Prezidentning Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O?zbekiston xalqiga murojaati

02.12.2022 21:34

Qadrli vatandoshlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Bu jarayonda barcha fuqarolarimiz kabi nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga eʼtibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bu borada chuqur insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan saʼy-harakatlarimiz 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kunidan ko‘zlangan maqsad va vazifalarga uyg‘un va hamohang ekanini taʼkidlash lozim.

Dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham keng nishonlanayotgan mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizdagi 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga o‘zimning samimiy hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Maʼlumki, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko‘mak va yordam berish, ularni ijtimoiy- siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu toifaga mansub fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolgan bironta ham yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehru eʼtiboridan chetda qolmasdan, o‘zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda.

Biz sizlarning bunday olijanob intilishlaringizni yuksak qadrlaymiz va ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

 

Aziz do‘stlar!

Jamiyatimizning ajralmas bir qismi bo‘lgan nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 25 dan ortiq boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratildi. Bu esa mazkur toifa vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, o‘z isteʼdod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, muxtasar aytganda, o‘zlarini jamiyatimizning to‘laqonli aʼzosi deb his etishlari uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish imkonini bermoqda.

Bugun, butun xalqimizga murojaat qilib, siz, aziz vatandoshlarimni  bu yo‘nalishda boshlagan xayrli ishlarimizni faol davom ettirishga chaqiraman. Shu maqsadda, biz barcha fuqarolar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bir xil imkoniyatlar amal qiladigan inklyuziv jamiyatni barpo etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Shu asosda nogironlikni belgilashning allaqachon eskirgan tibbiy modelidan umumeʼtirof etilgan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tishni o‘z oldimizga muhim vazifa qilib qo‘yganmiz.

Bundan buyon bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratiladi.

Nogironligi bor shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlaridagi qamrov hajmini 2 barobar oshirish, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 10 ga yaqin shunday markazlarni kengaytirib, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshiriladi.

Ishontirib aytamanki, sizlar o‘zlaringizni yolg‘iz his etmasligingiz, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishingiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishingiz, madaniy ehtiyojlaringizni taʼminlashingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt-saodat va omad tilab qolaman.

Chuqur hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net