TABIIY MONOPOLIYALAR TRANSFORMATSIYASI - OʻZBEKISTON TAJRIBASI

30.06.2023 14:39

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyulda “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6019-son Farmonining tegishli bandlarida,

- xalqaro tajribani oʻrganish asosida va raqobat muhitini shakllantirish mexanizmini tubdan takomillashtirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonunlarini birlashtirgan holda yagona qonun loyihasini ishlab chiqish;

- Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkilotining (OESR) Tovar bozorlarini tartibga solish Indeksi (Product Market Regulation-PMR) asosida respublikada iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida raqobat muhiti diagnostikasini amalga oshirish metodologiyasini ishlab chiqish hamda xorijiy amaliyot asosida monopoliyaga qarshi kurashishning yangi samarali instrumentlarini joriy qilish;

- rivojlangan davlatlarning monopoliyaga qarshi kurashish organlari, shu jumladan Xalqaro raqobat tarmogʻi (International Competition Network) bilan raqobatni himoya qilishdagi dolzarb masalalarning muhokamasini amalga oshirish uchun tizimli muloqotni oʻrnatish vazifalari belgilab berildi.

Ushbu Farmonning 1-ilovasida 2020 - 2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish STRATEGIYASI hamda 2-ilovasida Raqobatni rivojlantirish va himoyalash tizimini transformatsiya qilish boʻyicha YOʻL XARITASI tasdiqlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiyasini muhokama qilish grafigi” tasdiqlandi. (2021-yil 5-fevraldagi 02/1-193-sonli)

Ushbu grafik ijrosi yuzasidan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va tabiiy monopoliya subyektlari “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamiyatni transformatsiya qilish, korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etish chora-tadbirlari boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

 “Uzbekistan airports” AJning transformatsiya qilish “Yoʻl xaritasi”ga asosan, - Korxonaning xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asoslarida oʻtkazish;

- Moliyaviy audit oʻtkazish maqsadida katta toʻrtlik (“big four”) tashkilotlarini jalb qilish uchun texnik topshiriq shakllantirish va tender yoki tanlov asosida jalb qilish;

Mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun tariflarni tenglashtirish zarurligini hisobga olgan holda, tarif siyosatini optimallashtirish dasturini qayta koʻrib chiqish;

- Korrupsiyaga qarshi xizmatlar va "muvofiqlik tizimi" (komplayens) shakllanishini taʼminlash maqsadida komplayens boʻlimini tashkil qilish;

- Energiya samaradorligini oshirish boʻyicha barcha aeroportlar ESTOP (yoki shunga oʻxshasha) xizmat vakillaridan iborat ishchi guruhni yaratish;

- Yoʻlovchilarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazishni (WEB Check In) amalga oshirish, yoʻlovchilar uchun oʻz-oʻzini roʻyxatdan oʻtkazish hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari va shunga oʻxshash yana bir qator ishlar amalga oshirildi.

2021 yil 19-aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida “Uzbekistan airways” hamda “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish chora-tadbirlariga bagʻishlangan taqdimot boʻlib oʻtdi. Bunda, aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻlovchi va yuk tashish hajmini har yili oshirib borish, hududlardagi aeroportlarda ketring va boshqa xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, hamda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining 2021-yil 3-noyabrdagi “Neft va gaz tarmogʻi transformatsiyasini amalga oshirishda tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 668-son qaroriga asosan, soʻnggi yillarda tabiiy monopoliyalar sharoitida neft va gaz tarmogʻi korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish va tarmoqda raqobatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha muayyan ishlar olib borilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida» 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda Davlat kafolati ishtirokisiz xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, “Oʻzbekneftgaz” AJni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha;

- “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklari tomonidan “Oʻzbekneftgaz” AJga Oʻzbekiston Respublikasining suveren reytingi “VV-” (barqaror) darajasidagi kredit reytinglari berilishi;

“DeGolyer & MacNaughton” (AQSH) kompaniyasi tomonidan uglevodorod zaxiralarini baholash boʻyicha xalqaro standartlarga (PRMS) muvofiq “Oʻzbekneftgaz” AJ konlarining 2017 — 2020-yillar uchun uglevodorod zaxiralari auditi oʻtkazish;

- “Oʻzbekneftgaz” AJning xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish doirasida korporativ va xalqaro obligatsiyalar reytinglarini olish uchun “S&P Global Ratings”, “Fitch Ratings”, “Moodyʻs Investorʻs Service” reyting agentliklari hamda yuridik xizmatlar koʻrsatish uchun “White & Case LLP” yuridik firmasi bilan tegishli bitimlar imzolash;

- xalqaro tajriba hamda respublikada amalga oshirilgan tegishli emissiyalarning natijalaridan kelib chiqqan holda, “Uzbekneftgaz” AJ tomonidan xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida (The London Stock Exchange) joylashtirish rejalari amalga oshirilgan.

Energetika vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” AJning — 2021-yil noyabr oyida 700 million AQSH dollari miqdorigacha xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish ishlari bajarildi.

2019-2021-yillarda xalqaro konsalting kompaniyalar, ekspertlar va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida ushbu sohada tegishli faoliyat turlari bilan bevosita shugʻullanadigan alohida korxonalar – “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJ tashkil etildi, ularning asosiy vazifalari va funksiyalari belgilandi. Sohada yangi tashkil etilgan korxonalar tomonidan neft va gaz konlarida geologik-texnik tadbirlarning samaradorligini oshirish hisobidan tabiiy gaz qazib olish surʼatlarini saqlab qolishga, tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida isteʼmolchilarga 2,5 mln dona “aqlli” elektron hisoblagichlar oʻrnatish evaziga ortiqcha yoʻqotishlarning oldi olinib toʻlov intizomini yaxshilashga, umumiy uzunligi 248,2 km teng magistral gaz quvurlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishi natijasida tabiiy gazni transport qilishning kunlik quvvatini qoʻshimcha 30-35 mln kub metrga oshirilishiga erishilgan.

2019-2021-yillarda xalqaro moliya institutlari koʻmagida jalb qilingan
“ILF Business Consult” (Germaniya) maslahatchi muhandis-ekspert va “Boston Consulting Group” (AQSH) xalqaro yetakchi konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda “Gaz transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturining bosh rejasi” (Gas Master Plan – 2030) va “Tabiiy gaz sohasining rivojlanish strategiyasi” ishlab chiqilganligi va unga muvofiq:

- respublikaning gaz taʼminoti sohasining (keyingi oʻrinlarda – gaz sohasi) joriy holatida faoliyatini davom ettirilishi 2025-2026-yillarga kelib Oʻzbekiston Respublikasini tabiiy gazning netto-import qiluvchisiga aylanishini, 2040-yilgacha prognozga muvofiq respublika isteʼmolchilarining tabiiy gazga ehtiyoji 59,0 mlrd kub metr miqdorida baholanganligi;

- tabiiy gazning raqobatli bozoriga bosqichma-bosqich oʻtishning xalqaro tajribalaridan kelib chiqqan holda turli modellari oʻrganilganligi va gaz sohasini transformatsiyasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli himoya qilish va iqtisodiyot tarmoqlarida barcha isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz tariflarini erkin bozor narxlarida shakllantirish va yetkazish boʻyicha takliflar ishlab chiqilganligi;

- Oʻzbekiston Respublikasining “Gaz taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi Yevropa Ittifoqining gaz sohasini monopoliyadan chiqarish yoʻnalishidagi tajribasi va boshqa xorijiy davlatlarning ushbu sohadagi islohotlarni amalga oshirish natijalari asosida ishlab chiqilayotganligi, qonun loyihasida tabiiy gazning raqobatli bozoriga oʻtishning huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilganligi;

- elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti sohasida raqobatli bozorni yaratilishini tashkillashtirish, uning ishtirokchilari uchun teng huquqlar va shaffof mexanizmlar asosida faoliyat yuritishi uchun ushbu bozorning qonun-qoidalarini ishlab chiqish, amaliyotga joriy etish hamda ularga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi Vazirlar Mahkamasiga hisobdor boʻlgan vakolatli davlat organi – Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyatini yoʻlga qoʻyilishi belgilanganligi;

- tabiiy gazning raqobatli bozorini yaratilishida tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilar bilan isteʼmolchilar oʻrtasida raqobatni yuzaga kelishi natijasida “Oʻztransgaz” AJni magistral gaz quvurlarini boshqarish boʻyicha yagona operatori sifatida monopol ustunlikka ega boʻlishini oldini olish maqsadida ushbu jamiyatdan tabiiy gazni ichki bozorda sotish funksiyasini ajratish va “Oʻztransgaz” AJni yagona tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan magistral gaz uzatish tizimi operatori (Transmission system operator – TSO) korxonasiga aylantirish belgilanganligini kuzatish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Energetika vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining “Uz Gas Trade” AJni tashkil etish takliflari maʼqullangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yakka taʼsischiligida
“Uz Gas Trade” aksiyadorlik jamiyatini tuzish va ushbu jamiyatning asosiy vazifalari etib respublika miqyosida tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish belgilangan.

Bunda “Oʻztransgaz” AJ tomonidan tabiiy gazni ichki bozorda toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchilarga sotish toʻxtatiladi va “Oʻztransgaz” AJ tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga ixtisoslashgan magistral gaz uzatish tizimining yagona operatori (transmission system operator – TSO) sifatida faoliyat yuritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi “Jahon banki ishtirokida “elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasini amalga oshirish hamda respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-113-son qaroriga muvofiq

Respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish, uning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish, tizimli avariyalarning oldini olish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida:

- Jahon bankining direktorlar kengashi tomonidan 2021-yil 25-iyunda “Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasining quyidagi komponentlari (keyingi oʻrinlarda — Jahon banki loyihalari):

- “Dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksini (SCADA) joriy qilish”;

- “Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (II-faza)”;

- “Yangi 500 kV kuchlanishli «Halqa” nimstansiyasi va 220, 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish»;

- “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ resurslarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini (ERP) joriy etish» investitsiya loyihalarini Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 330 mln AQSH dollariga teng imtiyozli va 50 mln AQSH dollariga teng imtiyozsiz kreditlari, Yashil iqlim jamgʻarmasining 43 mln AQSH dollariga teng imtiyozli krediti va 4 mln AQSH dollariga teng grant mablagʻlari hisobiga moliyalashtirishga kelishilgan.

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (keyingi oʻrinlarda — OʻMET) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida 2021-yil 6-oktyabrda “130 km uzunlikdagi 500 kVli Sarimoy (Xorazm viloyati) — Jonkeldi (Buxoro viloyati) yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmogʻini qurish” investitsiya loyihasini moliyalashtirish uchun davlat kafolatisiz korporativ kredit ajratilishi boʻyicha mandat xati imzolangan.

Yagona energetika tizimining mustahkam va barqaror ishlashini taʼminlash, operativ-dispetcherlik boshqaruvi jarayonlarida inson omili bilan bogʻliq xavf-xatarlarni qisqartirish va tizimli avariyalarning oldini olish hamda elektr energiyasining texnologik sarfini kamaytirish orqali uni transportirovka qilish sarf-xarajatlarini qisqartirish maqsadida amalga oshirilgan.

Bunda yagona elektr energetikasi tizimini, shu jumladan elektr tarmoqlari boʻyicha elektr energiyasi oqimini tezkor boshqarishning zamonaviy, avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilishi hisobiga energetika tizimi uzluksiz va barqaror ishlashi taʼminlanishi;

- 22 ta podstansiyada jismonan va maʼnan eskirgan elektr uskunalar va jihozlarni yangisiga almashtirish, shu jumladan 10 ta podstansiyada 20 ta jamlanma yangi kuch transformatorlari va avtotransformatorlarni oʻrnatish orqali podstansiyalar quvvatining 912,7 MVAga oshirilishi;

- uskunalarni mukammal taʼmirlash xarajatlarini va transformatorlar oʻz ehtiyoji uchun sarflanadigan elektr energiyasi hajmini oʻrtacha yillik 14,2 mln AQSH dollariga teng miqdorda kamaytirishga erishilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi "Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi
PF-101-son Farmonida 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish orqali kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni taʼminlash, tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga toʻlaqonli oʻtishni jadallashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida:

- davlat ishtiroki saqlanib qolayotgan tovar va xizmatlar bozorini erkinlashtirish hamda ushbu sohalarga xususiy sektorning kirib kelishi uchun sharoit yaratish, monopoliyaga qarshi organning institutsional salohiyati va vakolatini kuchaytirish orqali sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish

- davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish hamda xususiylashtirishni jadallashtirish, iqtisodiyotda samarasiz ishlayotgan korxonalar ulushini kamaytirish hisobiga sifat jihatidan yangi, xususan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga asoslangan investitsiyalar va ishlab chiqarish unumdorligi yuqori boʻlgan texnologiyalarning koʻpayishini ragʻbatlantirish;

- pul va kapital bozorlarini yanada erkinlashtirish hisobiga moliya bozoridagi turli segmentlarning rivojlanishiga turtki berish, shu orqali xususiylashtirilgan va transformatsiya jarayonidagi korxonalarga oʻz faoliyatini moliyalashtirishning muqobil manbalarini shakllantirishga sharoit yaratish ustuvor vazifalari belgilangan.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan USAID loyihasini Kommunal xizmatlarni tartibga solish komissiyalari aʼzolarining milliy assotsiatsiyasi (NARUK) “Markaziy Osiyoda energiyani tartibga solish boʻyicha hamkorlik”ni amalga oshirish mumkin boʻlgan tadbirlarni aniqlash orqali energiya sektorining muayyan muammolarini hal qilishga qaratilgan boʻlib Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlaydi va tartibga soluvchi sheriklar salohiyatini oshiradi.

Energetika sohasini nazorat qiluvchi regulyatorlar salohiyatini kuchaytirish, oʻz navbatida zamonaviy, uygʻunlashgan, erkin mintaqaviy energiya bozori sari olgʻa siljish va toza energiyaga sarmoyani koʻpaytirishga yordam beradi.

Energiyani tartibga solish boʻyicha (ERPP) hamkorlik dasturi homiyligida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi, (NARUK) Kommunal xizmatlarni tartibga solish komissiyalari aʼzolarining milliy assotsiatsiyasi xizmatlar narxini tartibga solishning turli elementlari boʻyicha qisqa muddatli texnik yordam (STTA) koʻrsatadi.

NARUK elektr energiyasi tariflari boʻyicha toʻrt modulli oʻquv kursi uchun materiallar va tegishli qoʻllanmalarni ishlab chiqdi va Oʻzbekistonda treninglar oʻtkazdi.

Ushbu trening seminari davomida NARUK isteʼmolchilar sinfi va zaif isteʼmolchilarni himoya qilish boʻyicha Oʻzbekiston hisobotini taqdim etdi.

Otabek Sadulloyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi

Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish boʻlimi boshligʻi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net