OʻZBEKISTONGA KELADIGAN XITOYLIK SAYYOHLAR SONI IKKI BARAVARGA OSHADI

11.01.2020 09:28

TOSHKENT, 11 yanvar./ “Dunyo” AA/. Xitoyning “Zhejiang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasi “Chendu – Toshkent” yoʻnalishida parvozni amalga oshirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri O’zA ma’lumotiga tayanib.

 

Xitoyning “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasi vakillari Toshkentda 2018-yilda boʻlib oʻtgan Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etgan edi. Muzokaralar yakuni boʻyicha ushbu kompaniya bilan Xitoy turistik kompaniyalarini mamlakatimiz sayyohlik infratuzilmasiga investitsiya kiritishga jalb qilish, birgalikda maxsus turistik mahsulotlar yaratish hamda xitoylik sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslarni yoʻlga qoʻyishda muloqotlarni tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgandi.

 

Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi va “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” kompaniyasi saʼy-harakatlari natijasida 2019-yilning 27-sentyabr kuni “Sian – Toshkent – Sian” yoʻnalishi boʻyicha ilk charter reys amalga oshirildi.

 

“Chendu – Toshkent” reysining birinchi yoʻlovchisi mazkur aviakompaniya rahbari Lyu I boshchiligidagi delegatsiya boʻldi.

 

– Bu bizni Chendudan birinchi va muvaffaqiyatli parvozimiz boʻldi, – dedi Lyu I. – Oʻtgan yilning sentyabr oyida Xitoyning Sian provinsiyasidan charter reysni amalga oshirgan edik. Chendu Siandan ancha uzoq boʻlsa-da, Toshkentga belgilangan vaqtdan 20 daqiqa avval yetib keldik. Biz yurtimizdan koʻplab turoperatorlarni mamlakatingizga olib kelish va sayyohlik sohasida almashinuvlarni tashkil etish tarafdorimiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020-yil 1-yanvardan Xitoy fuqarolari uchun mamlakatingizda vizasiz tartib joriy qilingani ham bunda muhim ahamiyatga ega. Bu Xitoylik turistlarning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishi ortishiga sabab boʻlmoqda.

 

Taʼkidlanishicha, aviakompaniya ushbu yoʻnalishda parvozlarni haftasiga uch marotaba bajarishni rejalashtirgan.

 

“Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” aviakompaniyasi 2011-yilda tashkil topgan. Aviakompaniya flotida 46 avialayner bor.

 

– “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” kompaniyasi tomonidan ochilgan yangi reyslar xitoylik turistlar sonini keskin oshirishga xizmat qiladi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov. – 2019-yilda 54 ming xitoylik sayyoh yurtimizga tashrif buyurgan edi. Joriy yilda bu koʻrsatkich ikki baravarga ortishi kutilmoqda. Bugungi kunda dunyoda xitoylik sayyohlar oqimi yilsayin oʻsib bormoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan mamlakat. Xitoylik sayyohlar ushbu karvon yoʻli orqali savdo va madaniy aloqalarda muhim oʻrin tutgan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy maskanlarni ziyorat qilish istagida.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net