Referendumda kuzatuvchilar qanday huquqlarga ega, ularga nimalar man etiladi?

06.04.2023 09:59

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi Gulnoza Rahimova bilan referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarida xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki haqida suhbat.  

— Referendumning milliy qonunchilik talablariga muvofiq oʻtishini kuzatib borishda kimlar kuzatuvchi sifatida ishtirok eta oladi? Xalqaro kuzatuvchilarni taklif etish tartiblari qanday?  

— Referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, referendum kuni ovoz berish joylarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega. Bu boradagi tartiblar “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunda belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 13-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi Nizomda mamlakatimiz referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar faoliyati tartibi belgilab qoʻyilgan.  

Referendumga xalqaro kuzatuvchilarni taklif etish saylov jarayonlaridagi tartiblarga monand. Yaʼni, referendum tayinlash toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinganidan soʻng MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi oʻz tashabbusiga koʻra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga koʻra, referendumga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etishi mumkin.   Bundan tashqari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham referendumda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishi mumkin. Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida oʻn kun oldin taqdim etishi lozim.  

Tashqi ishlar vazirligi tegishli xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining hujjatlarini ilova qilgan holda MSKga taqdimnoma kiritadi. MSK besh kunlik muddatda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Akkreditatsiya qilingan xalqaro kuzatuvchilarning roʻyxati MSKning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.  

Ayni paytda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (YEXHT DIIHB) mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan referendumni kuzatish boʻyicha cheklangan missiyasi vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi va oʻz ishini boshladi. Mazkur missiya referendumning oʻtkazilishini YEXHT majburiyatlariga, demokratik saylovlarning boshqa xalqaro standartlariga, shuningdek, milliy qonun hujjatlari qoidalariga mosligi nuqtayi nazaridan baholaydi. Bundan tashqari, missiya referendumni oʻtkazish sohasini yaxshilashga doir aniq tavsiyalarni taklif etadi.  

— Kuzatuvchilar qanday huquqlarga ega?  

 — Darhaqiqat, ushbu muhim siyosiy jarayonda kuzatuvchilar institutining ishtirokiga oid huquqlari qonunchiligimizda belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra, kuzatuvchilar referendum oʻtkazuvchi okrug va uchastka komissiyalarining majlislarida, referendum uchastkasida hozir boʻlish, tayyorgarlik ishlarining borishini kuzatishlari mumkin. Shuningdek, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va ovoz berish qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning roʻyxatga olinishi, ovoz berish byulletenlarining ularga berilishini kuzatish huquqiga ega.  

 Bundan tashqari, kuzatuvchilar referendumda ovoz berish jarayonlari tugaganidan soʻng ovozlarni sanab chiqishda va referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining ovoz berish yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomasini tuzishda hozir boʻlishi mumkin. Ovoz berish natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli referendum oʻtkazuvchi komissiya tomonidan tasdiqlangan nusxalarini soʻrash va olish huquqlariga ega. Agar referendumda qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asos boʻlsa, ular oʻz kuzatuvlari toʻgʻrisida referendum oʻtkazuvchi yuqori komissiyaga maʼlum qilishlari mumkin.  

— Kuzatuvchilarga mumkin boʻlmagan holatlar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.  

— Albatta, qonunchiligimizda kuzatuvchilarga man etiladigan holatlar ham belgilab qoʻyilgan. Xususan, ular ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlishi, ovoz beruvchilarga taʼsir oʻtkazishi, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatishi mumkin emas. Qolaversa, ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish man etiladi. Kuzatuvchilar, shuningdek, referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish chogʻida aralashishi mumkin emas.  

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net