OʻZBEKISTONDA NIZOLARNI MUQOBIL (SUDDAN TASHQARI) VA SUDGACHA HAL QILISHNING SAMARALI MEXANIZMLARINI YOʻLGA QOʻYILISHI

03.07.2023 14:43

Oʻzbekiston Respublikasida qonun ustuvorligini taʼminlash, investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasida tashqi savdo faoliyatini samarali tartibga solish, iqtisodiy va fuqarolik nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmlarini rivojlantirish hamda subyektlar huquqlarini kafolatlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yangi Taraqqiyot strategiyasining 15-maqsadidan kelib chiqib, nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qoʻllash doirasini yanada kengaytirish,  hakamlik sudlarini fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor boʻladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutga aylantirish hamda bu yoʻnalishda huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Oʻzbekistonda “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi (2006), “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi (2018), “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi (2021) Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (2019), “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi (2020) Qarorlari va 2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi (2022) Farmoni bevosita investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasida tashqi savdo faoliyatini samarali tartibga solish, iqtisodiy va fuqarolik nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmlarini rivojlantirish hamda subyektlar huquqlarini kafolatlash sohasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligining yaqqol naʼmunasidir.

Oʻzbekiston Respublikasida nizolarni muqobil hal qilishning quyidagi turlari amal qilib kelmoqda:

F    hakamlik sudida ish yuritish;

F    xalqaro tijorat arbitraj sudi;

F    mediatsiya;

F    muzokaralar;

F    kelishuv bitimi.

Fuqarolik va iqtisodiy huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni hakamlik sudlari tomonidan hal etilishi davomida bu mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari oʻzlari hoxlagan yoʻsinda hal etilishi, bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ham bu yoʻlda qoʻyilgan muhim qadamlardan biri boʻldi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi “Hakamlik sudlari haqida”gi Qonunning 2006-yilda qabul qilinib, 2007-yil 1-yanvardan kuchga kirishi natijasida vakolatli sudi bilan bir qatorda sud-huquqiy islohotning yangi muhim bosqichini ildamlik bilan boshlandi. “Chet el arbitraj qarorini tan olish va uni ijro etish haqidagi” 1958-yil Nyu-York konvensiyasiga imzo chekkan dunyoning 120 tadan ortiq davlatlari tomonidan va shu jumladan, 1995-yilda qoʻshilgan Respublikamiz tomonidan ham tan olingan sudlovning yangi oʻzgacha nodavlat turi faoliyat koʻrsatishni boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2022-yil yanvar oyidagi reestr maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda jami 255dan ortiq doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudlari roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, jumladan, Oʻzbekiston Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi xuzurida 160 dan, Oʻzbekiston Savdo-saonat palatasi xuzurida 15 dan ortiq va boshqa nomalar bilan qayd etilgan 80 dan ortiq doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudlari va jami 1200 ga yaqin hakamlik sudi sudʼyalari roʻyxatdan oʻtgan.

Xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, bugungi kunda Oʻzbekistonda “choʻntak” sudlar, ularning jalb qiluvchi nomlar, sifatsiz qabul qilingan hal qiluv qarorlar, taraflarning huquqlari buzilishi, jinoiy hatti-harakatlar va boshqa holatlar roʻy berishini oldini olish borasida mavjud hakamlik sudlarini qayta tashkil etish yuzasidan jadal ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi rivojlangan davrda fuqarolik va iqtisodiy nizolarning soni kun sayin ortib borishi natijasida taraflar hakamlik sudlarida koʻrib chiqilgan nizolar boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorlarini vakolatli sudlarga murojaat bilan qoʻshimcha alohida davlat boji toʻlab yoki yana vakolatli sudga murojaat qilish orqali ijroga qaratish masalasi hakamlik sudlariga boʻlgan ishonchsizlik va sarsongarchilikka olib kelayotganligi hech kimga sir emas.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudning 2020-yildan 2022-yilning birinchi yarim yilgacha boʻlgan statistik maʼlumotlariga koʻra, vakolatli sudlar tomonidan hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini bekor qilingan 74 ta holati qayt etilgan boʻlsa, hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqalari berishga doir  koʻrilgan ishlarning soni 2 715 tani tashkil etgan.

Shu munosabat bilan, hozirda ushbu statistik maʼlumotlarni moslashtirish borasida qamchiliklarni bartaraf etish shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonun bilan himoya qilingan manfaatlariga putur yetkazmaslik maqsadida “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasidan “agar hakamlik sudining hal qiluv qarorida ijro etish muddati belgilanmagan boʻlsa, u darhol ijro etilishi kerak” degan matnning oʻrniga “hakamlik muhokamasi tarafi yoki manfaatdor shaxslar hakamlik sudining hal qiluv qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan soʻng ijro etishga qaratilishi mumkin” degan matnni kiritish ustida tegishli tashkilotlar tomonidan ishlar olib borilmoqda.

Yuqorida qayd etib oʻtilganlardan kelib chiqqan holda shuni ham aytish mumkinki, nizolarni muqobil tartibda hal qilishda hakamlik sudlarini faoliyatini takomillashtirish istiqbollaridagi asosiy muammolardan biri  bu albatta hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini ijroga qaratish masalasidir. Ushbu muammoni hal qilishning eng samarali yoʻli albatta ijro masalasining aynan doimiy faoliyat yurituvchi hakamlik sudi raisi vakolatiga berish koʻzda tutilmoqda.  

Mazkur ilgari surilayotgan taklif Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yangi Taraqqiyot strategiyasining 15-maqsadidagi nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qoʻllash doirasini yanada kengaytirish,  hakamlik sudlarini fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor boʻladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutga aylantirishga asos boʻladi. Shuningdek, 1958-yil Nyu-York konvensiyasidagi xorijiy davlatlarning arbitraj sudi qarorlarini tan olish va uni ijro etish haqidagi hamda xorijiy rivojlangan davlatlarning qonunchiligida belgilab qoʻyilgan normalariga mos keladi.  

Shu oʻrinda, soʻnggi oʻn yillikda butun dunyoda elektron hujjat aylanishi darajasi eksponensial ravishda oʻsib, har yili tobora ortib borayotganligi hyech kimga sir emasligini taʼkidlab oʻtish lozim. Bu inson hayotining barcha sohalariga taalluqlidir: shaxsiy aloqalar va biznes jarayonlaridan tortib davlat organlari faoliyatiga ham bogʻliq. Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida ham nodavlat sudlari, ham davlat sudlari har yili taraflar oʻrtasida vujudga kelgan nizolarni hal etish tartibida va ish yuritishda toʻliq yoki qisman masofadan turib amalga oshirish uchun elektron hujjat aylanishining eng soʻnggi yutuqlaridan foydalanish uchun yangi texnologik imkoniyatlarni taqdim etib kelmoqda.

Shu munosabat bilan, onlayn hakamlik muhokamasida texnologiyadan foydalanish bilan bogʻliq tartib taraflar tomonidan kelishilishi va belgilanishi kerak. Bunda asosan, hakamlik sudlarida onlayn hakamlik muhokamasi, anʼanaviy hakamlik muhokamasidan farqli oʻlaroq, taraflar va hakamlik sudi sudyasi bir-biri bilan jismoniy uchrashuvi emas, balki virtual uchrashuvi asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, onlayn hakamlik muhokamasida taraflar bir-biri toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmaydi va taraflarning shaxsiy uchrashuvi nizolarni hal qilish ehtimolini kamaytirishga olib kelishi ham mumkin. Onlayn hakamlik muhokamasida taraflarga nizo boʻyicha oʻzaro munosabatlarini bildirish yoki hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar barcha hakamlik protsesslarini videokonferensiya aloqa yoki maxsus yaratilgan elektron platformasi orqali ishtirok etishi imkonini yaratadi.

Bundan kelib chiqadiki, agar mazkur onlayn hakamlik muhokamasi oʻtkaziladigan boʻlsa, taraflar virtual sud jarayonini oʻtkazish boʻyicha protsessual talablarni hal qilishlari kerak, shu jumladan soʻrovlar, videokonferensiya va audiokonferensiya almashish uchun tafsilotlar qayd etilgan boʻlishi kerak boʻladi. Shunisi eʼtiborga loyiqki, baʼzi hollarda taraflar va hakamlik sudi sudyalari tizimning turli qismlarida turli geografik hududlarda joylashtirilishi mumkin.

Sud platformasida sudlar dalillarni onlayn rejimda tekshirishi, real vaqt rejimida taraflarni soʻroq qilishi va sudlar tomonidan platforma xavfsiz boshqarilishi kerak. Bugungi kunga kelib, XXRda Pekin, Guanchjou va Xuanchjou internet sudlari (Pekin internet sudining http://tpl.bjinternetcourt.gov.cn), Estoniyada esa e-estonia platformasi, Hindistonning http://vcourts.gov.in platformasi orqali onlayn sudlar, Niderlandiya kabi davlatlarda virtual sud majlislari olib borilmoqda. Pekin internet sudining Internet sud protsesslarini Tianping Chain platformasida oʻtkazish toʻgʻrisidagi maxsus yoʻriqnomasi muqaddimasida Pekin internet sudining sud majlislari blokcheyn texnologiyaga asoslangan Tianping Chain platformasida amalga oshirilishi belgilangan.

Oʻzbekistonda ham mustaqil, korrupsiyadan ozod, shaffof nizolarni muqobil tartibda hal etish tizimini joriy qilish, nizolarni muqobil hal qilishda uchinchi shaxslarning aralashuvini oldini olish, vakolatli sudlarning ish yuklamasi hajmini kamaytirish, hakamlik sudi ishlariga oid yagona normativ-huquqiy hujjatlar bazasini shakllantirish uchun barcha maʼlumotlarni oʻzida jamlagan hakamlik sudi jarayonlarini oʻtkazish boʻyicha innovatsion say-harakatlar olib borilmoqda. Xususan, 2023-yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “nizolarni muqobil tartibda hal qilishda onlayn hakamlik sudi jarayonlariga asos solishga qaratilgan “Smart Hakam” platformasi va mobil ilovasini ishlab chiqish” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tanlov eʼlon qilishi bunga yaqqol misol boʻla oladi.

 

 

Abdumurad Xakberdiyev

Toshkent davlat yuridik universiteti

yu.f.f.d, dotsent v.b., professional mediator

E-mail: m.hakberdiev@mail.ru

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net