Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish sohasiga tadbirkorlarni jalb qilish zarur

26.08.2022 11:31

O‘zbekistonda 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish maqsad qilingan.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yil birinchi yarmida 817,16 mln. kub metr tabiiy gaz, 447,0 mln. kVt soat elektr energiyasi va 8,3 ming tonna neft mahsulotlari iqtisod qilingan.

bugungi kunda umumiy qiymati 1438,7 mln. so‘mga teng elektr energetika, energiya tejamkorlik, muqobil energiya manbalari sohalariga oid 4 ta «startap» loyiha amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, 2020-2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida energetika sohasida umumiy qiymati 1,88 mlrd AQSH dollardan ortiq bo‘lgan jami 8 loyiha bo‘yicha ishlar tashkil etilgan.

Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va tejamkorligi sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish» mavzusida tashkil etilgan seminarda shu haqda gap bordi.

 

Majlisda bozor munosabatlarini keng joriy etish, iste’molchilarning energiya resurslariga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabini qondirish maqsadida sohada tizimli islohotlar zarurligi ta’kidlandi.

Energiya tejamkorlikka erishish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishga harakat qilinmoqda. Shu maqsadda «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi, «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlar takomillashtirildi. Mazkur yo‘nalishni rivojlantirishga qaratilgan bir qator Prezident qarorlari qabul qilindi.

Seminarda sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammoli masalalar saqlanib qolinayotganiga e’tibor qaratildi.

Xususan, respublikadagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy ob’ektlarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish yetarli emas.

Ijtimoiy soha ob’ektlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador va energiya tejovchi boshqa uskunalar bilan jihozlash joiz. Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish zarur.

Senat a’zolari, vazirlik va idoralarning sohaga oid mutaxassislari ishtirok etgan seminarda ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi, zarur tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net