boʻlib qoladi.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekistonni barpo etish shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asosga ega, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyat taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishiga mos, milliy manfaatiga toʻla javob beradigan obyektiv zarurat ekanligi yana bir bor eʼtirof etildi.

Tadbir ishtirokchilarning umumiy fikriga koʻra, yurtimizda ulugʻ niyatlar bilan poydevori qoʻyilayotgan yangi Uygʻonish davrining yorqin sahifalarga boy buyuk tarixi yaratilmoqda va bu olamshumul, samarali voqea-hodisalarga toʻla davr kelgusi avlodlarga munosib meros qoldirishi shak-shubhasiz.

Abdulaziz Abdullayev, siyosatshunos,

xalqaro munosabatlar boʻyicha ekspert

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net