O?zbekistonda gimnastika sport turlarini yana-da ommalashtirish vazifalari tasdiqlandi

26.12.2022 11:15

“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining  «Gimnastika sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu hujjat bilan yoshlar o‘rtasida gimnastika sport turlari ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, xalqaro talab va standartlar asosida professional sportchilarni tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini taʼminlash vazifalari tasdiqlandi.

Xususan, gimnastika sport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib  quyidagi belgilandi:

- iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;

-maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish va boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish;

-umumiy o‘rta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya darslarida gimnastika sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni bosqichma-bosqich ko‘paytirish ;

-qizlar o‘rtasida erta yoshdan gimnastika sport turlarini ommalashtirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish va boshqalar.

Qarorda Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlariga gimnastika sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa sportchilarini tayyorlash dasturlarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha alohida vazifalar o‘z ifodasini topgan.

Bundan tashqari,  2023/2024 o‘quv yilidan boshlab maktabgacha taʼlim tashkilotlarida «Gimnastikaga ilk qadam», umumiy o‘rta taʼlim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun «Bolalar uchun gimnastika» dasturi joriy qilinadi.

Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari (Gimnastika markazlari) tashkil etiladi. Gimnastika markazlari o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi.

Gimnastika markazlari o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi.

 Davlatimiz rahbari qaroriga binoan, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida – 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar gimnastikaga asoslangan muntazam jismoniy mashqlarga jalb etiladi. Umumiy o‘rta taʼlim maktablarida esa – 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar  ushbu sport turiga yo‘naltiriladi.

Gimnastika markazlarida – taʼlim muassasalarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan va yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yoshlardan tanlov asosida hududiy terma jamoalarga asosiy nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.

Qayd etilishicha, Gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxirasi sport maktabida – Gimnastika markazlari, shuningdek, boshqa taʼlim muassasalaridan sport gimnastikasi, badiiy gimnastika va trampolin bilan shug‘ullanuvchi sportchilarni erishgan natijalari asosida tanlab olish orqali milliy terma jamoalar uchun sport zaxirasi va yuqori darajali sportchilar sifatida tayyorlanadi.

Shuningdek,  Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabi – milliy terma jamoalarga gimnastika sport turlari bo‘yicha zaxira sportchilarni yetkazib beruvchi bazaviy davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Hujjatga muvofiq, Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabida 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan taʼlim oluvchi o‘quvchi-sportchilarning umumiy kontingenti 132 nafarni tashkil etgan holda, o‘qish muddati 11 yil bo‘lib, har yili 12 nafar iqtidorli o‘quvchi-sportchi qabul qilinadi.

Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabini to‘liq tamomlagan o‘quvchi-sportchilarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat namunasidagi diplom beriladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida gimnastika bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki baravarga oshiriladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab anʼanaviy tarzda  xotin-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi, umumiy o‘rta taʼlim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Xalq taʼlimi vaziri kubogi, yoshlar o‘rtasida «Yorqin yulduzcha» respublika turnirlari hamda kattalar o‘rtasida «Grand Prix Uzbekistan», sport gimnastikasi bo‘yicha «Duxoba yo‘l» xalqaro turnirlari o‘tkaziladi. Shuningdek, trampolin bo‘yicha «Samodan baland» xalqaro turniri,  xalqaro gimnastika kuniga bag‘ishlab o‘tkaziladigan «Gymnastics Day» butun O‘zbekiston ommaviy forumi tashkil etiladi.

2023 yildan boshlab «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkaziladigan ommaviy sport musobaqalari dasturiga gimnastrada musobaqalari ham kiritiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net