Pusan shahrida «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» 15-hamkorlik forumi bo?lib o?tdi

25.10.2022 15:49

“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi bugun  Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan  «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» 15-hamkorlik forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Koreya Respublikasi, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va farovonligini barqaror rivojlantirishni taʼminlash bo‘yicha Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish orqali hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda hamkorlikning ushbu shakli boshlanganining 15 yilligi nishonlanayotgan mazkur yilda bu galgi Forum alohida ahamiyatga egaligini taʼkidladilar.

Forum 2007 yilda Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.

Koreya Respublikasi texnologik va kadrlar almashuvini kengaytirish, sanoat, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, elektron hukumat, axborot texnologiyalari, taʼlim, o‘rmonlarni qayta tiklash, standartlashtirish, inson resurslarini rivojlantirish va boshqa sohalarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish bo‘yicha amaliy tajribani o‘rtoqlashish orqali mintaqa rivojiga hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida pandemiyadan keyingi tiklanishning eng muhim tarkibiy qismlari bo‘lgan anʼanaviy tibbiyot, raqamlashtirish, ekologiya, turizm va iqtisodiy xavfsizlik sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlikni birgalikda yo‘lga qo‘yish, shuningdek, inqirozni birgalikda yengib chiqish va mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotining barqaror o‘sishini taʼminlash dolzarbligini taʼkidladi.

Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusining konseptual ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

Iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, buning Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsiri tadbir ishtirokchilari eʼtiboridan chetda qolmadi. O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasi tomonidan maxsus rezolyutsiya sifatida qabul qilingan Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilariga ekspert va tahlil doiralari o‘rtasida muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Toshkent shahrida ilk anʼanaviy tibbiyot forumini o‘tkazish taklif etildi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasining tarmoq vazirlik va idoralari ishtirokida gibrid formatda alohida sessiyalar, shuningdek, Markaziy Osiyo-Koreya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Forum yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net