Oʻzlikni qadrlash birlikni mustahkamlashdan boshlanadi

15.03.2023 12:36

Oʻzbekistonda yangi davr boshlanganiga ham olti yildan oshdi. Bu tarix nuqtayi nazaridan juda qisqa, inson umri jihatidan esa sezilarli muddat hisoblanadi.

Shu bois, Shavkat Mirziyoyev Prezident boʻlib saylangan ilk kunlardanoq qanchalik qiyin boʻlmasin, oʻz oldiga fuqarolarimizning erkin va farovon yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratishni asosiy maqsad qilib qoʻydi. Bu yoʻlda hech kimning xayoliga ham kelmagan tub islohotlarni boshladi.

Balki ayrimlarga yurtimizda shiddat bilan kechayotgan bunday oʻta masʼuliyatli islohotlar tabiiy jarayondek tuyular, lekin....

Keling, yaxshisi bu boradagi fikrlarga soʻnggi yillarda yurtimizda kechgan eng muhim oʻzgarishlar ­misolida toʻxtalib oʻtsak.

Soʻz erkinligi baxti

Nazarimda, soʻnggi olti yil ichida mamlakatimizda erishilgan eng katta yutuqlardan biri — jamiyatimizda anglab boʻlmas ruhiy bosim, qoʻrquv hissi yoʻqolgani boʻldi. Tanqid qilishdan, muammolarni gapirishdan, boyib ketganini bilib qolishlaridan, kambagʻallikni tan olishdan qoʻrqish. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Bugun-chi? Bugun oʻzimiz xohlagan mavzuda bemalol, hech qoʻrqmasdan gapirmoqdamiz.

Baʼzi hollarda tushunib-tushunmay, bilib-bilmay gapirib, chegaradan chiqib ketayoganimiz ham bor haqiqat. Erkinlik deb oqibatini oʻylamay, yoshlarimizni turli zararli gʻoyalar taʼsiriga tushirib qoʻyayotganimiz sir emas.

Lekin qanchalik qiyin boʻlmasin, davlatimiz rahbari demokratik tamoyillarga sodiq qolishni afzal bilmoqda. Biz esa masalaga bunday yondashuvning qadriga har doim ham yetmayotgandekmiz.

Oʻzbekistonda soʻz va fikr erkinligi qogʻozda emas, balki amalda taʼminlangani olamshumul voqea boʻldi.

Olamshumulligi shundaki, bizda soʻz erkinligi, fikr erkinligi taʼminlanishiga xorijliklar tugul oʻzimiz ham ishonmasdik. Oʻzbeklar demokratiyaga tayyor emas, ularni faqat qattiqqoʻllik bilan boshqarish kerak, degan gaplarni koʻp eshitardik. Kezi kelsa, buni oʻzimiz ham maʼqullardik.

Ammo xalqqa imkoniyat berilmasa, jamiyatda chin maʼnodagi demokratik oʻzgarishlar boshlanmasa, hurfikrlilik qayerda qoladi?

Bilamiz, har kim ham bunday ishni boshlashga jurʼat etolmasdi. Sababi, jamiyat bunga tayyor emasligi oqibatida koʻplab muammolar kelib chiqishi, bundan esa turli kuchlar oʻz manfaati yoʻlida foydalanishi mumkin edi.

Shunga qaramay, jamiyatda soʻz va fikr erkinligini taʼminlash va bu orqali milliy ruhiyatimizni qaramlik ongi sarqitlaridan xalos etish ishtiyoqi Shavkat Mirziyoyevni bir zum ham tark etmadi.

Inson oʻz fikrini erkin bildirishidan ham yuksakroq baxt bormi ­dunyoda?! U oʻz haqiqati, oʻzini oʻylantirayotgan masalalar toʻgʻrisida fikrini ochiq bildira olmas ekan, tom maʼnoda erkinman, deya olmaydi. Bunday holat inson ongu shuurini yemiradi, uni ruhiy qaramlik botqogʻiga yetaklaydi. Shuning uchun soʻz va fikr erkinligi masalasiga azaldan taraqqiyotning muhim sharti sifatida qaralgan.

Tanqid kerak, lekin...

Jamiyatda fuqarolar xolis fikr va qarashlarini qoʻrqmay ifoda etish imkoniga ega boʻlsagina, muammolar vaqtida hal etiladi, davlat rivojlanadi. Bu isbotlangan haqiqat. Asrlar davomida ajdodlarimiz orzu qilib yashagan fozil odamlar shahri va butun dunyo intilayotgan fuqarolik jamiyatini barpo etishdan asosiy maqsad ham shu boʻlsa kerak, aslida.

Lekin soʻz erkinligi deb faqat tanqidga oʻrganib qolmayapmizmi? Baʼzi hollarda esa asossiz tanqidlarga berilib, vaziyatni chigallashtirmayapmizmi? Toʻgʻri, rivojlanish bor joyda muammo ham, kamchilik ham topiladi, tanqid ham boʻladi. Gap faqat shu ­muammo va kamchiliklarni oʻz vaqtida ang­lab, toʻgʻri yechim topishda.

Afsuski, ayrim tanqidlar muammo yechimiga emas, balki jamiyatda beqarorlik, odamlar oʻrtasida norozilik kayfiyatini keltirib chiqarishga qaratilayotgani kishini oʻylantiradi.

Erkin va tanqidiy fikr bildirish taqiqlanmagan, ammo tanqid muayyan muammo yechimiga qaratilsa, ratsional taklifga tayansa, uni davlat va jamiyat, xalqimiz jon deb qabul qilishi, tan olishi shubhasiz.

Tanqidiy fikr va gʻoya yurt ravnaqiga xizmat qilsa-ku, mayli. Lekin asossiz, amaliy yechimlarsiz tanqid islohotlarga ishonchni susaytiradi, odamlarda shubha uygʻotadi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatda mehr-oqibat rishtalarini uzadi. Ular oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik, yaxshi maqsadlar yoʻlida birlashish hissini yoʻqqa chiqaradi.

Tanqid odatda ikki xil boʻladi. Birinchisi — jamiyat manfaatini koʻzlagan va mavjud muammoni hal etish boʻyicha amaliy yechimlarni oʻz ichiga olgan xolis va haqqoniy tanqid, ikkinchisi — jamiyatni izdan chiqarishni, erishilgan yutuqlarni tan olmasdan faqat gʻarazli maqsadlarni koʻzlagan tanqid.

Shu oʻrinda meni jamiyatimizning ahli ulamolari, ziyolilari kechirsinlar-u, yurtimizga otilayotgan toshlar, maʼnaviy birligimizni parchalashga qaratilgan xurujlarga qaramay, ularga qarshi asosli javob qaytarishga negadir shoshilmayapmiz, befarqmiz.

Mamlakatimizda amalga oshirilgan oʻnta ishdan bittasida kamchilik topilsa bas, buni butun dunyo eshitmoqda, bilmoqda. Yutuqlarimizni esa tuzukroq koʻrsatib berolmayapmiz. Ayniqsa, rivojlangan davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar yurtimizdagi islohotlar samarasini eʼtirof etib turgan bir paytda bu gʻoyat ayanchlidir.

Oʻtmishdan saboq

Anglab boʻlmas qoʻrquv hissidan qutulib, soʻz va fikr erkinligi imkoniga ega boʻlganimiz va uning ahamiyati haqida yuqorida toʻxtaldik. Lekin bunday oʻzgarishlarga oddiy hol sifatida qarashga oʻrganib qoldik.

Oʻtmishdan xulosa chiqarib yashash kelajakka teran nazar bilan qarashni, bugungi kunning qadriga yetishni oʻrgatadi. Bu esa insonlarda shukronalik hissini oshiradi, jamiyatda birlikni mustahkamlaydi.

Bundan bir necha yil oldin oʻqituvchi, shifokor, talaba va oʻquvchilarning majburan paxta terimiga olib chiqilgani eshitmagan quloqqa yolgʻonday ­tuyilishi mumkin.

Oʻz yaqinlarini, garchi ular bir necha chaqirimlik qoʻshni davlatda yashasa-da, yillab koʻrolmagan, kezi kelganda taʼziyasiga ham borolmagan yurtdoshlarimiz holatini bir tasavvur qilib koʻring.

Qoʻshni yurtda tugʻilib, 25-30 yildan buyon Oʻzbekistonda yashab, lekin nevaralik boʻlganda ham mamlakatimiz fuqaroligini ololmay xunob boʻlgan ayollarimizning sabru qanoati toʻgʻrisida gapirmasa ham boʻladi.

Davlatimiz rahbari oʻz faoliyatini boshlagan ilk kunlardanoq tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga jiddiy kirishdi. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatladi.

Tadbirkorni endi oyoqqa turganida tekshirishib, “ogʻzi oshga tegishi bilan boshini toshga tekkizishgan” kunlarni koʻpchilik yaxshi bilsa kerak.

Ilm ahlining koʻp yillar akademikman, professorman, deyishga uyalib yurgani, ularga beeʼtiborlik oxir-oqibat jamiyatda ziyolilar qadri tushishiga, yoshlarning ilmga ishtiyoqi soʻnishiga sabab boʻlgani ham bor gap.

Ne-ne mashaqqatlar bilan doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, ishga qaytganidan soʻng oilasini boqishga qurbi ham yetmay qiynalgan olimlarni yaxshi eslaymiz. Ularning koʻpchiligi tirikchilik ilinjida sevgan kasbidan, ilmdan kechib, bozorga chiqib ketgani ham haqiqat.

Bugun bu holat butunlay oʻzgardi. Soʻnggi 6 yilda oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining maoshi oʻrta hisobda 4 barobar oshdi. Professor bir stavkada ishlasa, ustamasi bilan oʻrtacha 15 million soʻm oladi. Qoʻshimcha 0,5 stavka ishlab yana 5 million soʻm olishi mumkin. Bir qator OTMlarda ingliz tilida dars oʻtayotganlar 100 foiz ustama olmoqda. Bu professorning oyligi oʻrtacha 30 million soʻm, degani.

Buning ustiga, dunyoning TOP-500 taligiga kirgan OTMlarda doktorlik dissertatsiyasini (PhD) himoya qilgan olimlarga ustamalar belgilangan: TOP-100 talikka kirgan OTMda 22,5 million soʻm, TOP-100 dan 300 talikkacha 18 million soʻm, TOP-500 talikkacha 15 million soʻm

Bunday misollarni boshqa sohalar boʻyicha ham keltirish mumkin.

Gapirish oson

Oldimizga qoʻyilgan ulkan marralarga erishish uchun iqtisodiyotga, ijtimoiy sohaga koʻplab investitsiyalar zarur.

Bu masalani hal etishga butunlay yangicha yondashildi. Avvalo, xalqaro tajriba oʻrganildi. Ichki imkoniyatlarga qarab oʻtirilmadi. Natijada 2022-yilning oʻzida iqtisodiyotimizga 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kirib keldi, eksport hajmi esa 19 milliard dollarga yetdi. Keng koʻlamli islohotlar samarasi oʻlaroq, oʻtgan yili yalpi ichki mahsulot ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.

Yurtimizda kambagʻallar borligi ochiq-oydin tan olinib, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning mutlaqo yangicha tizimi yaratildi. 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilaga koʻmak berilmoqda. Ajratilgan mablagʻ esa 7 barobar koʻpayib, 11 trillion soʻmga yetdi.

Yangi Oʻzbekistonda inson qadri masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu borada erishilayotgan yutuqlarni, islohotlarimiz samarasini nafaqat qoʻshni davlatlar, balki dunyoning yetakchi mamlakatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar ham tan olmoqda, eʼtirof etmoqda.

Shu oʻrinda yurtimizda inson kamoloti yoʻlida amalga oshirilgan ishlarning ayrimlariga toʻxtalib oʻtsak.

2022-yilda sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻ 2017-yildagidan 3,5 barobar ortib, 25,7 trillion soʻmni tashkil etdi. Dori-darmon va tibbiy buyumlar uchun ajratilgan mab­lagʻ esa 6,3 barobar oshdi. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 3,3 barobar oshirilib, majburiy mehnatga jalb etilishiga chek qoʻyildi.

2017-2021-yillarda investitsiya das­turlari doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi jami 62 ming 644 oʻrinli 1370 ta tibbiyot muassasasida 7,2 trillion soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.

2017-yilda maktabgacha yoshdagi bolalarning 27,7 foizi (708 ming) maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan boʻlsa, 2022-yilga kelib 71,8 foizga (2,1 million) yetdi.

Boshqa tarmoq va sohalardan farqli ravishda, belgilangan eng kam ish haqi miqdoriga bogʻliq boʻlmagan holda, ilk bora pedagog xodimlar ish haqi 2 bosqichda (2018-yil 1-sentyabr va 2019-yil 1-yanvar) 1,5 barobar oshirildi. Bugunga kelib pedagoglar ustamalar bilan ming AQSH dollari ekvivalenti miqdorida ish haqi olishi uchun imkoniyat yaratildi. Oʻqituvchi va oʻquvchilarning ham majburiy mehnatga jalb etilishiga chek qoʻyildi.

Soʻnggi besh yil davomida yurtimizda 4635 ta maktab rekonstruksiya qilindi va taʼmirlandi. Shu davrda yurtimizda nodavlat umumtaʼlim tashkilotlari soni deyarli 5 barobar koʻpaydi.

6 yil oldin oliy oʻquv yurtlari soni 77 ta boʻlgan boʻlsa, bugun bu koʻrsatkich 200 dan ortdi. Ularga qabul esa 3,5 barobar oshib, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga yetdi.

2021-yildan imtiyozli taʼlim kreditlari ajratishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyilib, bugungi kungacha 151 ming yoshga 1,7 trillion soʻm imtiyozli taʼlim krediti berildi. 65 mingdan koʻproq talaba xotin-qizga 727 mil­liard soʻmga yaqin foizsiz taʼlim kreditlari ajratildi.

2017-2022-yillarda 145 ta yangi sport obyekti qurildi, hamda 119 obyektda rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari bajarildi. Bunga jami 1,6 trillion soʻm sarflandi.

2017-yilda 305 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabida 72 mingdan ortiq oʻquvchi tahsil olgan boʻlsa, bugunga kelib maktablar soni 324 tani, oʻquvchilar soni 93 mingni tashkil etmoqda.

Oʻtgan besh yil davomida 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr tashkil etildi, 12 ­teatr, 4 muzey va 100 dan ortiq madaniyat markazida qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi.

2017-2022-yillar davomida yoshlarga ijtimoiy yordam koʻrsatish, bandligini taʼminlash, isteʼdodlarini roʻyobga chiqarish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 100 dan ortiq imtiyoz berildi. Jumladan, yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashga qaratilgan alohida dastur qabul qilindi. 2018-2020-yillarda 3460 ta yosh oilaga uy topshirilib, 156 milliard soʻm miqdoridagi boshlangʻich toʻlov 20 yil davomida foizsiz qaytarish sharti bilan toʻlab berildi. Birgina 2022-yilning oʻzida “Yoshlar daftari” tizimi orqali 292 mingdan ortiq yigit-qizga 580 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida Oʻzbekiston 2022-yili Inson kamoloti indeksida 0,727 ball bilan 101-oʻrinni (2020-yilda — 106-oʻrin) egalladi. Mazkur yoʻnalishdagi “Taʼlim indeksi”da esa koʻrsatkichlar 2020-yildagi 0,729 dan 2022-yilga kelib 0,745 ga oshdi hamda Oʻzbekiston 75-oʻringa koʻtarildi.

Global innovatsion indeksida 2020-yilda Oʻzbekiston 122-oʻrindan 93-oʻringa, 2022-yilda 82-oʻringa koʻtarilib, keskin ijobiy oʻzgarishlarga erishayotgan eng yaxshi 10 davlat qatoridan joy oldi. Ushbu indeksning inson kapitali yoʻnalishi boʻyicha 2021-yilda Oʻzbekiston 72-oʻrinda (30.4 ball) qayd etilgan boʻlsa, 2022-yilga kelib 65-oʻrinni (30.8 ball) egalladi.

Soʻngsoʻz oʻrnida

Jamiyatning oʻziga xos qudrati bor. Uning asosida evrilish hodisalari yotadi. Hodisalardan biri — oʻzlikni qadrlash. Inson va u tugʻilgan zamin qachon qadrli boʻlgan? Qachonki, oʻsha zaminda yashayotgan odamlar shuk­ronalik hissi, oʻz yurtidan faxrlanish tuygʻusi bilan yashasa.

Erkinlik siyosati qachon tugagan, degan savol berilsa, javobni tarix haqiqatlaridan izlaymiz: boʻlinish va befarqlik kayfiyati zohir boʻlgan zamonlarda.

Ikkinchisi — davr hodisasi. Tafakkur chirogʻi hamisha yoniq boʻlishi kerak. Yaʼni shunday qarash bor: tafakkur — dunyoni anglash vositasi. Dunyo esa inson tugʻilgan makon. Bu makonning yaxshi va yomoni ham, avvalo, unikidir. Shunday ekan, inson oʻz vatanini oʻzi himoya qilishga, asrab-avaylashga majbur.

Bugun shu jarayonning zamonaviy talqini shakllandi — axborot xurujidan himoya. Shunday ekan, har birimiz yurtimiz shaʼnini himoya qilishda ishtirok etishimiz kerak.

Vatanini sevgan inson adolatli va xolis tanqidni afzal biladi, jamiyatda ishonchsizlikni emas, birlikni mus­tahkamlaydi. Bunday tanqid goʻyoki bir chaqiriq boʻlib, barchani mamlakatimizdagi islohotlarda faol qatnashishga, qiyinchiliklarni birga yengib oʻtishga, davlatimiz rahbari atrofida yanada jipslashishga daʼvat etadi. Zero, ­“Vatanni sevmoq iymondandur”.

Eʼtibor bersangiz, xalqimiz har doim duoga qoʻl ochganida Yaratgandan avvalo tinchlikni, xotirjamlikni, sogʻlik va omonlikni soʻraydiBunday maqsadlarga erishishning muhim omilini esa birlikda deb biladi.

Ajdodlarimizning qadimgi ­“Avesto” kitobida ham ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal toʻgʻrisida bejiz aytilmagan. Xalq birligiga, yaxshi niyatlar, ezgu amallar birligiga erishgan jamiyat doim gullab-yashnagan.

Birlik bor yurtda ahillik, halovat va osoyishtalik hukmron. Shu bois, yurtimizda azal-azaldan “Birlikda gap koʻp”, “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar”, degan hikmatli soʻzlarga tayanib ish koʻrilgan.

Shunday ekan, ushbu murakkab, global tahdidlar, oʻtmishdan meros koʻp­lab muammolarni hal etish zarurati kun sayin ortib borayotgan bugungi kunda jips boʻlaylikbirlashaylik. Toki, bunday yashash vijdonimiz amriga, faoliyatimiz mezoniga aylansin.

 

Muhammadilhom Yoʻldoshev,

falsafa fanlari doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net