QOZOGʻISTONDA OʻZBEKISTON YILI: HAMKORLIKDAGI LOYIHALAR SARHISOBI

13.04.2019 15:35

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari 2017 yilning sentabr oyida 2018 yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili hamda 2019 yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilini oʻtkazishga kelishib olgan edi.

Shu munosabat bilan Qozogʻistonda keng nishonlangan Oʻzbekiston yili doirasida iqtisod, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda 100 dan ziyod qoʻshma tadbirlar, maʼrifiy uchrashuvlar, turli festival va ijodiy kechalar oʻtkazildi. Ikki mamlakat sanʼat namoyandalarining oʻzaro tashriflari amalga oshirildi. Oʻzbek Milliy akademik drama teatri, Navoiy viloyati ijodiy jamoalarining gastrol safarlari qoʻshni Qozogʻiston viloyatlarida katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Quyida oʻtgan yilda hamkorlikda erishilgan yutuqlar va muhim tarixiy voqealar qisqa satrlarda keltiriladi.

***

2017 yil, 16-17 sentabr

Kozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻldi. Mazkur tashrif davomida olib borilgan muzokaralar yakuni boʻyicha ikki davlat rahbarlari 2018 yilni Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili sifatida nishonlashga kelishib oldilar. 2019 yil esa Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Ikki davlat rahbarlari mazkur tashabbus doirasida qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi yaqin munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladigan qator tadbirlar oʻtkazilishini qayd etishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotladi.

***

2018 yil, 17 yanvar

Olmaotada Qozogʻiston va Oʻzbekiston olimlarining qurultoyi boʻlib oʻtdi. Unda Buyuk ipak yoʻlining ahamiyati va maʼnaviy merosni qayta tiklash masalalari muhokama qilindi. Qurultoyda ikki mamlakatdan 100 nafarga yaqin sotsiolog va madaniyatshunos olimlar ishtirok etdi. Oʻzbekistonlik olimlar har ikki mamlakat madaniy-maʼanviy merosini hamkorlikda oʻrganish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

***

2018 yil, yanvar

Qozogʻiston “NK «Kazakh Tourism” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Rashid Kuzembayev Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda qoʻshma sayyohlik yoʻnalishlarini ishlab chiqayotganini maʼlum qildi. Uning bildirishicha, Qozogʻistonda oʻtkaziladigan Oʻzbekiston yili doirasida Buyuk ipak yoʻli boʻyicha transmilliy turlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Biznes-forumlar tashkil etilib, turoperatorlar uchrashuvlari oʻtkaziladi.

***

2018 yil, 3 fevral

“Oʻzbekkino” milliy agentligi Bosh direktori oʻrinbosari Shuhrat Rizayev 3 fevral kuni Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuvda har ikki mamlakat kino rejissyorlari, ssenariynavislari va operatorlari ishtirokida ijodiy guruh tashkil etish taklifini bildirdi.

“Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining nishonlanishi kinolarimizni nafaqat yirik shaharlar, viloyatlarda namoyish etish, balki Oʻzbekistonda Qozogʻiston kinosi kunlari va aksincha Qozogʻistonda Oʻzbekiston kinosi kunlarini oʻtkazishn imkonini beradi”, – dedi Shuhrat Rizayev.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha kinomatografiya sohasida hujjatli, badiiy va badiiy-publitsistik kinolar boʻyicha loyihalarni amalga oshirish imkonini beradigan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish rejalashtirildi.

***

2018 yil, 14 mart

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining ochilishi arafasida Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxamediuli hamkorlikda tarixiy film yaratish rejasi borligini maʼlum qildi.

“Oʻzbek hamkasblarimiz bilan tarixiy film suratga olish masalasini koʻrib chiqyapmiz. Zero, tariximiz mushtarak", – dedi Aristanbek Muxamediuli ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Qozogʻiston hukumatlararo komissiyasining 17-majlisida.

***

2018 yil, 14 mart

Qozogʻiston Respublikasi investitsiyalar va rivojlanish vaziri Jenis Kasimbek Qozogʻiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasida avtobus, avia va temir yoʻl qatnovlari sonini oshirish borasidagi rejalar haqida maʼlum qildi.

“Oʻtgan yili bizda avtobus qatnovlari umuman yoʻq edi. Kuz oylaridan boshlab Toshkent-Chimkent yoʻnalishida avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyildi. Bugun avtobuslarda yoʻlovchilar soni koʻpligini koʻryapmiz. Shu bois, ayni paytda Toshkentdan Ostona va Olmaotaga avtobuslar qatnovini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib boryapmiz. Bu qatnovlar yoʻnalishiga Tarazni ham qoʻshish taklifini bildirdik. Oʻzbekiston tomoni bizga Samarqand va boshqa sayyohlik shaharlarini ham koʻrib chiqishni taklif etdi. Ostona va Toshkent oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini toʻrttadan yettitagacha, Olmaota va Toshkent oʻrtasidagi qatnovlarini esa yettitadan oʻntagacha koʻpaytiramiz”, – deya taʼkidladi vazir.

Jenis Kasimbek, shuningdek, “Olmaota-Toshkent” poyezdi qatnovi davriyligini oshirish haqida ham eslatib oʻtdi. Mazkur poyezd 18 martdan boshlab haftasiga uch marta, apreldan boshlab esa Samarqand-Ostona yoʻnalishi boʻyicha qatnaydigan temiryoʻl yoʻlovchi poyezdlari muntazam qatnaydi.

***

2018 yil, 15 mart

“Ostona opera” teatrida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Prezidentlari va Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari aʼzolari, diplomatik korpus vakillari, xorijlik faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Marosimda Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev nutq soʻzladilar. Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlari mazkur yirik tadbir ikki xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish va doʻstlik rishtalarini mustahkamlashda muhim rol oʻynashini taʼkidladilar.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yoʻlidagi ulkan xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni birinchi darajali “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi.

***

2018 yil, 24 mart

Toshkent shahridan Toshkent-Chimkent velomarafoni start oldi. Tadbir Chimkent hokimiyati tashabbusi bilan Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi. Unda 130 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Yoʻnalishning umumiy uzunligi 125 km.ni tashkil etdi.

***

2018 yil, 27 mart

Qozogʻiston Musulmonlar maʼnaviy boshqarmasi raisi Serikbay hoji Orazning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat diniy bayramlariga oid umumiy fatvo kiritish toʻgʻrisidagi hujjat imzolandi.

Qozogʻiston Oliy muftiysi ilgari har ikki mamlakatda diniy bayramlar sanalari boʻyicha farq boʻlganini qayd etdi. Shuningdek, memorandumga koʻra, ikki mamlakat fuqarolariga Oʻzbekiston – Qozogʻiston hududida joylashgan madaniy-tarixiy muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkoni taqdim etildi.

***

2018 yil, 10-14 may kunlari

Oʻzbek Milliy akademik drama teatri ijodiy jamoasining Janubiy Qozogʻiston viloyatiga gastrol safari tashkil etildi. Oʻzbekiston teatr jamoasi qozoqistonlik tomoshabinlar uchun Erkin Xushvaqtovning “Koʻngil” komediyasini namoyish etdi. Spektakl Sayram tumanidagi Karabulak qishlogʻi madaniyat uyida hamda J.Shanin nomidagi viloyat akademik teatrida ham namoyish etildi.

***

2018 yil, 23 may

Chimkentda Oʻzbekiston – Qozogʻiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda 62 million dollarlik 8 ta hujjat imzolandi. Janubiy Qozogʻiston viloyatining toʻqimachilik tarmogʻi uchun sarmoya kiritish, “Oңtүstіk” maxsus iqtisodiy zonasida toʻqmachilik korxonasini qayta tiklash toʻrgʻisidagi memorandumlar shular jumlasidan. Chimkentda “yashil” loyihalarni amalga oshirish yuzasidan sherikchilik qilish toʻgʻrisidagi kelishuv yuqori samaralar berishi qayd etildi.

***

2018 yil, 28 iyun

Osiyoda oʻzaro hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha uchrashuv mamlakatlari milliy-madaniy markazlarining forumi doirasida Qozogʻiston xalq assambleyasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Bu ikki mamlakat hududida oʻzbek va qozoq tillarini oʻrganishdagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish imkonini berdi.

***

2018 yil, 6 iyul

Turkistonda Temuriylar tarixi davlat muzeyining koʻrgazmasi ochildi. Ushbu muzeyda Oʻzbekiston tarixiga oid noyob buyumlar saqlanadi. Turli qoʻlyozmalar va yozishmalar, oltin, kumush va mis tangalar, kulolchilik buyumlari shular jumlasidan. Koʻrgazmadan asosiy maqsad – hududlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashdan iborat.

***

***

2018 yil, 10 avgust

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Xorijda oʻzbek klassikasi va zamonaviy adabiyotini oʻrganish, targʻib qilishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Anjuman doirasida Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulugʻbek Yesdaulet bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

“Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining eʼlon qilinishi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilishga oid qarori qardosh xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik rishtalari mustahkamlanayotganidan dalolatdir. Biz qozoq yozuvchilari bundan juda mamnunmiz. Bu davlatingiz rahbarining adabiyotga boʻlgan yuksak eʼtiboridan dalolat. Oʻzbek va qozoq adabiyotchilarini yanada yaqinlashtirish yoʻlidagi mazkur tashabbus ijodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi”, – dedi U. Yesdaulet.

***

2018 yil, 8 sentabr

Ostona hokimligi maydonida Qozogʻistonda Oʻzbekiston turizmi yili tadbirlari boʻlib oʻtdi. Uning doirasida oʻzbek milliy taomlari tayyorlanib, oʻzbekistonlik mohir oshpazlar tomonidan mahorat darslari tashkil etildi.

***

2018 yil, 9 oktabr

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova rahbarligida delegatsiya Tarazda boʻldi.

Doʻstlik uyida “Atameken” va “Qozogʻiston ishbilarmon ayollari uyushmasi” ishbilarmon ayollar kengashi hududiy rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqot chogʻida chegara hududlarida turizm va zamonaviy lisoblar ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish istiqbollari, dizaynerlar uchun platformalar yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

***

2018 yil, 15 noyabr

Qozogʻiston xalq assambleyasining Chimkentdagi binosida Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili munosabati bilan suratga olingan “Qardosh mamlakat” nomli hujjatli film taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti teleradiokompleksi va Qozogʻistondagi Qozoq va oʻzbek etnomadaniy birlashmalari uyushmasi hamkorligida suratga olingan film xalqlarimizning istiqlol yillarida erishgan yutuqlariga bagʻishlandi.

***

2018 yil, 15-16 noyabr

Chimkentda Oʻzbekiston – Qozogʻiston birinchi mintaqaviy forumi tashkil etildi.

Forumda qator kelishuvlar imzolandi. Avtosanoat, kimyo sanoati, toʻqimachilik, daraxtni qayta ishlash kabi yoʻnalishlarda ikki mamlakat yutuqlari namoyish etildi, sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi oʻtkazildi.

***

2018 yil, 18 noyabr

Turkiston viloyati Maqtaaral tumanining 90 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Sirdaryo viloyati delegatsiyalari ishtirok etdi. Bayram mushoira, tuman badiiy jamoasi sanʼatkorlarining ijodiy chiqishlariga ulanib ketdi.

***

2018 yil, 26 noyabr

Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majilisi raisi Nurlan Nigmatulin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladi. Mazkur hujjat har ikki mamlakat parlamentlararo hamkorligida yangi bosqichni boshlab berdi.

***

2018 yil, 27 noyabr

Qiziloʻrda shahridagi Doʻstlik uyida Navoiy viloyati ijodiy jamoasi sanʼatkorlarining badiiy chiqishlari tashkil etildi. Konsert dasturidan oʻzbek va qozoq xalqlari milliy kuy-qoʻshiqlari oʻrin oldi.

***

2018 yil, 3 dekabr

Toshkentda oʻzbek kinematograflari tomonidan suratga olingan “Abay soʻzi” hujjatli filmi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Filmda shoirning yoshlik yillari, uning atrofidagi insonlar hayoti hikoya qilinadi. Film unign ijodiy jamoasi Abay tugʻilib oʻsgan yurtga, Jidebay muzeyiga tashrifi va shu orqali atoqli shoir hayoti bilan yaqindan tanishish asosida toʻplangan maʼlumotlar asosida yaratilgan.

***

2018 yil, 12 dekabr

“Qozogʻiston” markaziy konsertlar zalida Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining yopilishiga bagʻishlangan Oʻzbekiston sanʼat ustalarining konserti boʻlib oʻtdi.

Tadbir Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

– Biz turk olami va Buyuk ipak yoʻlining qayta tiklanishiga guvoh boʻlyapmiz. Mamlakatlarimiz rahbarlarining azmu shijoati tufayli Qozogʻiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasida rivojlanib borayotgan munosabatlarga butun dunyo havas bilan qaramoqda. Biz qardosh xalqlarimizga faqat olgʻa intilishlarini tilaymiz, – dedi Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxamedi oʻgʻli.

***

2018 yil, 26 dekabr

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida Toshkentda Qozogʻiston adabiyoti va madaniyati markazi ochildi. Ushbu markaz oʻquvchilarga qozoq xalqining urf-odatlari, madaniyati va sanʼati bilan yaqindan tanishish imkonini taqdim etdi. Markazda taniqli qozoq yozuvchisi va shoirlarining qozoq, rus va ingliz tilidagi asarlari namoyish etildi.

***

2018 yil, 29 dekabr

Olmaotadagi koʻchalarning biriga Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi berildi.

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining oʻtkazilishi natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar amaliy mazmun bilan boyib, mustahkamlanib bormoqda. Madaniyat, fan va taʼlim sohalaridagi hamkorlik tobora kuchaymoqda. Shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda ham ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda.

Bu boradagi ishlar 2019 yilda Oʻzbekistonda nishonlanadigan Qozogʻiston yili doirasida davom etadi.

“Kazinform” xalqaro axborot agentligi koʻmagida tayyorlandi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net