Qo'qon shahri yurtimizdagi xorijiy diplomatlarni o'ziga maftun etdi

05.03.2024 02:47

 /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 2-3-mart kunlari O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko'rsatish byurosi tomonidan Farg'ona viloyati hokimligi bilan birgalikda Toshkentda akkreditatsiyadan o'tgan xorijiy diplomatik vakolatxonalar xodimlari va ularning oila a'zolari uchun Qo'qon shahri bo'ylab sayohat tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Rossiya, Yaponiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni va Malayziya elchixonalari vakillari ishtirok etdi.

Yaponiya elchixonasi maslahatchisi Ryuita Fukuya:

- Shu paytgacha Qo'qon shahrini faqat fotosuratlarda ko'rganman va ushbu go'zal shaharni qachondir o'z ko'zim bilan ko'rishni orzu qilardim. Nihoyat, bu orzuyim amalga oshdi. Shuningdek, Qo'qon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali o'tkaziladi. Ushbu festival uchun Qo'qon shahri tanlangani bejiz emas. Qadimiy va go'zal shahar dunyoga dovrug'i ketgan mohir hunarmandlari bilan juda mashhur. Qo'qonlik hunarmandlar Yaponiya vakillari bilan hamkorlik qilishlarini va o'zaro tajriba almashishlarini istayman.

Malayziya elchisi Ilxam Tua Bin Illias: 

— Ushbu sayohat men uchun unutilmas taassurotlarga boy tarzda kechdi. Qisqa vaqt ichida hududdagi ko'plab maskanlar haqida muhim tarixiy ma'lumotlarga ega bo'ldik. Shuningdek, Rishton tumani qadimdan Markaziy Osiyodagi sirlangan sopol buyumlari markazi hisoblanar ekan. Rishtonlik kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o'zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Mahalliy hunarmandlar tomonidan ko'rsatilgan master-klass barchamiz uchun birdek qiziqarli kechdi.

Ushbu tur tashkilotchisi O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorlik bildiraman. O'zbekistondagi bir qancha elchixonalar vakillarining tashrifi o'zaro aloqalarimizni yanada mustahkamlashga ham yordam beradi. Shunday ekan, bu kabi sayohatlar oxirgisi bo'lib qolmasligi kerak, deb o'ylayman. O'z sayohatini rejalashtirayotganlarga hech ikkilanmasdan Qo'qon shahriga kelishlarini tavsiya qilaman.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net