Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri

05.07.2023 14:55

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan Oʻzbekistonning tashqi siyosatida va xalqaro munosabatlarida vatandoshlar bilan aloqlarga ustuvor vazifa sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot oʻrnatish, hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimini yaratish hamda 2017–2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 25-oktyabrdagi Qaroriga asosan tasdiqlangan Vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi bu sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi.

Ayni paytda koʻplab xorij mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz iqtisodiyotimiz, ijtimoiy soha, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yoʻnalishlarni rivojlantirishga, oʻzlarining tarixiy Vatani - Oʻzbekistonning obroʻsini oshirish hamda uning tashqi dunyo bilan munosabatlarini mustahkamlashda munosib hissalarini qoʻshib kelmoqda.

Faol, jonkuyar, fidoyi vatandoshlarimiz davlatimiz tomonidan alohida eʼtirof etib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Xitoyda istiqomat qilayotgan 20 nafarga yaqin hamyurtlarimiz Vatanimizning yuksak davlat mukofotlari — “Doʻstlik” ordeni, “Shuhrat” va “Kelajak bunyodkori” medallari bilan taqdirlandilar.

Jumladan, Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 11-dekabrdagi Farmoniga bilan milliy qadriyatlar hamda anʼanalarni avaylash, AQSHdagi vatandoshlarimizni jipslashtirish, Oʻzbekiston va Amerika xalqlari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi fidokorona xizmatlari uchun Turkiston-Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xoʻja Oʻzbekiston davlat mukofoti — “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Xorijdagi hamyurtlarimiz qalbida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini mustahkamlash, u yerda tugʻilib oʻsayotgan farzandlar orasida urf-odatlarimiz va ona tilimizni keng yoyishda vatandoshlarimiz tomonidan tuzilgan tashkilotlar juda muhim oʻrin tutadi.

Shunday markazlar aslida Oʻzbekistondagi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy yoʻ­nalishlarda kechayotgan oʻzgarishlar va yangiliklar bilan bogʻliq xabarlarni yetkazishda koʻproq vatandoshlarimizni qamrab olishga, ular bilan Vatanimiz manfaatlari yoʻlida hamkorlik oʻrnatishga imkoniyat yaratadi.

Ularga xalqimiz madaniyatini keng yoyish, oʻzbek tilini targʻib qilish, vatandoshlarimiz farzandlarida Vatan tuygʻusini shakllantirish, oʻzligini unutmaslik maqsadida milliy madaniy jamiyatlar qoshida kechki va yakshanbalik maktablar ochilmoqda. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqari Qoʻmitasi tashabbusi bilan oʻtgan davr mobaynida hamyurtlarimizning istiqomat qilayotgan davlatlarda oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga oʻzbek tilidagi 30 mingga yaqin badiiy kitob, darslik va jurnallar taqdim qilindi.

Ushbu muassasalar hamda xorijda yashayotgan vatandoshlarimizni oʻquv darsliklari va oʻzbek tilidagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari, konsullik muassasalari va oʻzbek milliy madaniy markazlarini hamda taʼlim qardosh tillarda olib borilayotgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarini badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash va kitobxonlikni targʻib qilish uchun qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, 2022-yilning oʻzida birgina Qozogʻistonda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga 15 mingdan ortiq oʻzbek tilidagi badiiy adabiyotlar 100 yaqin milliy cholgʻu asboblari yetkazib berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2021-yil 11-avgustdagi “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori asosida tashkil etilgan jamoatchilik tashkiloti chyet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va sayyohlik salohiyatini oshirish jarayonlariga faol jalb qilishning aniq mexanizmlarini yaratadi.

Vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining samarali amalga oshirilishi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga, mamlakatning milliy manfaatlarini mintaqada va jahonda ilgari surishga, vatandoshlar bilan muloqot va hamkorlik oʻrnatish orqali xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi

Xulosa qilib aytganda, chet eldagi vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekistonning xalqchil siyosatini dunyoga tanitib, xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlanishi taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net