Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi

23.03.2023 14:43

Mamlakatimizda ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar davom etyapti. Bu jarayonda maʼmuriy islohotlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini yangilangan talablar va tamoyillar asosida tashkil etishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi boʻldi. Farmonga muvofiq, islohotlarning birinchi bosqichi doirasida 2023-yil 1-yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirish toʻgʻrisidagi taklif qabul qilindi.

Belgilangan tamoyilga koʻra, qoʻmita shaklidagi davlat organlari ikki toifaga, yaʼni tegishli soha ichidagi tarmoq faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va tartibga soluvchi hamda tizimdagi rahbariy ishlarni kollegial asosda tashkil etadigan, shuningdek, vazirlikning tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq, alohida maqomga ega hamda bevosita Oʻzbekiston Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga ajratildi.

Ijro etuvchi hokimiyat organlari, jumladan, rahbar lavozimlardagi kadrlar 30 foizgacha maqbullashtirilmoqda. Respublika ijro etuvchi hokimiyati organlarining vazifalari ham tartibga solinib, kamida 10 foiz kamaytiriladi. Rahbarlar faoliyatiga fuqarolarning takliflari asosida tuzatishlar kiritilyapti, ularning jamoatchilik oldidagi hisobdorligi kuchaytirilyapti va boshqa yangiliklar joriy etilyapti.

Mazkur farmonga binoan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi negizida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tashkil etilib, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining funksiyalari ham uning zimmasiga yuklatildi.

Qoʻmitamizning 2022-yildagi faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, 19 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Shundan 3 ta qonun, Prezidentning 4 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 9 ta qarori loyihalari va  qoʻmitaning 3 ta idoraviy hujjati tayyorlandi.

Xususan, qoʻmita tomonidan xalqaro ekspertlar koʻmagida tayyorlangan yangi “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullandi.

Qonun hujjatlari loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash (ex-ante) maqsadida vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan 451 ta hujjat ekspertizadan oʻtkazilgan, ularning 49 foizida raqobatni cheklovchi normalar aniqlangan va ularni chiqarib tashlash boʻyicha xulosalar kiritilgan.

Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati hamda davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan amaldagi normativ-huquqiy va boshqa qabul qilingan hujjatlar (ex-post) raqobatga taʼsirini baholash maqsadida xatlovdan oʻtkazildi. Bu jarayonda 76 ta mahalliy davlat hokimiyati hamda 9 ta davlat boshqaruvi organining hududiy boʻlinmalari tomonidan raqobatni cheklovchi 521 ta qaror va hujjat qabul qilingani aniqlandi va ularni bekor qilish boʻyicha choralar koʻrildi.

Amaldagi qonunga muvofiq, xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega boʻlishiga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid boʻlgan hamda boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoxud ularning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlari insofsiz raqobat deb baholanadi.

Qoʻmita va uning hududiy organlari tomonidan 633 ta holatda insofsiz raqobat holatlari aniqlanib, mazkur qonun buzilishlarini bartaraf etishga qaratilgan koʻrsatmalar berildi.

Raqobat muhitida oʻzining bozordagi mavqeini saqlab qolish va mustahkamlash uchun tadbirkor doimiy ravishda oʻz ustida ishlashga — tovar tannarxini pasaytirish yoʻllarini izlash, innovatsion yechimlar va marketingni joriy etish, reklama qilishga majbur boʻladi. Shuning uchun amaliyotda ayrim tadbirkorlar raqobatdan koʻra, oʻzaro “til biriktirib” ishlashni afzal koʻradi. Raqobatchilar tomonidan narxlarni oʻzaro kelishgan holda belgilash, oshirish va muvofiqlashtirish boʻyicha kelishuvlar “kartel kelishuvi” (til biriktirish) deb nomlanadi. Bunday oʻzaro munosabatlar ularga “xufiyona” tarzda ustun ravishda harakatlanish imkonini beradi. Shu bilan birga, amaliyotda bunday kartel kelishuvlari yashirin tarzda amalga oshirilishi sababli ularni aniqlash oʻta murakkab vazifa sifatida qolmoqda.

Tovar, moliya va raqamli bozorlarda yurtimizda raqobat muhitini baholash, shuningdek, mahalliy mahsulotlar bilan toʻyinganlik darajasini aniqlash maqsadida qoʻmita tomonidan 262 ta tovar va xizmatlar bozori tahlil qilindi. Bu jarayonda sement, mineral oʻgʻit, elektr hisoblagichlar, chinni-fayans mahsulotlar, sugʻurta xizmatlari bozorlari, qoʻriqlash, tadbirkorlik subyektlarining fiskal maʼlumotlarini soliq tizimi bilan integratsiya qilish, onlayn taksi agregatorlari xizmatlari, tabiiy monopoliya subyektlarining monopollashgan yondosh bozorlarni chuqur oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tahlil natijalari boʻyicha 15 ta tovar va moliya bozorida yetarlicha raqobat shakllangani sababli monopoliya holatidan chiqarilgani, aksincha, 7 ta shunday bozorda ustun mavqega ega korxonalar mavjudligi aniqlandi. Umuman olganda, bugungi kunda raqobat yetarli darajada rivojlanmagan 97 ta tovar va moliya bozorida ustun mavqega ega 85 ta korxona va shaxslar guruhi faoliyat yuritmoqda. 

Soʻnggi yillarda tabiiy monopoliya subyektlari sonini 151 tadan 129 taga qisqartirishga erishildi. 2022-yilda yirik davlat monopoliyalari, tabiiy monopoliya subyektlarining davlat reestriga kiritilgan 134 ta xoʻjalik yurituvchi subyektning 11 ta xizmat turi boʻyicha faoliyati ustidan monitoring olib borildi. Ushbu subyektlarning 70 foizi davlat ishtirokidagi korxonalar, qolgan qismi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri keldi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi samaradorligi va hisobdorligini oshirgan holda, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, iqtisodiy oʻsish, sogʻlom raqobat muhitini va tadbirkorlarning bozorlarga erkin kirishini taʼminlash hamda fuqarolar manfaatlarini himoya qilish va aholi farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlarga oʻzining munosib hissasini qoʻshishda davom etadi. Bunda ixcham va yaxlit davlat boshqaruvi tizimining yoʻlga qoʻyilishi faoliyatimiz natijadorligini taʼminlashda yetakchi kuchga aylanadi.

Farrux Qoraboyev,

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini

himoya qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net