OʻZBEKISTONNING YANGI TAHRIRIDAGI KONSTITUTSIYASI BOLANING ENG YAXSHI MANFAATLARIGA XIZMAT QILADI

01.04.2023 09:50

Bugun yurtimiz aholisining 35%, yaʼni qariyb 12,1 mln nafarini bolalar tashkil etmoqda. Shuni inobatga olib,  davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlardan biri bu – bolalar huquqlari va manfatlarini taʼminlashdir.

Soʻngi yillarda Oʻzbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda. Mamlakat oʻzining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarga sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT konvensiyaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta eʼtibor qaratilmoqda.

2020-yilda qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasida bolalar himoyasiga bagʻishlangan ustuvor yoʻnalishlar koʻrsatilib, unda bolalar manfaatlarini birinchi navbatda taʼminlash prinsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samarali joriy etish hamda bolalarga nisbatan alohida munosabatni nazarda tutadigan odil sudlov institutlarini joriy etish vazifalari belgilangan.

Mazkur yoʻnalishda erishilgan eng yorqin yutuqlar qatoriga, masalan, “bola mehnati” degan salbiy amaliyotga chek qoʻyilganligini, bolalar huquqlarini himoya qiluvchi alohida Bolalar ombudsman instituti tashkil etilganligini, 530 nafar ayollar va bolalar “qaynoq nuqta”lardan oʻz ona yurtiga qaytarilganini (oʻtkazilgan beshta “Mehr” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afgʻonistonda ogʻir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 530 ayollar va bolalar Oʻzbekistonga olib kelindi, ularnig jamiyatga moslashish uchun zarur choralar kщrildi) aytib etish mumkin.

Bundan tashqari, birgina taʼlim tizimini oladigan boʻlsak, unda aniq ijobiy oʻzgarishlarni koʻrishimiz mumkin. Masalan, agar 2016-yilda 9,7 mingta umumtaʼlim maktabi va 77 ta oliy oʻquv yurti mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni tegishligicha 10,3 mingta maktab va 200 dan ortiq oliy oʻquv yurtiga yetdi. Yaqin oʻtmishda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 27% tashkil etgan. Islohotlar natijasida bogʻchalarda taʼlim va tarbiya oladigan bolalar soni 600 mingdan 2 mlnga yetkazildi, qamrov koʻlami 70%dan oshdi. Shuningdek, mamlakatimizda inklyuziv taʼlimni taʼminlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari takomillashtirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bolalar manfaatlarini taʼminlash sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, muammolar ham mavjud. Ularni hal etish uchun boshlangan islohotlarning uzviyligini davom ettirish va tizimli yondashuvni kuchaytirishni taqozo etadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini taʼminlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilgʻor normalar kiritilmoqda. Xususan, yangi tahridagi Konstitutsiya loyihasida “bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir”, deb alohida belgilanmoqda.

Ushbu konstitutsiyaviy norma fuqarolarimizning takliflari asosida, milliy va xalqaro tajriba va ekspertlarning fikrlarini, shuningdek, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyada aks ettirilgan xalqaro standart – “bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hisobga olgan holda kiritilgan.

Alohida taʼkidlash mumkinki, ushbu normani, xususan, “eng yaxshi shart-sharoitlar” soʻzlarini qoʻllash orqali davlat “bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipiga asoslangan choralarini koʻrish uchun ulkan masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmoqda.

Ushbu konstitutsiyaviy oʻzgarishlar:

birinchidan, Oʻzbekistonning bolalar huquq va manfaatlarini taʼminlash sohasidagi siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi, bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun institutsional sharoitlarni takomillashtiradi;

ikkinchidan, bolalarga taalluqli qonunchilik, sud va maʼmuriy qarorlar qabul qilishda bolaning eng yaxshi manfaatlarini taʼminlashga birinchi oʻrinda eʼtibor qaratishni talab etuvchi yondashuvni ilgari suradi;

uchinchidan, davlat organlari va jamiyatning bolalar huquqlarini tushunish va hurmat qilish borasidagi masʼuliyatini oshirishga, shuningdek, bola huquqlariga hurmat madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, yangi konstitutsiyaviy norma Oʻzbekistonda har bir bolaning har tomonlama rivojlanishi va farovonligini taʼminlash uchun muhim huquqiy asosdir.

 

 

 

Doniyor Toʻrayev, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori oʻrinbosari

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net