PEKINDA O?ZBEKISTON – XITOY SARMOYAVIY FORUMI BO?LIB O?TDI

24.08.2018 21:56

Mamlakatimizda izchil hayotga tadbiq etilayotgan “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Xitoy Xalqaro savdoga ko‘maklashish kengashi va Xalqaro savdo palatasi bilan o‘zaro hamkorlikda O‘zbekiston–Xitoy sarmoyaviy forumi tashkil etildi.

Tadbirda Xitoyning qurilish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, oziq – ovqat, to‘qimachilik, dori–darmon sanoati va boshqa sohalar uchun minitexnologiyalar ishlab chiqaradigan hamda ularga tegishli xizmatlar ko‘rsatadigan kichik va o‘rta biznes korxonalari va kompaniyalarining yuz nafardan ziyod vakillari hozir bo‘ldilar.

E’tiborga molik jihati shundaki, anjuman chog‘idagi “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining taqdimoti xitoylik ishbilarmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston vakillari tomonidan mazkur muhim dasturning mamlakatimizda izchil hayotga tadbiq etilayotgani, respublikamiz ijtimoiy–iqtisodiy taraqqiyotidagi so‘nggi tamoyillar hamda qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyalar, erkin iqtisodiy zonalar va sanoat zonalarida chet ellik sarmoyadorlar uchun yaratilgan keng qamrovli qulaylik hamda imtiyozlar haqidagi atroflicha ma’lumotlar tadbir qatnashchilarining e’tiboriga havola qilindi.

Sarmoyaviy anjumanda so‘zga chiqqan Xitoy Xalqaro savdoga ko‘maklashish kengashining Sarmoyalarga ko‘maklashish bo‘yicha markazi bosh direktori Guo Gan Xitoy rahbariyatining “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi amalga oshirilishida O‘zbekiston strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mamlakat ekanligini alohida ta’kidladi. U mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, uning barcha muhim jabhalarini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni ravnaq toptirishga yo‘naltirilgan dasturlarga hamda qabul qilinayotgan chora–tadbirlarga yuqori baho berdi.

Guo Gan 2017 yili O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirgan safari haqida to‘xtalar ekan, “Qo‘qon”, “Angren” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarining salohiyati va faoliyati bilan yaqindan tanishib kelganini aytdi. Uning alohida ta’kidlashicha, Xitoy ishbilarmon doiralari o‘zbek sheriklar bilan sarmoyaviy va savdo–iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga jiddiy qiziqish bildirishmoqda. U o‘zi faoliyat ko‘rsatadigan Kengash Xitoy va O‘zbekiston korxonalarining qo‘shma sherikligi yo‘nalishlarini o‘rganish bo‘yicha zarur huquqiy va texnikaviy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Guo Gan Xitoyda va O‘zbekistonda ikki tomonlama iqtisodiy tadbirlar tashkil etish va ularni o‘tkazish yuzasidan ham ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirar ekan, mamlakatimizda tashkil etiladigan yarmarka va ko‘rgazmalar ishida xitoylik tadbirkorlarning ishtirok etishlari har ikki tomon uchun birdek naf keltirishini aytdi. Shu o‘rinda G.Gan Xitoy Xalqaro savdoga ko‘maklashish kengashi yaqin vaqt ichida o‘zbek tomoni bilan birgalikda Toshkent shahrida Xitoy minitexnologiyalari ko‘rgazmasini tashkil etishni rejalashtirayotganini ham ma’lum qildi.

Tadbir chog‘ida Xitoy korxonalari va mamlakatimiz vakillarining istiqbolli hamkorlik loyihalariga bag‘ishlangan chiqishlari ham tinglandi. Ular O‘zbekistonda oziq–ovqat, to‘qimachilik, farmatsevtika, sanoat mahsulotlari va boshqa tovarlarni birgalikda ishlab chiqarishni, shuningdek, Xitoydan yuqori texnologiyaga asoslangan uskunalar hamda ularning butlovchi qismlarini o‘zbek bozoriga yetkazib berish yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi.

Yuqoridagilar bilan birga, tadbir doirasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama etishga qaratilgan «B2B» shaklidagi ikki tomonlama muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi.

 “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining izchil amalga oshirilishida XXR tajribasini sinchiklab o‘rganish va uni mamlakatimizda muvaffaqiyatli hayotga tadbiq etish maqsadida amaliy safar bilan Xitoyga kelgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Savdo–sanoat palatasi, “Mikrokreditbank”, hokimliklar vakillaridan iborat respublikamiz delegatsiyasi a’zolari ushbu mamlakatning turli hududlaridagi sanoat zonalari, kichik uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Maqsad aniq – O‘zbekiston banklari tomonidan taqdim etiladigan kreditlar asosida yurtdoshlarimiz mo‘‘jaz ishlab chiqarish uskunalariga ega bo‘lishib, o‘zlarining ishlab chiqarishlarini yo‘lga qo‘yishsin. Toki tadbirkorlik ortidan har bir oilaning farovonligi ziyoda bo‘lsin.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net