“SARVIQOMAT DILBARIM” BADIIY FILMI BANGKOKDA NAMOYISH ETILDI

22.07.2019 11:30

Tailandda o‘zbek kino ustalari mahsuloti katta qiziqish uyg‘otdi.

 

BANGKOK, 22 iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasining Bangkokdagi Bosh konsulligi tomonidan Tailand poytaxtidagi “River City Bangkok” ko‘rgazmalar galereyasida “O‘zbek kinosi oqshomi” tashkil qilindi, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.

 “Sarviqomat dilbarim” filmi namoyish qilingan tadbirda Tailand Qirolligida akkreditatsiya o‘tgan diplomatik korpus xodimlari, rasmiy, ishbilarmonlar, akademik doiralar vakillari, madaniyat namoyondalari va jurnalistlar qatnashdi.

 Unda “O‘zbekkino” Milliy agentligi bo‘lim rahbari Umid Zunnunov, film rejissyori Sarvar Karimov va bosh rol ijrochisi Adiz Rajabov O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasi, jumladan, zamonaviy kino mahsulotlari ishlab chiqarishni izchil riovojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, “Sarviqomat dilbarim” filmining bosh g‘oyasi, kinokartinani suratga olish jarayoni haqida so‘zlab berdi.

 Film namoyishidan so‘ng tadbir ishtirokchilari “Dunyo” axborot agantligi muxbiriga o‘z tassurotlarini so‘zlab berdi.

 - Juda hayajonli film, - deydi Avstriyaning Tailanddagi Favqulodda va Muxtor elchisi Eva Xager. - Boshlanishida voqealar sekin rivojlangan bo‘lsa-da, keyinchalik hikoya murakkab tus ola boshladi, juda ko‘p tub burilishlar va kutilmagan hodisalar ro‘y berdi.

 - Mazkur film men tomosha qilgan birinchi o‘zbek filmi bo‘ldi, - deydi «Berita Muslim Magazine» media kompaniyasining bosh muharriri Kattiya Ari. - Kartina kuchli g‘oya asosida suratga olingan. Aktyorlar mahorati menga juda yoqdi. Yangi o‘zbek filmlari namoyishini kutib qolaman.

 - Bugun biz ajoyib aktyorlik mahorati va kino san’ati namoyishining guvohi bo‘ldik, - deb ta’kidladi Turkiyaning Tailanddagi Favqulodda va Muxtor elchisi Evren Dagdelen Akgun. -Men juda zavqlandim. Film haqiqatdan ham bizga juda ta’sir qildi.

 - Tailand Qirolligida o‘zbek kino ustalari filmini namoyish qilishdan mamnunmiz, - deydi “River City Bangkok” kompaniyasi vakili Leyxa Shankhar. - Ko‘plab filmlar orasidan munosibini tanlab olish oson bo‘lmadi, albatta. Biroq tomoshabinlar ushbu filmni iliq kutib olganini ko‘rib, tanlovda adashmaganimizdan xursandmiz.

 Tadbir doirasida O‘zbekistonning boy tarixi, betakror madaniyati, jozibador tabiati va boshqa o‘ziga xos jihatlari, mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayoni haqida taqdimot marosimi ham uyushtirildi, rang-barang videoroliklar namoyish etildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net