Oʻzbekiston–Xitoy: uzoq asrlarga taqaladigan oʻzaro bogʻliqlik zamonaviy hamkorlikning muvaffaqiyatli omili

20.01.2024 01:22

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-25-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Xitoyda boʻladi

Oʻzbekiston–Xitoy hamkorligining zamonaviy bosqichi 1992-yil 2-yanvarda, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, xalqaro hamjamiyatning toʻla huquqli aʼzosi sifatida Xitoy Xalq Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan onlardan boshlandi.

Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning tarixiy ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi va bugungi kunda hozirgi bosqichda samarali, oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. Mintaqalarni bogʻlab turgan, oʻzaro hamkorlik va madaniy almashinuvga turtki boʻlgan qadimiy Ipak yoʻli bugungi kunda yangicha ahamiyat kasb etib, oʻz navbatida mamlakatlar va xalqlar oʻrtasida iqtisodiy, madaniy va gumanitar koʻprik boʻlib xizmat qilishni davom etmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoyning xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, global xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha pozitsiya va yondashuvlari oʻxshash. Xitoy Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyot yoʻlini, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Ikki davlat BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, “Markaziy Osiyo-Xitoy” formati va boshqa koʻp tomonlama xalqaro tuzilmalar doirasida ham yaqin aloqalarni mustahkamlagan holda umumiy manfaatlarni himoya qilib, butun dunyoda xavfsizlik va taraqqiyotga erishishga ijobiy hissa qoʻshmoqda. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston va Xitoy SHHTni tashkil etishda faol  qatnashgan va ikki tomonlarning ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirishda har doim bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelayapti.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy rivojlanishida davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasida oʻrnatilgan ishonchli va yaqin doʻstona muloqot muhim rol oʻynamoqda.

Soʻnggi yetti yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va XXR Raisi Si Szinpin koʻp tomonlama sammitlarda uchrashdilar, ikki mamlakat rahbarlarining oʻzaro davlat, rasmiy va amaliy tashriflari boʻlib oʻtdi, qator telefon muloqotlari amalga oshirildi.

XXR Raisi Si Szinpinning 2022-yil sentyabrdagi Oʻzbekistonga tashrifi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil va 2023-yil may oylarida Xitoyga buyurgan davlat tashriflari ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli turtki boʻldi.

Yuqori darajadagi oʻzaro aloqalar ham hamkorlikning dinamikasi va barqarorligi bilan ajralib turibdi. Parlamentlararo hamkorlik faollashdi. 2017-yil may oyida Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi  oʻrtasida hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh tuzildi. Samarali parlamentlararo muloqot davom etmoqda, parlament delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari almashilyapti.

2019-yilda hukumatlararo almashinuvi doirasida Bosh vazir Abdulla Aripovning Xitoyga va XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyanning Oʻzbekistonga rasmiy tashriflari, shuningdek, 2021-yil iyun oyida hukumat rahbarlarining onlayn uchrashuvi boʻlib oʻtdi. 2022-yil avgustda esa Hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston–Xitoy Hukumatlararo qoʻmitasining 6-majlisi onlayn tarzda tashkil etildi.

2023-yil oktyabr oyida Bosh vazir Abdulla Aripov XIX Osiyo oʻyinlarining yopilish marosimida ishtirok etish uchun Xitoyga tashrif buyurdi va  XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmi yaratilgan va u muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ushbu formatda jami 17 davra uchrashuvlari oʻtkazildi. “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida ham tashqi siyosat idoralari rahbarlari oʻrtasida samarali muloqot yoʻlga  qoʻyilgan.

2023-yil noyabr oyida Pekinda ikki davlat TIV rahbarlarining birinchi Strategik muloqoti boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir doirasida Guanchjou shahrida biznes-forum va Shanxayda ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.

Bugungi kunda Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik iqtisodiy va savdo sherigi hisoblanadi. 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,2 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 34 foizga oshdi.

2011-yildan buyon Hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston–Xitoy Hukumatlararo qoʻmitasi doirasida tomonlar rivojlanish masalalari va amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qilib kelmoqda.

Qayd etish kerakki, Xitoy Oʻzbekistondagi eng yirik sarmoyadorlardan biridir. 2017-2022-yillarda Xitoy sarmoyalarining oʻzlashtirilgan umumiy hajmi salkam 11 milliard dollarga teng  boʻldi. Toʻgʻridan-toʻgʻri Xitoy sarmoyalari bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining koʻplab tarmoqlarida, jumladan, kimyo sanoati, neft-gaz sektori, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Respublikamizda yirik sarmoyaviy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan Xitoy kompaniyalari soni muttasil ortib borayotir. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 2 ming 125 korxona faoliyat yurityapti. Xususan, 2023-yilda Xitoy kapitali ishtirokida 601 ta yangi korxona tashkil etilgan.

Ikki tomonlama munosabatlarning muhim yoʻnalishdan biri – bu kambagʻallikni qisqartirish sohasidagi oʻzaro hamkorlikdir. Mazkur jabhada Oʻzbekiston tomoni Xitoy Qishloq xoʻjaligi va qishloq ishlari vazirligi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Dekabr oyi oxirida Hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston–Xitoy Hukumatlararo qoʻmitasi doirasida Kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha quyi qoʻmitaning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilning aprel oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Sirdaryo sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot sohalarida “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylanishi kerakligini taʼkidlagan edi. Bu jarayonda sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot sohalarida misli koʻrilmagan yutuqlarga erishgan Xitoyning katta tajribasidan foydalanish taklif etilmoqda.

Shu munosabat bilan 2023-yil iyun oyida Guliston shahrida Xitoyning “Xuavey”, “TiBiIEy”, “SiSiSeven” va boshqa yetakchi kompaniyalarining 250 nafar vakillari ishtirokida “Sirdaryo–Xitoy” biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Forum yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 322 million dollarlik 30 ga yaqin bitimlar imzolandi.

Xitoy–Oʻzbekiston hamkorligining asosiy yoʻnalishlaridan yana biri transport-kommunikatsiya sohasidir. U Oʻzbekistonning oʻzini “dengizga chiqmaydigan mamlakat”dan “quruqlik bilan bogʻlangan mamlakat”ga aylantirish manfaatlariga, shuningdek, Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi konsepsiyasiga toʻliq javob beradi.

Mazkur tashabbus doirasida Oʻzbekistonda xitoylik hamkorlar ishtirokida mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyodagi eng uzun tunnelga ega boʻlgan “Angren–Pop” temir yoʻl liniyasi qurildi. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” transport yoʻlagi togʻlarni kesib oʻtuvchi xalqaro arteriyaga aylanib bormoqda. “Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvurining toʻrtta yoʻnalishi ham Oʻzbekiston hududidan oʻtib, qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar uchun namuna boʻlmoqda.

Mintaqalarimizni asrlar davomida bogʻlab turgan Buyuk ipak yoʻli Sharq va Gʻarb oʻrtasida tinchlik, hamkorlik va ochiqlik ramzi boʻlib, oʻzaro savdo, madaniy va ilmiy almashinuvga xizmat qilgan. Qadim zamonlardan beri  mazkur  yoʻl orqali Oʻzbekiston va Xitoy oʻzaro doʻstlik va madaniy aloqalarni davom ettirib kelayapti.

Bugun Oʻzbekiston yoshlari xitoy tilini oʻrganishga katta qiziqish bildiryapti, oʻz navbatida xitoyliklarning ham oʻzbek tilini oʻrganishga ishtiyoqi baland. Ushbu  omillar oʻzaro bilim almashinuvi va madaniy aloqalarni ragʻbatlantiradi.  Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida tashkil etilgan Konfutsiy institutlari Xitoy madaniyati va tilini oʻrganishning asosiy markazlariga aylandi, desak hech mubolagʻa boʻlmaydi.

Xitoyda oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish kuchayib, Markaziy Millatlar universiteti va Pekin xorijiy tillar universiteti, Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti kabi taʼlim muassasalarida muvaffaqiyatli oʻqitilmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi nufuzli taʼlim muassasalaridan birida Xitoyda ixtisoslashtirilgan oʻzbek tili kafedrasi mavjud. Bu qiziqish Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan xitoylik talabalar soni ortib borayotganida va  ikki davlat oʻrtasida bilim almashish va madaniy aloqalarni rivojlantirishda yaqqol namoyon boʻlayapti.

1998-yilda tashkil etilgan “Oʻzbekiston – Xitoy” doʻstlik jamiyati ham oʻzbek va xitoy xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga samarali hissa qoʻshayotir.

2022-yil 18-may kuni Sian shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammiti doirasida “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili”ning rasmiy tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Joriy yil doirasida qator madaniy tadbirlar, konsert va festivallar, koʻrgazmalar, gastrol almashinuvi va oʻzbek madaniyatining taqdimotlari uyushtirildi.

2023-yil may oyida Pekindagi “Beijing Opera House”da Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri orkestri jamoasining konserti boʻlib oʻtdi. 2023-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xitoyning Gansu provinsiyasining Dunxuan shahrida boʻlib oʻtgan “Ipak yoʻli” VI xalqaro EXPO koʻrgazmasida qatnashdi.

2023-yil sentyabr oyida Pekindagi “Gugun” imperator saroyi muzeyida “Arxeologik hamkorlik – Bir makon, bir yoʻl” koʻrgazmasi ochildi. Unda Oʻzbekiston tarixiy merosi “Oltin fondi”dan oʻrin olgan 18 ta eksponat namoyish etildi.

Oʻz navbatida, 2023-yil oktyabr oyida madaniyat va turizm vazirining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida “Xitoy madaniyati kunlari” boʻlib oʻtdi.

2023-yil 23-sentyabr – 8-oktyabr kunlari Xanchjou shahrida oʻtkazilgan XIX Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekistondan 380 nafardan ziyod atlet sportning 39 turida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.  Umumjamoa hisobida Oʻzbekiston 22 oltin, 18 kumush va 31 bronza medallari qoʻlga kiritib 5-oʻrinni egalladi.

Iqtisodiy aloqalarning kengayishi Xitoyda Oʻzbekistonga, uning tarixi va anʼanalariga boʻlgan qiziqishning oshishiga ham xizmat qilmoqda.  Xususan, joriy yilda mamlakatimizga 40 mingdan ziyod xitoylik sayyoh kelgani  shundan  darak beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi sheriklik va hamkorlik sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarildi. Xitoyning ingliz tilida bosiladigan nufuzli “Global Times”  gazetasi yozganidek, 2023-yil Xitoy va Oʻzbekiston munosabatlari tarixida muhim davr boʻldi. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining Xitoyga boʻlajak davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikdagi muvaffaqiyat va yutuqlarni mustahkamlaydi, shuningdek, ikki mamlakat xalqlari farovonligi yoʻlida samarali hamkorlikning keyingi yangi istiqbollarini ochishga xizmat qiladi.

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net