Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida O?zbekistonning ko?p tomonlama diplomatiyasi

04.09.2022 11:43

O‘zbekistonning xalqaro maydonda nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) va boshqa tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama diplomatiyasi hamda xalqaro xavfsizlik va mintaqaviy rivojlanishning dolzarb muammolarini hal etish yuzasidan ilgari surayotgan tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tiborga molik.

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari natijasida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etilgan bo‘lsa, 2018 yilda BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi va “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi hamda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi faoliyati joriy qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish bo‘yicha bildirgan taklifi asosida 2021 yilning 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi xalqaro darajada ilgari surilayotgan tashabbuslarning amaliy natijasi bo‘ldi.

Shuningdek, mamlakat tarixida birinchi marta O‘zbekiston 2020 yilda MDH raisligini qabul qildi. Ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish va samaradorligini oshirish raislikning asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, qisqa muddatda O‘zbekistonning mazkur xalqaro tashkilotga raisligining konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi ishlab chiqildi.

Ahamiyatlisi, mamlakatimizning MDH va unga a’zo davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarining jadallashuvi natijasida savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror o‘sib kelmoqda. Jumladan, 2020 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi 11,4  milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda mazkur ko‘rsatkich 15,9 milliard dolllarga yetib, mamlakat tashqi savdo aylanmasining 37,7 foizi MDH davlatlariga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonda kuzatilayotgan jiddiy modernizatsiya va islohotlar jarayoni mamlakat tashqi siyosatida, shu jumladan, uning SHHT doirasidagi faoliyatida ham yangi davrni boshlab berdi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil sentyabr oyida Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan SHHT davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi.

 Sammitda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan umumiy xavf-xatar va tahdidlarga o‘z vaqtida va birgalikda javob qaytarish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, SHHT makonida do‘stlikni mustahkamlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish zarurligi ta’kidlanib, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan xavotir bildirildi hamda mazkur mamlakatdagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida “SHHT – Afg‘oniston” formatida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish taklifi bildirildi. Sammitdan so‘ng tashkilot Nizomiga muvofiq, 2021−2022 yillarda SHHTga raislik qilish O‘zbekistonga rasman o‘tdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, SHHT O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasi tizimida alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimiz mazkur tashkilotning oltita ta’sischi davlatlaridan biri sifatida uning asosiy tamoyillari va ta’sis hujjatlarini ishlab chiqish, institutsional asoslarini yaratish va rivojlantirishda faol ishtirok etdi. Shuningdek, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari tizimida SHHT ochiq, pragmatik va keng ko‘lamli manfaatli hamkorlik yo‘lini amalga oshirish nuqtai nazaridan ko‘p tomonlama platforma sifatida har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega. 

Tashkilotga raislik davrida turli idoralararo yig‘ilishlar va uchrashuvlar qatori,  yuzga yaqin yirik tadbirlar, xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan SHHT Xalq diplomatiyasi forumi, Sayyohlik forumi, An’anaviy tabobat, yoshlar o‘rtasida startap loyihalari tanlovi, SHHT ayollar forumi kabi yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston raisligining eng asosiy voqeasi, SHHT davlat rahbarlarining navbatdagi sammiti Samarqandda joriy yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi belgilangan. Unda tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan mustahkam huquqiy va konseptual hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekistonning Turkiy kengashga to‘laqonli a’zo bo‘lishi muhim voqea bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 12 noyabr kuni Turkiy kengashning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sakkizinchi sammitida ishtiroki hamda Turkiy Kengash nomini “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb o‘zgartirish va mazkur tashkilotning birinchi sammitini 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risida qarorlar qabul qilinishi alohida ahamiyatga ega.

So‘nngi yillarda O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalari ham sezilarli faollashdi. Davlat rahbarining mazkur tashkilot sammitlarida muntazam ishtiroki va erishilayotgan ko‘p tomonlama kelishuvlar bunga misol bo‘la oladi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil Ashxobodda bo‘lib o‘tgan IHT sammitida ishtirok etishi hamda uning doirasida Tojikiston, Eron va Pokiston prezidentlari bilan muzokaralar o‘tkazgani alohida ahamiyatga ega. Qolaversa, sammit yakunida O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga 2022 yildagi raislikni qabul qildi.

 

Shuningdek,O‘zbekiston tomonidan 2017-2021 yillar davomida xalqaro moliya institutlari va savdo tashkilotlari – Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Jahon savdo tashkiloti va boshqalar bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shu o‘rinda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning tiklanganligi muhim voqea bo‘lib, buning natijasida mamlakatda qator ijtimoiy loyihalarni ham moliyalashtirish imkoniyati ta’minlandi.

Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilari kengashi yillik anjumanining 2021 yilda Toshkent shahrida tashkil etilganligi muhim ahamiyatga ega. Mazkur xalqaro anjumanga tashrif buyurgan ITB rahbari O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashib, muzokaralarda ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish istiqbollari, xususan, 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini qabul qilish hamda Toshkentda Bankning to‘laqonli vakolatxonasini ishga tushirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash va ularning xalqaro infratuzilmalar bilan integratsiyalashuviga qaratilgan tadbirlar doirasida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi uchun 2017-2021 yillar davomida salmoqli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, o‘tgan davr ichida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi ham faollashdi. Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchiga aylandi. 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha 2017–2021 yillar davomida “Harakatlar strategiyasi” doirasida mamlakatimizda izchil amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatib, xususan, tashqi siyosat yo‘nalishida erishilgan natijalar “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”ga mustahkam poydevor bo‘ldi. Qolaversa, amalga oshirilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi ijobiy o‘zgarishlar mustaqil O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga xizmat qilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining “ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish”ga oid bir qator strategik maqsadlar va vazifalari O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama diplomatiyasini yanada faollashtirishga qaratilgan. Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida O‘zbekistonning BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirish; JST a’zo bo‘lish va YeOII bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish; MDH mamlakatlari bilan an’anaviy strategik hamkorlikni jadallashtirish, shuningdek, joriy yil Davlat dasturida “Markaziy Osiyo davlatlari va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotlar platformasida ishtirok etish, O‘zbekistonda “YeI–Markaziy Osiyo” forumini o‘tkazish va unga muntazamlik tusini berish, Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha vazirlar darajasidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish kabi dolzarb vazifalar belgilangan.

E’tiborlisi, joriy yilda O‘zbekistonning uchta nufuzli xalqaro tashkilot – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlarida raislik qilishi, shuningdek, mamlakatimizda mazkur tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokida sammitlarning rejalashtirilganligi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati va ko‘p tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochmoqda.

Mustaqil O‘zbekistonning BMT, MDH, SHHT, JST, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti hamda boshqa mintaqaviy va xalqaro siyosiy, savdo-iqtisodiy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtiroki va ko‘p tomonlama diplomatiyasi nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyoning boshqa mintaqalari, xususan, Yevropa, Amerika, Kavkaz, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Arab davlatlari, Hind va Tinch okeani mintaqalaridagi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning rivojlanishi va kengayishiga xizmat qiladi. 

Mazkur mintaqalar transport-logistika yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash uchun yangi istiqbollar yaratilmoqda, hududlararo savdoni rivojlantirish bilan birga yangi bozorlarga chiqish, transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish imkoni yaratilmoqda. Natijada nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamiz – Markaziy Osiyo ham ulkan imkoniyatlar va hamkorlik makoni bo‘lib, Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi mintaqalararo bog‘liqlikning ajralmas va muhim qismiga aylanmoqda. Shularni inobatga olgan holda, xalqaro maydonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar sharoitida mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini ta’minlash, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash, yaqin xamkor xorijiy davlatlar hamda mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarni ko‘p tomonlama diplomatiyaning samarali vositalari orqali faol ilgari surish muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

 

 

Farrux HAKIMOV, 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi 

bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net