Tailandda katta kurash bellashuvlari o?tkaziladi

05.09.2022 11:54

Milliy sportimiz kurashni xalqaro maydonda yanada ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlarning eng muhim tamoyili, bu, qit’a va jahon chempionatlarini tizimli o‘tkazish hisoblanadi.

Shu maqsadda Osiyo kurash konfederatsiyasi taqvim rejasiga asosan joriy yilning 4-8 sentyabr kunlari Tailandning Chonburi shahrida yoshlar o‘rtasida kurash bo‘yicha qit’a chempionatini tashkil etish belgilandi.

Mazkur nufuzli musobaqada milliy sportimiz kurashning ommaviyligini ta’minlash hamda vatanimiz sharafini munosib himoya qilish maqsadida kuni kecha O‘zbekiston kurash federatsiyasi bosh kotibi Alisher Eshonqulov yetakchiligidagi sport delegatsiyasi Tailandga yo‘l oldi.
Safar oldidan delegatsiya rahbari Alisher Eshonqulovga bir necha savollar bilan murojaat etdik.

— Osiyo chempionati kurash vatani sportchilari uchun o‘ta mas’uliyatli musobaqa sanaladi. Unda yurtimiz sharafini necha nafar kurashchi himoya qiladi?

— Haqiqatan, terma jamoamiz a’zolari uchun mazkur chempionat juda mas’uliyatli. Qit’a kurashchilari uchun har bir sportchimiz milliy sportimizning jozibasini ko‘rsata bilishi bilan o‘z vaznlarida yurtimiz sharafini munosib himoya etishi talab etiladi. Tailand bahslariga terma jamoamiz chuqurlashtirilgan o‘quv mashg‘ulot yig‘inlari orqali ham amaliy, ham nazariy tayyorgarlikdan o‘tishdi. Chempionatda yoshlar terma jamoasining tajribali murabbiylari Olim Ravshanov va Umida Matyoqubova boshchiligidagi 10 nafar o‘g‘il va 10 nafar qiz bola sportchilarimiz ishtirok etadi.

— Chempionat nizomiga ko‘ra, musobaqalar 8 ta o‘g‘il va 8 ta qizlar vaznida o‘tkazilishi belgilangan. O‘zbekiston 20 nafar sportchi bilan Osiyo chempionatiga yo‘l olganligiga qaraganda qaysidir vaznlarda 2 nafardan kurashchi qatnashar ekanda?

— Shunday. Osiyo kurash konfederatsiyasi tomonidan har bir ishtirokchi davlatga o‘g‘il va qiz bolalar vaznida 2 nafardan qo‘shimcha kurashchi bilan qatnashishga ruxsat berilgan. Chempionat mezboni Tailand har bir vaznda ikkita tarkib bilan ishtirok etishi nazarda tutilgan.

— Musobaqalar aynan qaysi kunlari bo‘lib o‘tadi?

— Kurash bellashuvlari 6-7 sentyabr kunlari tashkil etiladi. 5 sentyabr kuni mandat komissiyasining yig‘ilishi, hakamlar uchun seminar, qur’a tashlash marosimi kabi tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

— Bellashuvlarni boshqarib borishda o‘zbekistonlik kurash hakamlari ham qatnashadimi?

— Albatta. Chempionat bahslarini boshqarib borishda O‘zbekiston kurash federatsiyasining 3 nafar hakami qatnashadi. Ular surxondaryolik Manzura Tursunova, namanganlik Oybek Kattaboboyev hamda qoraqalpog‘istonlik Nukusboy Doniyorov.

— Tailandda o‘tadigan chempionat davomida qit’a kurashchilariga O‘zbekiston kurash federatsiyasining sovg‘alari topshiriladimi?

— Osiyo mamlakatlarida endi-endi kurash bilan shug‘ullanayotgan sportchilar, faoliyat yuritayotgan kurash federatsiyasi mutaxassislari hamisha kurash vatani sportchilariga boshqacha nazar bilan qarashadi. Ulardan kurash bo‘yicha nimalarnidir o‘rganishni istashadi. Federatsiya rahbariyatining ko‘rsatmasiga binoan musobaqa oldidan 200 nafarga yaqin sportchiga kurash yaktaklari sovg‘a qilinadi. Bu ularning kelgusida milliy sportimiz bilan tizimli shug‘ullanishiga qulaylik yaratadi, albatta.

— Chempionatda hamyurtlarimizga kimlar asosiy raqib bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

— Bundan 7-8 yil muqaddam qo‘shni davlatlarning jamoalari asosiy raqibimiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda qit’amizda kurashni bilmaydigan, uning jozibali usullarini o‘zlashtirmagan davlat qolmadi, hisob. Shu jihatdan bu galgi chempionatda kuchsiz raqibning o‘zi bo‘lmaydi, nazarimda.

To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net