XALQARO FESTIVAL DAVOM ETMOQDA

07.04.2019 16:02

Termiz shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.

Xalqaro festivalda yurtimiz va xorijlik folklorshunos olimlar, baxshilar, jirov va oqinlar, san'atkorlar, ushbu san'at ixlosmandlari bilan birga, jahonning ko‘plab davlatlaridan mehmonlar ishtirok etayotir. Mamlakatimizning turli hududlari va Surxondaryo viloyati tumanlaridan kelayotgan muxlislar ham festival doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Etnografik shaharchalar bilan tanishmoqda.

Milliy qadriyatlarimiz va noyob san'atimiz keng namoyish etilayotgan festival nafaqat xorijlik, balki mahalliy ishtirokchilarda ham olam-olam taassurot qoldirmoqda.

- Dostonchilik milliy o‘zligimizning bir bo‘lagi, nafis va noyob san'atimizning o‘q tomiridir, - deydi Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi “Yangi turmush” fermer xo‘jaligi rahbari A.Majidov. - Bolaligimizda biz kunduzi o‘qib, ishlab, tunlari doston tinglaganimizni yaxshi eslayman. Negadir keyingi yillarda yoshlarimizning baxshichilik san'atiga qiziqishi susayib borayotgan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aynan Alpomishlar yurtida bu an'anani qayta tiklashga kirishilgani navqiron avlodni yana go‘zal san'at bilan oshno etadi. Xalqaro festival sabab qancha noyob dostonlarimiz chop etildi. Nufuzli tadbirda dunyo baxshilari o‘zaro bahslashayotgani yoshlarning bu yo‘nalishga e'tiborini kuchaytiradi. Dostonlarimizni kuylab kelayotgan baxshilarimiz bilan yana bir bor faxrlandim.

Xalqaro festival doirasida milliy hunarmandchilik buyumlari, tasviriy san'at ko‘rgazmalari, yangi chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazilayotir. Viloyat hududidagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar va boshqa diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirilmoqda.

- Bu yurtga birinchi marta kelishim, - deydi janubiy koreyalik professor Park Syong Yong. - Uzoq o‘tmishdan guvohlik berib turgan salobatli tarixiy obidalar, go‘zal va xushmanzara tabiat, betakror san'at menda katta taassurot qoldirmoqda. Fayoztepa va Hakim at-Termiziyni ziyorat qildim. Vohada miloddan avvalgi birinchi asrlarga doir buddizm yodgorliklarini ko‘rib, hayratim yanada oshdi. O‘zim nomoddiy madaniy yodgorliklar bilan shug‘ullanaman. Biroq bu yerda ko‘rganlarim, ishonasizmi, men uchun fantastika bo‘lib tuyulmoqda. Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda shunday buyuk san'atni asrlar davomida ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan xalqning fidoyiligiga tan berdim.

Baxshichilik san'atining Buyuk ipak yo‘li kesishgan nuqtasida keng quloch yozgani va bu durdonalarni targ‘ib qilish aynan shu yurtda amalga oshirilayotganida chuqur ma'no bor. Buning dunyoga ta'siri juda kuchli bo‘ladi. Bu festivalni an'anaviy o‘tkazib turish yosh avlodning milliy o‘zligini teran anglashida muhim o‘rin tutadi.

Festival doirasida Xalqaro baxshilar ko‘rik-tanlovi, xorijiy va mahalliy san'atkorlar ishtirokidagi qiziqarli konsert dasturlari tashkil etilmoqda. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net