O?zbekistondagi 33 ta korxona Yevropa Ittifoqining bozoriga kirishda talab etiladigan “SE” markirovkasini oldi

05.09.2022 22:36

Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida mahalliy korxonalar tomonidan xalqaro standartlar asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida amaldagi standartlashtirish tartibi soddalashtirildi. Xalqaro talablar bilan uyg‘unlashgan 7 ming 763 ta standart qabul qilindi. Shu bilan birga 7 ming 968 tasi qayta ko‘rib chiqildi. bugungi kunda standartlar soni 19 ming 543 taga yetkazildi.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur tizimda bugungi kunda E-FOND portali – joriy qilinib, standartlarni xarid qilish va aktuallashtirish jarayonlari to‘liq onlayn shaklda amalga oshirilmoqda. 

bugungi kunda yurtimiz bo‘yicha tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga E-FOND orqali 9 mingga yaqin standart yetkazib berildi. 

– Hozirda tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqarish korxonalari va fermer xo‘jaliklarida xalqaro standartlar joriy etilgan, – deydi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov. – Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlariga standartlashtirish, sertifikatlashtirish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasida, eksportyor hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida 300 ta fermer xo‘jaligida “Global G.A.P.” hamda “Organic” xalqaro standartlari joriy qilindi. Ularning qamrovi hozirda 12 ming gektarga yetkazildi. 

Qolaversa, yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik sanoati korxonalarida “OEKO-TEX” xalqaro standarti joriy qilinib, soni 70 taga yetkazildi. Yana bir ma’lumot. 33 ta korxonaga Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining bozoriga kirishda talab etiladigan “SE” markirovkasi olindi. Bu orqali mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyati yaratildi. Mahalla-korxonabay ishlash tizimida viloyatlarning barcha tumanlardagi 3 mingga yaqin mahallada 4 ming 394 ta korxonaga  amaliy yordam ko‘rsatildi. 

Eng muhimi, sohadagi islohotlar samarasida endilikda 774 ta korxonaning 95 turdagi 4,2 million dollarlik mahsulotlarini 37 dan ortiq xorijiy davlatlarga eksport qilishga erishildi. Hududlardagi 908 ta yirik eksportchi va 5 mingdan ortiq yangi tashkil etilayotgan korxonalarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalaridagi muammolari o‘rganilib, muammolarni hal qilishga ko‘maklashish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. 

Endilikda mahalliy korxonalarning mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Hindiston, Pokiston, Misr, Saudiya Arabistoni, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, AQSH hamda Eron davlatlariga eksport qilish talablari o‘rganilib, hududlardagi korxonalarga yetkazildi va ushbu ma’lumotlar agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi. 

Endi nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar sifatida o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan O‘zbekistonda sotish uchun mo‘ljallanmagan import qilinadigan mahsulotlar, qayta ishlash maqsadida olib kiriladigan mahsulotlarni sertifikatlashning majburiy talabi bekor qilindi. 


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net