
Sharq gavhari, yer yuzining sayqali Samarqand bayramlar og‘ushida. Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga ko‘rilgan tayyorgarlik shaharga yanada fayz va chiroy baxsh etgan. Ko‘cha va xiyobonlar, maydonlarda ekilgan turli tuman gullar, yo‘llar chetidagi rango rang bayroqlar kishiga zavq beradi. So‘lim bog‘ va xiyobonlar tarovati o‘zgacha.
Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, G‘arb va Sharqni bog‘laydigan Samarqand azaldan nainki savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar, balki ma’rifat markazi ham bo‘lgan. Shuning uchun ham hamma davr va zamonlarda odamlar Samarqandga talpingan, uning go‘zalligidan, ilm-ma’rifatidan bahramand bo‘lishni istagan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu muazzam shaharga mehri, yuksak e’tibori tufayli Samarqand bugun Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanmoqda va bu qadimiy kent jahon turizm biznesi markazlari qatoriga qo‘shilmoqda. Xalqaro diplomatiyada esa “Samarqand ruhi” degan tushuncha paydo bo‘ldi va bu davlatlar, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, bag‘rikenglik, ahillikni ifoda etmoqda.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali esa ana shu ruh, ezgu maqsadlarni ifoda etishi bilan bugun Samarqandgagina xos qadriyat darajasiga ko‘tarildi va qisqa tanaffusdan so‘ng yana azim shaharga qaytdi.
Dunyoda san’at va madaniyat yo‘nalishida ko‘plab festivallar, tanlovlar o‘tkazilsa-da ularning aksariyati ma’lum vaqtdan keyin to‘xtab qolishi, unutilib ketishi mumkin. Lekin “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali haqida bunday deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Tashkil etilganiga 27 yildan oshayotgan va shu paytgacha o‘n ikki marta o‘tkazilgan san’at festivali jahon ahlining o‘zaro madaniy muloqotga bo‘lgan hayotiy ehtiyojini ro‘yobga chiqaruvchi vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi murakkab davrda insonlarni tinchlik, hamkorlikka chorlovchi va buni amalda namoyon etuvchi ezgulik minbariga aylanmoqda. Festival YUNESKO va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning asosiy tadbirlari dasturidan o‘rin olgani, ular tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotgani ham uning darajasi qanchalik yuqoriligidan dalolat beradi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yil “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga qaror qilindi va mazkur san’at bayramiga har qachongidan ham yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Dunyoning saksonga yaqin davlati vakillari festivalda qatnashish istagini bildirdi. Shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli madaniyat va san’at arboblari ayni paytda Samarqandda bo‘lib turibdi.