Turkiy qardoshlik - oʻzaro koʻmak va hamjihatlik namunasi

15.03.2023 12:39

Turkiy qardoshlik - oʻzaro koʻmak va hamjihatlik namunasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-16-mart kunlari Anqarada boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) favqulodda sammitida ishtirok etadi.

2019-yil oktyabr oyida Turkiy davlatlar tashkilotining (sobiq Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi) toʻlaqonli aʼzosi boʻlgan Oʻzbekistonda turkiy davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bugungi kunda ham mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvorliklaridan biri hisoblanadi. 2023-yilda Oʻzbekiston ushbu tashkilotga raislik qilmoqda. Raislikning boshlanishi oʻtgan yil noyabr oyida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida  oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti bilan boshlandi.

Rasmiy Toshkent turkiy davlatlar oilasiga qoʻshilganidan soʻng qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilotga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha 40 dan ortiq tashabbus va takliflarni ilgari surdi, ular samarali amalga oshirilmoqda.

Ha, Oʻzbekiston tashabbusi bilan xalqlarimiz birdamligini yanada  mustahkamlashga yoʻnaltirilgan va tarix, til, madaniyat va anʼanalar mushtarakligiga asoslangan holda 2023-yil «Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili», deb eʼlon qilindi.

Oʻtgan yilning noyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan TDT sammiti mazkur tuzilmani oʻzgartirishdagi tarixiy burilish nuqtalaridan biriga aylandi va birinchi marta ushbu tashkilot davlat rahbarlarini sifat jihatidan yangi - Turkiy davlatlar tashkiloti formatida toʻlaqonli hamkorlik doirasida birlashtirdi.

Mazkur sammit turkiy mamlakatlarning chuqur integratsiyalashuv jarayonini boshlab bergani barobarida Oʻzbekistonning TDTga raisligi ibtidosi boʻldi. Natijada Qoʻshma deklaratsiya qabul qilindi va tashkilotning iqtisodiyot, transport va institutsionallashtirish sohalarida bir qator koʻp tomonlama hujjatlar imzolandi.

Oʻzbekistonning 2023-yildagi TDTga raisligida Samarqandda boʻlib oʻtgan sammit davomida qabul qilingan  “Turk dunyosi nigohi – 2040” konsepsiyasini hamda Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga moʻljallangan besh yillik strategiyasini samarali amalga oshirish davom etmoqda.  Xususan, quyidagi vazifalarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratildi:

- tashkilotning savdo-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, TDTning ulkan transport salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha aniq harakatlarga oʻtish;

- muayyan loyihalarni ishga tushirish yoʻli bilan sayyohlik industriyasi, AKT va raqamli transformatsiya rivojlanishini ragʻbatlantirish;

- madaniy-gumanitar yaqinlashuvni, jumladan, xalq diplomatiyasidan foydalanish yoʻli bilan kuchaytirish;

- yoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash;

- tashkilotning institutsional asoslarini takomillashtirish vositasida uning samaradorligini oshirish.

Umuman olganda, mamlakatimizning TDTga raisligi davrida 30 dan ortiq tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shu oʻrinda TDTga aʼzo davlatlar oʻrtasida Oʻzbekiston birinchi boʻlib raislik davrida alohida Konsepsiya va Harakatlar rejasini ishlab chiqish amaliyotini joriy etganini alohida qayd etish muhimdir.

TDTga aʼzo boʻlgan hamkor davlatlar oʻrtasidagi birdamlik ruhi shu yilning fevral oyida Turkiyada sodir boʻlgan halokatli zilzila tufayli yanada mustahkamlandi. Mamlakatda sodir boʻlgan misli koʻrilmagan va fojeali zilzila oqibatlari butun turkiy dunyoni, qardosh Turkiyaning barcha doʻstlarini chuqur larzaga soldi.

TDTga aʼzo davlatlar birinchilardan boʻlib jabrlangan turk xalqiga yordam qoʻlini choʻzdi. Ana shunday ogʻir damda turkiy davlatlar yelkama-yelka turib, qondoshlik rishtalari naqadar chuqur va mustahkam ekanligini yana bir bor koʻrsatdi. Zilzila sodir boʻlgan hududlarga qutqaruvchilar, shifokorlar va koʻngillilar yuborildi, ular jabrlanganlar va yaqinlarini yoʻqotganlar bilan ishlashdi. Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlardan kelgan guruhlarning saʼy-harakatlari bilan yuzlab odamlar qutqarildi.

Turkiyaga turli nuqtalardan oziq-ovqat, birinchi navbatda zarur boʻlgan ashyolar va dori-darmonlar yuklangan insonparvarlik yordami  yuborildi.

Oʻzbekiston ushbu mintaqaga qidiruv-qutqaruv guruhi, seysmologlar va tibbiyot mutaxassislarini joʻnatgani holda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etdi. Oʻzbekistondan 160 tonnadan ortiq insonparvarlik yuklari maxsus samolyot va quruqlik transporti vositasida Turkiyaga yetkazildi. Xatay shahrida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining harbiy-dala gospitali qurildi. Qardosh turk xalqi boshiga tushgan bu musibatga birorta ham fuqaromiz befarq boʻlmadi. Mamlakatimizning barcha yirik shaharlarida Turkiyadagi zilzila qurbonlari uchun insonparvarlik yordamini qabul qilish punktlari tashkil etildi.

Boʻlajak sammitda Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari Turkiyaning kuchli zilzila oqibatida vayron boʻlgan shaharlarini qayta tiklash boʻyicha keyingi chora-tadbirlarni, shuningdek, TDT makonida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, undan ogohlantirish va favqulodda vaziyatlarga chora koʻrish boʻyicha birgalikda zarur qadamlar tashlash bilan bogʻliq masalalarni muhokama qiladilar.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net