Referendum – xalq xohish-irodasining yorqin ifodasi

18.04.2023 15:31

Tizimli ishlar

Mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – Konstitutsiyamizni isloh qilish borasida oʻz vaqtida boshlangan va sobit davom ettirilayotgan ishlar yangi, yanada yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Buni amalga oshirilayotgan tizimli ishlar jarayonidan ham koʻrish mumkin.

Ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantigʻi, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, muxtasar aytganda, shiddat bilan oʻzgarayotgan davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Prezidentimiz parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida koʻrib chiqishni hamda referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilishni taklif etganini xalqimiz ulkan mamnuniyat bilan kutib oldi.

Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning tashabbuskori va ijodkori – xalqimiz. Xalqimiz tomonidan saylangan vakillar – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati aʼzolari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoatchilik vakillaridan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholining fikr-mulohazalari, takliflari toʻplangani va mutaxassislar ishtirokida puxta oʻrganib chiqilgani fikrimiz dalilidir. Ikki bosqichda amalga oshirilgan xalq fikrini oʻrganish jarayonida puxta takomillashtirilgan Konstitutsiya loyihasi bilan 5 milliondan ortiq yurtdoshimiz tanishgani, 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani va loyiha olti turdagi ekspertizadan oʻtkazilgani buning yorqin dalilidir. Bu faollik – xalqimizning oʻz kelajagiga, el-yurtimiz, mustaqil Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuygʻusi soʻnggi yillarda naqadar yuksalganining amaldagi ifodasi.

Konstitutsiyamizga binoan, Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari hisoblanadi. Ushbu vakolatlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 9-10-mart kunlari boʻlib oʻtgan navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish haqidagi masala batafsil muhokama qilindi va referendum sanasi belgilandi.

Konstitutsiyaviy sud Qonunchilik palatasining konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazishga doir qarorini Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi. Oliy Majlis Senatining 14-mart kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisida referendum sanasini belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, referendumga qoʻyilayotgan masalaning matni ham referendum tayinlanganda Oliy Majlis tomonidan maʼqullanadi. Oliy Majlis palatalarining qarorlarida belgilanganidek, joriy yilning 30-aprel, yakshanba kuni boʻlib oʻtadigan referendum byulletenida: “Siz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb yoziladi.

Bir soʻz bilan aytganda, shu yil 15-mart kuni matbuotda eʼlon qilinib, jamoatchilik eʼtiboriga havola etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi sifatida yaratildi.

Masʼuliyatli jarayon

Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga binoan, referendumni tashkil etish va oʻtkazish Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga yuklatilgan. Ayni kunlarda bu masʼuliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan referendumga oid qonunchilikda belgilangan tartib-tamoyillar asosida izchillik bilan muvofiqlashtirib borilmoqda. Avvalo, Markaziy saylov komissiyasining 16-mart kuni boʻlib oʻtgan majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish kalendar rejasi tasdiqlandi va ijrosiga jadal kirishildi.

Markaziy saylov komissiyasining shu munosabat bilan tasdiqlangan va rasmiy veb saytida oʻsha kuniyoq eʼlon qilingan qarorlarida boʻlajak referendumga tayyorgarlik koʻrishga oid eng muhim vazifalar belgilab olindi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida referendum okruglari tuzilib, mazkur siyosiy tadbirga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasi tasdiqlandi, referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malaka oshirishini tashkil etish konsepsiyasining keyingi bosqichlarini amalga oshirish choralari belgilandi. Matbuot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan referendum oʻtkazuvchi oʻn toʻrtta okrug komissiyasi tarkibiga saylov hamda referendum oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar, jumladan, huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, jurnalistlar va boshqa kasb vakillari kiritildi. Referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari jami 266 aʼzodan iborat boʻlib, shulardan ayollar 112 nafarni, yaʼni 42 foizni tashkil etdi. Okrug komissiyalari rahbarlik (rais, rais oʻrinbosari va kotib) lavozimlarida faoliyat yuritayotgan ayollar salmogʻi esa 38 foizdir. Okrug komissiyalari raisligiga ilk bor ikki ayol tasdiqlandi.

Ezgu maqsad

Referendum oʻtkazuvchi 10 ming 758 uchastka komissiyasi aʼzolari tarkibidan qariyb 117 ming fuqaro joy oldi.

“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, referendum uchastkalari referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga mumkin qadar koʻproq qulaylik yaratish maqsadida tuziladi. Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari aʼzolarining umumiy sifat tarkibi tahlil qilinganda, jami aʼzolardan qariyb 80 foizi saylovlarda ishtirok etgan, tajribali fuqarolar ekani ayon boʻladi.

Uchastka komissiyalari aʼzolari safida ayollar ishtiroki 49,7 foiz. Ayni paytda komissiyalar raislarining 37,7 foizini, rais oʻrinbosarlarining 40,6 foizini, kotiblarning 53,6 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Boshqacha aytganda, referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari rahbarlari safida ayollar har qachongidan koʻp – oʻrtacha 44 foiz. Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari tarkibida 21 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan navqiron avlod vakillari 50,7 foizni, nogironligi boʻlgan ijtimoiy faol fuqarolar vakillari salmogʻi esa 2129 nafarni tashkil etadi.

Bularning barchasi mamlakatimizda gender tenglikni va xotin-qizlar huquqlarini amalda taʼminlash, yoshlarning, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish borasida koʻrsatilayotgan doimiy gʻamxoʻrlik samarasidir. Shu bilan birga, ushbu raqamlar mamlakatimizda inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyatga xos yuksak maʼnaviyatning amaldagi yana bir roʻyobidir.

Tayyorgarlikdagi takomil

Referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish oʻz-oʻzidan boʻladigan ish emas, albatta. Bu referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi referendum komissiyalari, referendumning barcha tashkilotchilari oʻz ishini milliy qonunchilik va eng ilgʻor demokratik prinsiplar asosida hamda yuksak tashkiliy darajada amalga oshirishini taqozo qiladi. Bunda referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish alohida ahamiyat kasb etishi, tabiiy.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan Referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga muvofiq, ushbu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Mazkur konsepsiya asosida tashkil etilgan seminar-treninglarda jami 120 mingdan ziyod referendum tashkilotchisi malaka oshirdi.

Oʻquv-metodik materiallar asosida oʻtkazilgan mashgʻulotlarda mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati, referendumni tashkil etish va oʻtkazishda okrug va uchastka komissiyalarining oʻrni, ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatini shakllantirish va ushbu roʻyxatlar bilan ishlashda okrug va uchastka komissiyalari oldida turgan vazifalar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish kabi muhim mavzularda tushunchalar berildi.

Avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida hududlarga biriktirilgan respublika trenerlari tasdiqlangan dastur boʻyicha malaka oshirgan boʻlsa, keyin ularning oʻzi 977 hududiy trener uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi poytaxti, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida mashgʻulotlar oʻtkazdi.

Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning bilim va koʻnikmasini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan seminar-treninglar ham zamonaviy binolar va auditoriyalarda interaktiv usullarda – maʼruza, simulyatsiya, referendum jarayonlarini modellashtirish, videodars, videorolik, referendumga oid qoʻllanmalardan keng foydalangan holda oʻtkazilganini alohida taʼkidlash joiz. Mashgʻulotlarda tinglovchilar soni 21 nafardan koʻp boʻlmagani malaka oshirish sifati va samaradorligini yuqori darajada taʼminlash imkonini berdi.

Buni seminar-trening mashgʻulotlari yakunida tinglovchilar topshirgan test sinovlari ham yaqqol koʻrsatdi. Sinovda ishtirokchilarning 27 foizi eng yuqori – 100 ball, 73 foizi 90 va undan yuqori ball olgan boʻlsa, 0,2 foiz tinglovchining toʻplagan balli 70 dan oshdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda yaratilgan “Referendum2023” mobil ilovasidan nafaqat referendum tashkilotchilari, balki har bir fuqaro referendum mavzusida oʻzi istagan qonunni, qaroru nizomni, yoʻriqnomayu dasturni, ilmiy, ommaviy maqolalarni, qoʻllanmayu risolalarni, hatto zarur telefon raqamlaridan to interaktiv xaritagacha osongina topishi mumkin.

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida faol ish boshlagan Call-markazga 1200 qisqa va bepul telefon raqami orqali har kuni fuqarolardan koʻplab murojaatlar tushmoqda. Savollarga referendum qonunchiligi va amaliyoti boʻyicha malakali ekspertlar va mutaxassislar tezkorlik bilan javob bermoqda.

Yangi qulaylik – AR texnologiyalar orqali ovoz berish kuni, ovoz berish uchastkasini aniqlash hamda referendumga oid boshqa koʻplab maʼlumotlarni oʻzbek, qoraqalpoq, rus hamda ingliz tillarida olish mumkin. Yaratilayotgan bunday qulayliklar samarasida egallangan bilim, orttirilgan malaka va amaliy tajriba referendumni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazishga xizmat qiladi.

Yuksak maqsadlarni koʻzlab

Zamonaviy axborot texnologiyalari hayotning barcha sohalariga, jumladan, milliy saylov tizimiga ham dadil kirib bormoqda. Saylov jarayonlariga axborot texnologiyalari joriy etish koʻlami va sifati muttasil oshib, erishilgan natijalar takomiliga yetkazilmoqda.

Jumladan, joriy yilda boʻlib oʻtadigan referendum kuni ovoz berish jarayonini mamlakatimizning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha referendum uchastkasida oʻrnatilgan videokameralar orqali amalga oshiriladigan videotranslyatsiyadan real vaqt rejimida (onlayn) kuzatib borish mumkin boʻladi. Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarda, saylov.uz rasmiy veb saytida hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Oʻzbekiston-24” va boshqa telekanallari orqali ham ovoz berish jarayonini uzluksiz kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Muxtasar aytganda, ovoz berish videotranslyatsiya qilinadigan referendum uchastkalaridagi barcha jarayonlarni nafaqat Oʻzbekiston aholisi, balki xorijda ham minglab odamlar kuzatib borishi mumkin.

Referendum oʻtkazuvchi 14-Toshkent shahri okrug komissiyasi tavsiyasiga binoan, poytaxtimiz tumanlarida joylashgan ayrim referendum uchastkalarida referendum kuni ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. Shu kunlarda mazkur tizim joriy etiladigan referendum oʻtkazuvchi ellikta uchastka hududida fuqarolar biometrik identifikatsiya qilinishi va uni amalga oshirish tartibi borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Referendum jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilishi ushbu muhim siyosiy tadbirning eng yuksak xalqaro demokratik tamoyillar asosida, ochiq-oshkora va shaffof oʻtishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi imkoniyatlar

Muddatidan oldin ovoz berish – fuqarolarning referendumda ishtirok etish huquqini taʼminlashning muhim vositasi. “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, referendum kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan ovoz beruvchi fuqaro muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Joriy yilda referendumda muddatidan oldin ovoz berish 19-aprel kuni, yaʼni ertadan boshlanib, 26-aprel kuni yakunlanadi.

Referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar etib belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan referendum uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu referendum uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar amalga oshiriladi.

Avvalgi referendumlar oʻtkazilgan davrda qonunchiligimizda fuqarolar uchun bunday qulay imkoniyatlar nazarda tutilmagan edi. Yurtimizda referendum oxirgi marta bundan 20 yil avval – 2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan. Oʻtgan davr mobaynida, ayniqsa, soʻnggi olti yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotida, jumladan, milliy saylov tizimida gʻoyat ulkan oʻzgarishlar yuz berdi.

Inson qadrini amalda yuksaltirish tamoyili davlatimiz siyosatining eng ustuvor vazifasiga aylandi. Buni fuqarolarning saylov va referendumga oid huquqlarini yanada kengroq taʼminlash borasida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami va samaralari ham koʻrsatib turibdi.

Prezidentimiz 2022-yil 16-iyun kuni imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga binoan, referendumga doir qonunga zarur oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi buning yorqin misolidir.

“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunning 8-moddasiga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, mamlakatimiz tarixida birinchi marta referendumda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar ishtirok etadi. Bu boʻlajak referendum jarayonlarini umumiy hisobda 50-60 ming mahalliy kuzatuvchi rasman kuzatib boradi, degani. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, barcha ovoz berish uchastkalarida ularning va xalqaro kuzatuvchilarning referendumni kuzatishini emin-erkin amalga oshirishi uchun qonunchilikda nazarda tutilgan barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 13-iyulda boʻlib oʻtgan majlisida tasdiqlangan Siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomda qonundagi mazkur normaning ijrosiga oid tartib-qoidalar batafsil bayon qilingan. Shuningdek, qonunga kiritilgan oʻzgartishlarga binoan, kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasini kamida uch kun oldin xabardor qilishi kerak.

Siyosiy partiyalar aʼzolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlari, sudlarlar mansabdor shaxslari, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar referendum oʻtkazuvchi okrug va uchastka komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas. Referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolariga referendumga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasida koʻrsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlari va boshqa xarajatlarning oʻrnini qoplash maqsadida kompensatsiya toʻlanadi. Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasining xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda faqat sudga shikoyat qilinishi mumkinligi belgilandi.

Markaziy saylov komissiyasining joriy yilda boʻlib oʻtadigan referendum jarayonlarini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni referendumga doir qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalardan, xalqaro standartlar hamda amaliyotdan kelib chiqib yanada takomillashtirish, shu jumladan, referendumga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash ishlari oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirildi.

Doimiy eʼtibor

Mamlakatimizda barcha fuqarolarning, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov va referendumda ovoz berish huquqlarini taʼminlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida mustahkamlangan. Markaziy saylov komissiyasi saylovlar va referendumlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi boʻlgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga doimiy eʼtibor qaratib keladi. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi brayl alifbosida chop etildi.

Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi fuqarolar referendum byulletenida oʻz xohish-irodasini mustaqil ifoda eta olishi uchun har bir referendum uchastkasi trafaret bilan taʼminlanadi. Markaziy saylov komissiyasining majlislarini telekanallar va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalar orqali surdotarjimada bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Mamlakatimizda binolarni, ayniqsa, ularning kirish va chiqish joylarini barpo etish boʻyicha xalqaro standartlar joriy etilgan. Referendum okruglari va uchastkalari uchun binolarni tanlashda ana shunday andazalardan kelib chiqib, jismoniy imkoniyatlari cheklangan fuqarolarning alohida ehtiyojlari inobatga olingan. Bularning barchasi nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qoʻllab-quvvatlanayotgan intilish

Jamiyat hayotida demokratik tamoyillarni mustahkamlashda, ayniqsa, saylovlar va referendumlarning ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekiston Respublikasining referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish ishlari izchil davom etmoqda. Shu kungacha xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning missiyalaridan 80 dan ortiq kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

Markaziy saylov komissiyasining referendumga bagʻishlangan barcha majlislari va boshqa tadbirlari ommaviy axborot vositalari vakillarining bevosita hozirligida, ochiq-oshkora oʻtayotganini hamda keng yoritilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Hozirgacha mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 651 vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Ular orasida “Reuters” (Buyuk Britaniya), “Szinszi Jibao”, “Sinxua”, CGTN (Xitoy), TRT (Turkiya), “France-Presse” (Fransiya), “The Daily Ittehad” (Pokiston), “Kazinform”, “Xabar”, “Atameken Business Media Holding”, “Kursiv” (Qozogʻiston), “Kabar” (Qirgʻiziston), “Jumhuriyat” (Tojikiston) kabi nufuzli axborot agentliklari va nashrlar bor.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan majlislar, seminarlar, brifinglar va boshqa tadbirlar haqida ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalar orqali oldindan eʼlon qilib borilishi yaxshi samara bermoqda. Eʼlonda boʻlajak tadbirning qachon va qayerda oʻtkazilishi hamda unda qanday masalalar koʻrib chiqilishi aniq aytilishi jurnalistlarning ishida juda qoʻl kelmoqda.

Komissiyamizning referendumga bagʻishlangan barcha majlislari tafsilotlari qator teleradiokanallar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar hamda YouTube platformasi orqali bevosita va muntazam yoritib borilmoqda.

Daxldorlik tuygʻusi bilan

Referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari qizgʻin pallaga kirganini shundan ham bilsa boʻladiki, Markaziy saylov komissiya shu kunlarda haftasiga ikki-uch martadan majlis oʻtkazmoqda. Sababi maʼlum, referendum kunigacha muddat tobora oz – sanoqli qolmoqda. Qolaversa, bu – “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonuni va kalendar rejada belgilangan vazifalar talabi. Ushbu hujjatlarda tayyorgarlik davrida amalga oshiriladigan ishlar kunma-kun aniq belgilab qoʻyilgan.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumda ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi tasdiqlandi. Byulletenga “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga asosan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlis Senatining 14-martdagi qarorlarida koʻrsatilgan masalaning matni (“Konstitutsiyani qabul qilasizmi?”) kiritildi va ovoz beruvchi xohish-irodasining variantlari “Ha” yoki “Yoʻq” deb koʻrsatildi. Shuningdek, byulletenda uni toʻldirish tartibi toʻgʻrisida ham tushuntirish berildi.

Referendum kuni ovoz berish huquqiga ega har bir fuqaroning referendum uchastkasiga borib, Vatanimiz, xalqimiz va farzandlarimizning kelajagi taqdiriga daxldorlik tuygʻusi bilan shaxsan ovoz berishi – yuksak fuqarolik burchi.

Yangi Oʻzbekiston “Inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlat” ezgu gʻoyasi negizida barpo etilmoqda. Ushbu ulugʻvor maqsad xalqimizni yangidan-yangi marralar sari ruhlantirmoqda. 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendum ana shunday buyuk maqsadga erishishda muhim omil boʻlishi shubhasiz.

Zayniddin Nizomxoʻjayev,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi,

Oʻzbekiston Qahramoni.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net