Suv iqtisodiyoti Tanqislik muammosining yechimi nimada?

29.05.2023 15:37

Global iqlim oʻzgarishi bugun butun dunyo mamlakatlarida qurgʻoqchilik, atmosferaning ifloslanishi kabi dolzarb ekologik muammolarni yanada keskinlashtirmoqda. Sayyoramizda oʻrtacha harorat meʼyorining yil sayin koʻtarilib borayotgani nafaqat suv tanqisligini, shu bilan birga Arktikadan tortib, hatto Markaziy Osiyodagi muzliklarning ham keskin kamayib ketishiga sabab boʻlmoqda. Bular bari bir-biriga bogʻliq qator muammolarni keltirib chiqarayotir.

Maʼlumki, mintaqamiz okeanlardan uzoqda, qurgʻoqchil hududda joylashgan. Mutaxassislar fikricha, bu iqlim inqirozi bilan bogʻliq muammo va ekologik ofatlarga taʼsirchanlikni yuzaga keltiradi. Maʼlumotlarga koʻra, agar hozirgi isish tezligi saqlanib qolsa va asr oxiriga kelib dunyo boʻyicha oʻrtacha harorat 4 darajaga koʻtarilsa, Markaziy Osiyoda bu koʻrsatkich 7 darajaga ortadi.

Bunday holatning davom etishi mintaqadagi muzliklar erishini, tabiiy ofatlar tez-tez takrorlanishini, qurgʻoqchilik va suv taqchilligini yanada kuchaytirishi, oʻsimlik hamda hayvonot dunyosiga tiklab boʻlmas zarar yetkazish ehtimolini oshiradi. Choʻllanish va yerlar degradatsiyasi jarayonining tezlashishi esa har qanday kishini oʻylantirib qoʻyadi.

BMT maʼlumotlariga koʻra, hozirda mintaqamizda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning qariyb 37 foizi degradatsiyaga uchragan. Soʻnggi 50 yil ichida mintaqa mamlakatlarida choʻllangan yerlar hajmi 20 foizga oshgan. Baʼzi hududlarda qishloq xoʻjaligi yerlari 40 foiz, ayrim joylarda 100 foizgacha degradatsiyaga uchraganini koʻrish mumkin.

Bu muammolar mintaqa aholisining oziq-ovqat xavfsizligiga ham jiddiy tahdid solish ehtimoli katta. Qolaversa, muzliklar uzoq muddat saqlanib turadigan chuchuk suv manbai hisoblanadi. Markaziy Osiyodagi eng yirik Sirdaryo va Amudaryo Orol dengiziga borib quyilishi koʻp jihatdan mavsumiy qor va muzliklar erishiga ham bogʻliq. Prognozlarga koʻra, 2050-yilga kelib Sirdaryoda suv hajmi 5 foiz, Amudaryoda esa 15 foizgacha kamayishi mumkin. Bu ham aholi turmush tarzi va ular yashaydigan hududning iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin tutadi.

Hozirgi noqulay ekologik sharoit tabiiy ofatlarni yuzaga keltirmoqda va bu mintaqadagi davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jiddiy xavf tugʻdiradi.

Poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy Osiyodagi suv masalalariga nigoh” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada ham ayni jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, ushbu muammolarni hal etishda innovatsion bilim va tajribalarni joriy etish masalalari muhokama etildi.

Yashil maydonlarni kengaytirish

Xalqaro ekspertlar fikriga koʻra, mavjud holat bundan 30–40 yil keyingi davr uchun bashorat qilinayotgan prognozlar juda salbiy. Demak, mintaqamizni yaqin kelajakda suv tanqisligi bilan bogʻliq jiddiy muammo kutyapti. Modomiki shunday ekan, taxmin qilinayotgan muammoning oldini olish yoki salbiy taʼsirini yumshatish mumkinmi? Soha mutaxassislari fikriga koʻra, mumkin, albatta. Faqat, hozir imkon borida, bugundan kirishish shart. Aks holda kech boʻladi.

Kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olish koʻplab muammoning oldini oladi, degan taʼrifni koʻp eshitganmiz. Masalaga shu nuqtayi nazardan qaralganda anglashiladiki, muzliklar erib bitishi va uning ortidan kuchayadigan suv tanqisligining oldini olish yoki salbiy taʼsirini kamaytirish uchun, birinchi navbatda, ekologik barqarorlikka erishish talab etiladi.

Bir paytlar choʻllarni oʻzlashtirish asnosida Sirdaryo va Amudaryodan rejasiz olingan suv hisobiga Orol dengiziga borib quyilayotgan suv miqdori keskin kamayib hozirgi manzarasi yuzaga kelgan. Endi esa muzliklar erishi, chang boʻronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy koʻrinishlarda namoyon boʻlayotgan Orol dengizi falokati mintaqamizda iqlim oʻzgarishini ikki barobarga tezlashtirdi. Bir-biriga chambarchas bogʻliq tabiatdagi bu kabi oʻzgarishlar, oʻz navbatida, yana koʻplab boshqa muammolar yuzaga kelishiga zamin yaratdi.

Shu bois ham mamlakatimizda soʻnggi yillarda Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, yashil hududlarni kengaytirishga jiddiy va alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Orol dengizining qurigan qismida birgina oʻtgan yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Bunday maydonlar jami 1 million 620 ming gektarga yetkazilgan. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, yana 100 ming gektar maydonni “oʻrmonzorlashtirish” rejalashtirilgan.

Yashil maydonlarni kengaytirish ishlari nafaqat Orol hududi, balki yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida uyushqoqlik bilan olib borilyapti. Bunday hududlarni koʻpaytirishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yili eʼlon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Binobarin, loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatini ekish, pirovardida yurtimizdagi yashil maydonlar hajmini 8 foizdan 30 foizga oshirish maqsad qilingan.

Umummilliy loyiha doirasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, oʻtgan qisqa vaqt davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 1 million gektardan ortiq maydonda daraxtzor va “yashil jamoat parklari” tashkil etildi.

Bu yoʻnalishda rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat bugungimiz, balki kelajak uchun ham juda zarur va shart boʻlgan zarurat albatta. Zero, yashil maydonlar kengayib borishi atmosfera havosini yaxshilashga, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga xizmat qiladi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, yashillik borasidagi saʼy-harakatlar mavjud muammo oqibatlarini yengillashtirishga imkon yaratadi, lekin, muammoga toʻliq yechim boʻla olmaydi. Aytaylik, suv tanqisligi masalasi. Yashil maydonlarni kengaytirish hisobiga global isish jarayonini toʻxtatish yoki sekinlashtirish, natijada muzliklar va daryolarda muvozanatni saqlab qolish mumkindir, ammo chuchuk suvga boʻlgan talabning yildan-yilga ortib borishi evaziga ob-hayot taqchilligi koʻlami ortib boryapti.

– Dunyoda suv tanqisligining ortib borishi, bir tomondan, tabiiy jarayon, – deydi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Komiljon Qoʻziyev. – Chunki sayyoramizda aholi soni, koʻp demak shunga mos ravishda ehtiyoj ham muttasil ўсиboʻlib boryapti. Boshqa tomondan esa, global iqlim oʻzgarishlari natijasida chuchuk suv zaxiralari hajmi qisqarmoqda. Yer yuzida qariyb 1,1 milliard kishi u yoki bu darajada suv tanqisligidan aziyat chekayotir. Bu holatda muammoga yagona yoʻl – tejamkorlik hisoblanadi.

Suvni tejash haqida gap ketganida, koʻpchiligimiz odatda tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret usulda sugʻorish kabi suv tejovchi texnologiyalarni tushunamiz. Aslini olganda ham bu sugʻorish usullari katta miqdorda suvni tejashga imkon yaratishi bilan ahamiyatlidir. Ayni shu bois ham mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Agror sektor vakillariga bu borada qator imtiyozlar berilishi yoʻlga qoʻyilgani esa uning tobora ommalashib borishiga xizmat qilmoqda.

Bir metr kub suvdan kim qancha daromad olyapti?

Mutaxassislar fikriga koʻra, dunyo miqyosida yaratilayotgan yangi ish oʻrinlarining 75 foizi suv resurslari mavjudligi omili bilan bogʻliq. Ushbu bogʻliqlik taʼsirini kamaytirish uchun tarmoq tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish kerak boʻladi. Bu zarurat koʻpgina mamlakatlar iqtisodiyotida suv talab qiluvchi tarmoqlar ustuvorligi saqlanib qolayotganligi bilan ham izohlanadi.

BMTning “Suv resurslari va ish oʻrinlari” hisobotida suv tanqisligi va sanitariya xizmatlaridan foydalanish muammolari dunyo mamlakatlarining iqtisodiy oʻsish va ish oʻrinlarini yaratishga toʻsqinlik qilishi mumkinligi qayd etilgan.

Dunyoda mavjud barcha chuchuk suvlarning taxminan 70 foizi qishloq xoʻjaligida sugʻorish uchun ishlatiladi.

– Bu koʻrsatkich mamlakatlarning tarmoq tarkibida qishloq xoʻjaligi va sanoatning ulushiga qarab farq qiladi, – deydi Komiljon Qoʻziyev. – Lekin, hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham qishloq xoʻjaligining umumiy suv isteʼmolidagi ulushi 30 foizdan pastga tushmaydi.

Suv resurslarining tarmoq taqsimotiga koʻra, Pokiston, Eron, Indoneziya, Hindiston va Oʻzbekiston kabi mamlakatlarda jami suvning 90 foizdan ortigʻi qishloq xoʻjaligiga sarflanadi. Yuqori daromadli mamlakatlar, masalan, AQSHda suvning ishlatilgan ulushi sanoatda koʻproq –46 foiz. Yaponiyada esa uy-joy kommunal xizmatlarida suvning ishlatilishi 20 foizni tashkil qiladi.

2010-2020-yillarda dunyo mamlakatlari tarmoqlarida suvdan foydalanishning tarkibiy tahlili (foiz hisobida)

Mamlakat/mamlakatlar guruhi

Qishloq xoʻjaligi, YAIMdagi ulushi

Umumiy suv olishda qishloq xoʻjaligi ulushi

Sanoat, YAIM ulushi

Umumiy suv olishda sanoat ulushi

Yuqori daromadli davlatlar

1,6

42,7

26

37,5

Oʻrta daromadli davlatlar

10,4

74,9

36,2

4,8

Past daromadli davlatlar

29,8

85,8

23,3

13,7

Dunyo

3,2

67,3

27,6

20,3

AQSH

1,2

40,7

21,9

45,7

Yevpora ittifoqi

1,9

23,9

26,3

56,4

Braziliya

6,1

57,5

27,8

17,7

Xitoy

12,2

64,6

46,5

23,2

Hindiston

31,9

91,1

27,2

1,8

Dunyoda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish – ishlatilgan har bir kub metr suvdan qancha mablagʻ ishlab topilgani bilan baholanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ushbu mamlakatlar iqtisodiyotida suvga talab yuqori boʻlgan sohalar ulushi kichikligi sababli ishlatilgan suvning mahsuldorligi koʻrsatkichi daromadi oʻrta va past davlatlardagiga nisbatan ancha yuqori.

Masalan, Yaponiya iqtisodiyotida oʻrtacha har bir kub metr ishlatilgan suv YAIMga 53,5 dollar olib keladi. AQSHda esa bu koʻrsatkich 23,5 dollarni tashkil etadi. Boshqa mamlakatlarda ushbu koʻrsatkich juda past, masalan, 1 metr kub suv Pokiston uchun 0,6 dollar, Meksika uchun esa 8,2 dollar daromad keltiradi.

Komiljon Qoʻziyevning qoʻshimcha qilishicha, rivojlangan mamlakatlarning yuqori texnologiyali ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish sohalariga ixtisoslashuvi mana shunday sezilarli farqni yuzaga keltiradi. Aksincha, qishloq xoʻjaligining koʻp suv talab qiladigan tarmoqlariga ixtisoslashgan davlatlarda suv mahsuldorligi va shunga mos ravishda undan keladigan daromad koʻrsatkichi ham past boʻladi. Bunday holat oʻz navbatida, ushbu mamlakatlarda suv tanqisligini keltirib chiqaradi.

Masalan, 1985-yilda Xitoyda aholi jon boshiga yiliga oʻrtacha 20 kilogramm goʻsht isteʼmol qilingan boʻlsa, 2011-yilda bu koʻrsatkich 53,5 kilogrammga yetdi. BMT ekspertlari hisob-kitoblariga koʻra, 1 tonna ozuqa don ishlab chiqarish uchun oʻrtacha ming metr kub suv talab qilinishidan kelib chiqib, ovqatlanish odatining oʻzgarishi 1,4 milliard aholisi bor Xitoyda faqat goʻsht ishlab chiqarish uchun suvga boʻlgan talab yiliga 390 kilometr kubga oshadi. Bu tahlillar suvga talab yuqori boʻlgan sohalarni iloji boricha kamlari bilan almashtirish kerakligini koʻrsatadi.

Markaziy Osiyoda shakllanadigan suv resurslarining 70 foizi transchegaraviy daryolar hissasiga toʻgʻri keladi. Sirdaryo havzasining koʻp yillik oʻrtacha oqimi 36 kilometr kubni, Amudaryoda esa 78 kilometr kubni tashkil etadi. Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida yiliga oʻrtacha hisobda 52–56 kilometr kub suv ishlatiladi. Shundan yillik oʻrtacha 22 kilometr kub Sirdaryo havzasiga, qolgan qismi Amudaryo havzasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, Sirdaryo havzasida 6,3 kilometr kub, Amudaryoda 5,1 kilometr kub suv resurslari Oʻzbekiston hududida shakllanadi, qolgan katta qismi transchegaraviy daryolardan olinadi.

Global Village Space ekspertlari bahosiga koʻra, iqlim oʻzgarishi va qoʻshni mamlakatlarda suv isteʼmolining ortishi Oʻzbekistonning Amudaryo va Sirdaryo kabi daryolaridan suv olish imkoniyatini cheklaydi. Buning natijasida qurgʻoqchilik va choʻllanish jarayoni yanada kuchayishi, bu esa oʻz navbatida, aholi turmush darajasiga jiddiy taʼsir qilishi mumkin.

 

2020-yilda iqtisodiyot tarmoqlari kesimida suv resurslaridan foydalanishning taqqoslama tahlili

 

Davlat

Yer usti va osti manbalaridan suv olish, yiliga km3

Aholi jon boshiga suv olish, yiliga m3

Uy-joy kommunal xoʻjaligi

Sanoat

Qishloq xoʻjaligi

Kishi boshiga yiliga m3

%

Kishi boshiga yiliga m3

%

Kishi boshiga yiliga m3

%

Xitoy

578,9

425

52

12

99

23

266

63

AQSH

482,2

1518

193

13

699

46

626

41

Germaniya

38

463

57

12

314

68

92

20

Oʻzbekiston

54,3

1899

100

5

43

2

1756

89

Qishloq xoʻjaligida suv sarfini qanday qisqartirish mumkin?

Yuqorida qayd etib oʻtilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida ishlatilayotgan suv resurslarining eng katta qismi (89,7 foiz) qishloq xoʻjaligi, 5 foizi kommunal xoʻjalik, 2 foizi sanoat tarmoqlari, qolgan qismi boshqa tarmoqlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu koʻrsatkich AQSH, Germaniya va Xitoy kabi davlatlarnikidan ancha farq qiladi.

Mamlakatimizda sugʻoriladigan maydonlarning katta qismi (70 foiz)ni suv koʻp talab qiluvchi ekinlar – paxta va gʻalla tashkil qiladi. Shu sababli, suv tanqisligi yuzaga keladigan vaziyatda iqtisodiy yoʻqotishlar xavfi ancha yuqori.

Hisob-kitoblarga koʻra, 1 tonna soya ishlab chiqarish uchun Hindistonda 4 ming 124 metr kub, Indoneziyada 2 ming 30 metr kub, Braziliyada 1 ming 76 metr kub suv zarur boʻladi. Dunyo boʻyicha esa oʻrtacha koʻrsatkich 1 ming 789 metr kubni tashkil etadi.

Goʻsht ishlab chiqarishni oladigan boʻlsak, Gollandiyada bir tonna mol goʻshti uchun 11,6 ming metr kub, Rossiyada 21 ming metr kub va Meksikada 37,7 ming metr kub suv sarflanadi. Yoki Avstraliyada 1 tonna guruch ishlab chiqarish uchun 1 ming 22 metr kub suv sarflansa, Braziliyada bu koʻrsatkich 3 ming 82 metr kubni tashkil etadi.

Suvni koʻp va kam talab qiluvchi mahsulotlar yetishtirish uchun sarflanadigan suvning taqqoslama tahlili

 

Kam suv talab qiluvchi mahsulot turi

Suv sarfi

(oʻrtacha 1 tonnaga)

Koʻp suv talab qiluvchi mahsulot turi

Suv sarfi

(oʻrtacha 1 tonnaga)

Kovul (kapers)

500 m3

Guruch

3082 m3

Choʻl joʻxorisi

(yem-hashak uchun)

700 m3

Bugʻdoy

2375 m3

Soyali sparja

1000 m3

Soya

3082 m3

Qoʻy va echki goʻshti

1500 m3

Mol goʻshti

15497 m3

Mana shulardan kelib chiqib, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida bunday koʻp suv talab qiluvchi ekinlarni joylashtirib boʻlmaydi. Bu hududlarda bosqichma-bosqich kam suv talab qiladigan ekinlar maydonini kengaytirish maqsadga muvofiq. Masalan, kovul, tipchoq, qoʻngʻirbosh, choʻl joʻxorisi, choʻl-dasht solyankasi, soyali sparja kabi ekinlar 10 barobar kam suv talab qiladi. Shuningdek, mosh, loviya, noʻxat va qizil loviya (fasol) kabi qurgʻoqchilikka chidamli dukkakli don ekinlari ham ushbu hududlar sharoitiga mos keladi.

Ekspertlarning fikricha, oxirgi 15 yilda Markaziy Osiyo, shu jumladan, Oʻzbekiston iqlimida keskin oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Mintaqaga avvallari yil davomida oʻrtacha hisobda 80 kun sovuq havo oqimi kirib kelgan boʻlsa, hozir ushbu koʻrsatkich ikki barobarga kamayib, sovuq va nam havo oqimi oʻrtacha 35–40 kunni tashkil etmoqda. Natijada havo va tuproqning ham quruqlashishi kuchayib ketdi. Boshqacha aytganda, global iqlim oʻzgarishlari mintaqamizga jiddiy taʼsir qilyapti.

Shu sababli qishloq xoʻjaligi ekinlarining iqlim oʻzgarishi taʼsiriga bardoshlilik darajasini eʼtiborga olish zarur. Jumladan, choʻl hududlarimizda qurgʻochilikka chidamli va bozorbop kovul (kapers) yetishtirib, eksportini keskin oshirish imkoniyati mavjud. Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ushbu mahsulotning eksport hajmi soʻnggi yillarda 2,3 ming tonnadan (3,8 million dollar) 3,3 ming tonnaga (5,3 million dollar) ortgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Albatta, mavzuga oid mavjud muammolar faqat tahlil qilinibgina qolmayapti. Mamlakatimizda iqlim oʻzgarishlari bilan muammolar oldini olish, ularning salbiy oqibatlari taʼsirini yumshatish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, ekologiya barqarorligiga erishish, suv resurslaridan maqsadli va samarali foydalanish borasidagi saʼy-harakatlar nafaqat bugungi kunimiz, shu bilan birga yurtimiz ravnaqi, kelajak avlod istiqboli uchun ham birinchi galdagi ahamiyatga ega.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net