Toshkentda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha II Xalqaro forum boʻlib oʻtadi

15.05.2023 12:27

Ekspertlar rivojlanayotgan mamlakatlarda toʻplangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini koʻrib chiqadilar.

2023-yil 18-may kuni Hilton Tashkent City mehmonxonasida “Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni tatbiq etish” II Xalqaro forumi boʻlib oʻtadi.

Joriy yilda Forum Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan tashkil etildi. Forum BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va BMT Bolalar jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida tashkil etilmoqda.

Yurtimizda boʻlib oʻtadigan Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ikkinchi xalqaro forumda 200 dan ortiq delegatlar, shu jumladan, kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha J-PAL global tashabbusi, BMT, BMTTD, XMT, Jahon banki, YUNICEF, OTB, FTA, GIZ va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Iqtisod boʻyicha Alfred Nobel nomidagi mukofot sovrindori, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha global tashabbusi J-PAL hammuassisi — Abxidjit Banerdji, Jorj Vashington universitetining farovonlik iqtisodiyoti va kambagʻallikni oʻlchash boʻyicha iqtisod professori —Jeyms Foster, Oksford kambagʻallikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori — Sabina Alkayrning ishtiroki katta ahamiyatga ega boʻladi.

Shuningdek, Forumda Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shichen Chen, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Anna Byerde, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Brus, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Xitoy Xalq Respublikasining kambagʻallikka qarshi kurash xalqaro markazi direktori Lyu Szyunven, Pekin pedagogika universiteti professori, Qishloq hududlari reabilitatsiyasi milliy departamenti rahbari Chjan Si oʻz maʼruzalari bilan qatnashadi.

Bundan tashqari, Forumda Ozarbayjon Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etishadi.

Xalqaro forumning maqsadi – kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha ilgʻor jahon tajribasi va usullarini oʻrganish, yaqin yillarda koʻp oʻlchovli kambagʻallikka barham berishda muvofiqlashgan kompleks yondashuv, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga alohida eʼtibor qaratgan holda amalga oshiriladigan qoʻshma tadqiqotlar uchun ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish orqali mehnat bozorida oʻqitish dasturlari sifatini oshirish, kichik korxonalarning oʻsishini qoʻllab-quvvatlash, yuqori sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat boʻladi.

Ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda toʻplangan tajribani yanada ommalashtirish maqsadida kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston erishgan yutuqlarning usullari va natijalarini, jumladan, ularning samaradorligini koʻrib chiqadilar.

Forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash va qoʻshma kommyunikeni qabul qilish rejalashtirilgan boʻlib, jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL global tashabbusi oʻrtasida Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net