Oʻzbekiston: xalq hokimiyatchiligini mustahkamlash yoʻlida

07.12.2023 09:07

Shu kunlarda yurtdoshlarimiz milliy davlatchiligimiz, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sud-huquq sohalarini izchil rivojlantirishning mustahkam zamini – Konstitutsiya kuni bayramini koʻtarinki ruhda nishonlashga qizgʻin hozirlik koʻrmoqda. Joriy yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida xalqimiz oʻzining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi. Yurtdoshlarimiz oʻz taqdiri va ertangi kunini belgiladi, tanlagan taraqqiyot yoʻlimiz qanchalik toʻgʻri, soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar naqadar samarali  ekanini va ortga qaytmas tus olganini yana bir bor tasdiqladi.

Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalariga doir masalalarni qamrab olgani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, unda milliy parlamentimiz vakolatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqiqatdan ham “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai”, degan normani hayotga toʻlaqonli tatbiq etish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini faollashtirish imkonini beradi.

Senat faoliyatiga doir yangiliklarni oladigan boʻlsak, uning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga yetkazildi. Bunda Prezidentning ijro va sud hokimiyati tizimini shakllantirish sohasidagi amaldagi ayrim vakolatlari parlamentga berildi. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari faoliyatidagi oʻzaro takrorlanishlar bartaraf etildi.

Haqiqatdan ham, soʻnggi yillarda milliy parlamentimizni rivojlantirish, ayniqsa, uning qonunchilik faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va gʻoyalari asosida qabul qilingan va soʻngi yillarda yurtimizni har tomonlama rivojlantirishning yangicha modelini oʻzida ifodalagan Harakatlar strategiyasi hamda ushbu hujjat asosida qabul qilingan davlat dasturlarida, shuningdek, 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham qonun ijodkorligi sifatini tubdan oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, Prezidentimizning 2017-yil 22-dekabr kuni mamlakatimiz tarixida ilk bor Oliy Majlisga yoʻllagan tarixiy Murojaatnomasida ham biror-bir masalani aniq hal etmaydigan, bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilish amalda koʻplab muammolar tugʻdirayotganligi alohida taʼkidlab oʻtilgan edi.

Albatta, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilgani bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish, aholini qiynab kelayotgan masalalarning qonuniy yechimini topish borasidagi faoliyatimiz samaradorligini yanada oshiradi.

Misol uchun, oʻtgan yilning may oyida Senat huzurida xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha maxsus ishchi guruh tuzildi. Toʻqqiz oy mobaynida masʼul vazirlik, idoralar, nodavlat tashkilotlar, xalqaro ekspertlar va jamoatchilik faollaridan iborat ishchi guruhi tomonidan juda katta hajmda oʻrganish va tahlillar olib borildi.

Ushbu jarayonlar ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, qizgʻin bahs va munozaralarga sabab boʻldi.

Natijada ishchi guruh tomonidan kelib tushgan barcha takliflar chuqur oʻrganilib, umumlashtirildi, sohaga oid rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinib, yagona qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasining, Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolanib, ijroga qaratildi.

Biz hozirgi kunda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda mazkur Qonunning soʻzsiz ijrosini taʼminlash, uni hayotga keng joriy etish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Shuningdek, Senat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga oilaviy tadbirkorlik subyektlariga besh nafargacha (amalda uch nafargacha) doimiy xodimni ular bilan mehnat shartnomasini tuzgan holda yollash, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning oʻzida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi boʻlish huquqini berish hamda ayrim tushunchalarni yanada aniqlashtirish yuzasidan bir qator takliflar berildi. Ushbu takliflar inobatga olingan tarzda ishlab chiqilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullandi.

Albatta, Qonunga kiritiladigan ushbu yangiliklar mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xizmatlar hajmini va sifatini oshirish imkonini beradi. Qolaversa bugungi kunda respublikamizda 67 mingdan ortiq oilaviy tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatayotganini eʼtiborga olsak, yana minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi, degani bu.

Biz pastga tushib, mahalliy Kengashlar bilan birgalikda saylovchilarni ham keng jalb etgan holda aholining qonuniy talablarini oʻrganish, tegishli qonunchilik takliflarini shakllantirish, ularni qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish borasidagi ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.

Maʼlumki, qonun ijodkorligi oʻziga xos murakkab usul va vositalar majmuini talab etadigan, jamiyatda huquq normalari bilan tartibga solishga boʻlgan ehtiyojni aniqlashdan to tegishli normativ-huquqiy hujjat kuchga kirib, uning ijrosi monitoringini amalga oshirishgacha boʻlgan murakkab jarayonni oʻz ichiga oladi. Mana shu talablardan kelib chiqqan holda bugungi kunda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida yangi qonunlarni ishlab chiqish yoki amaldagilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayonlarida Senat bevosita ishtirok etib kelmoqda. Agar taqqoslaydigan boʻlsak, Senatning 2015 – 2019-yillarda qonunlar va boshqa masalalar muhokamasiga bagʻishlangan 25 ta yalpi majlisi oʻtkazilib, ularda 494 ta masala, shundan 226 ta qonun koʻrib chiqilgan boʻlsa, birgina 2020 – 2022-yillarning oʻzida jami 36 ta yalpi majlis oʻtkazilgan. Ularda 540 dan ortiq masala, jumladan, 239 ta qonun koʻrib chiqilgan. Eʼtiborli jihati shuki, 18 ta qonun ulardagi ayrim normalarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi qonunlarga zidligi, takomillashtirish zaruriyati boʻlganligi sabab rad etilgan.

Biz yaxshi anglaymizki, yangilangan Konstitutsiyani izchil hayotga tatbiq etish, kiritilayotgan har bir oʻzgartirish yoki qoʻshimchaning soʻzsiz ishlashini taʼminlash pishiq-puxta tayyorlangan, oʻzining aniq ijro mexanizmiga ega boʻlgan qonunlar orqali amalga oshiriladi. Shu maʼnoda aytish mumkinki, qonunlarni ishlab chiqishda barcha ishtirokchi subyektlar birdek masʼuliyatni his etishi bu borada hal qiluvchi ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida bu borada amalga oshirishimiz zarur boʻlgan vazifalarni aniq koʻrsatib berdi.

Jumladan:

* har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan – fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish, qonunlarni qabul qilish jarayonida ularni aholi oʻrtasida har tomonlama muhokama qilish tizimidan samarali foydalanish;

* qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish maqsadida jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmogʻida maxsus “maydon”lar yaratish;

* qonun ijodkorligi boʻyicha muayyan davrga moʻljallangan milliy faoliyat dasturini qabul qilish, uni ishlab chiqish jarayonida mamlakatimizning keyingi rivojlanish bosqichida qaysi qonun yoki qanday hujjatlarga ehtiyoj koʻproqligini aniqlash va parlament oʻz faoliyatini ana shularni eʼtiborga olgan holda rejalashtirishi lozimligi belgilandi.

Oxirgi yillarda qonun ijodkorligi sifatini oshirish maqsadida joriy etilgan yangiliklardan yana biri meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ularni korrupsiyaga qarshi va gender-huquqiy ekspertizada oʻtkazishning yoʻlga qoʻyilganidir. Joriy yilning 30-noyabr kuni Toshkentda yuqori saviyada boʻlib oʻtgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II Global forumda ham bu tajriba koʻpchilik tomonidan eʼtirof etildi. Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish nuqtai-nazaridan ham huquqiy ekspertizani yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar hamda Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda milliy qonunchiligimizni takomillashtirib borish ishlari jadal davom etmoqda. Soʻnggi bir necha yil ichida “tartibga soluvchi gilyotina” usuli bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgan 4000 dan ortiq hujjatlar bekor qilindi. Natijada amaldagi qonunchilik 10 foizga qisqartirildi. Qonun hujjatlari faol kodifikatsiya qilindi. Misol qilib aytadigan boʻlsak, 3 ta qonun va 50 dan ortiq qonunosti hujjatlarini birlashtirgan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Albatta, qonunlarni takomillashtirishdagi bunday yondashuv qonunchilikdagi mavjud ziddiyat va qarama-qarshiliklarning oldini olishga xizmat qiladi,  ularning toʻliq va bir xilda ijro etilishini taʼminlaydi.

Maʼlumki, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish qonun ustuvorligini taʼminlash va qonunchilikni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Yaqinda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotda aholining huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyati darajasi soʻnggi yillarda sezilarli ravishda oshgani qayd etilgan. Bu nimadan dalolat? Albatta, yurtdoshlarimiz mustaqil Vatanda erkin va ozod boʻlib yashash nimaligini oʻz hayotida, amalda koʻrmoqda, inson qadri ulugʻlanayotganini qalbdan his etmoqda.

Mamlakatimizda yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz asosida jamiyatni demokratik oʻzgartirish, yangi siyosiy-huquqiy tizimni shakllantirish hamda qonun ustuvorligini taʼminlash jarayonlari faol davom etayotgan bir davrda mazkur yoʻnalishdagi maʼnaviy-maʼrifiy  ishlar samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifamizdir. Shu oʻrinda, Senatning har bir yalpi majlisidan soʻng, barcha senatorlarimiz oʻzlari saylangan hududlarga chiqib, mahallalar, muassasa va ishlab chiqarish korxonalari jamoalari oʻrtasida qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlarini olib borayotganini aytib oʻtish mumkin.

Maʼlumki, mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jamiyat va davlat boshqaruvi tizimida turli munosabatlar yangilanib borishi va zamon taraqqiyoti Konstitutsiyamizni bugungi davr voqeligiga, fundamental yangilanish jarayonlariga moslashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Hozirda yangilangan Konstitutsiya asosida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi, ular oʻrtasida oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlash prinsiplarini izchil amalga oshirish, xalq hokimiyatini, parlamentarizmni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatlarini ajratish nazarda tutildi. Yaʼni viloyat, tuman va shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida Kengash raisi lavozimini egallashi mumkin boʻlmaydi.

Bu jarayon Toshkent shahri va viloyatlar miqyosida 2024-yildan, tuman va shaharlarda esa 2026-yildan boshlanishi belgilangan. Bu birinchidan, hokimliklarning masʼuliyati va javobgarligini oshiradi. Ikkinchidan, hokimliklar va mahalliy Kengashlarning vazifalari takrorlanishiga barham beradi. Uchinchidan, mahalliy vakillik organlarining xalq nomidan muhim siyosiy qarorlarni mustaqil qabul qilib, ijro hokimiyati organlari ustidan taʼsirchan Kengash va deputatlik nazoratini oʻrnatish imkonini beradi. Bunday yangi yondashuv natijasida hokimiyatlar boʻlinishi prinsipi mahalliy darajada ham toʻlaqonli tarzda tatbiq etiladi.

Ochigʻini aytish kerak, avvallari mahalliy Kengashlar deputatlari majlislarda nomiga qatnashib, qoʻl koʻtarib, chapak chalib chiqib ketardi. Soʻnggi yillarda Prezidentimiz hududlarni rivojlantirish borasidagi dasturlar ijrosini nazorat qilish, aholi muammolarini dadil koʻtarib chiqish hamda ularning hal etilishida mahalliy Kengashlar faoliyati taʼsirchanligini, samaradorligini oshirish borasida qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

Jumladan, Senat mahalliy Kengashlar ishini rivojlantirish va muvofiqlashtirib borishda ularga yaqindan koʻmak bera boshladi.  Ularda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etildi va Senat Kengashi qarori bilan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatining namunaviy tuzilmasi hamda nizomi tasdiqlandi.

Mahalliy Kengashlarda kotibiyat mudiri lavozimiga deputatlar orasidan masʼuliyatli, tajribali, jamoatchilik orasida obroʻ-eʼtiborga ega nomzodlar saylandi, kotibiyat mutaxassisi lavozimiga sohani yaxshi tushunadigan, yetarlicha tajribaga ega, tashabbuskor kadrlar jalb etildi. Mahalliy Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish maqsadida sinov tariqasida “kengash.gov.uz” platformasi ishga tushirildi.

Mahalliy Kengashlar huzuridagi doimiy komissiyalar tarkibi qayta koʻrib chiqildi va ular faoliyati Senat qoʻmitalari yoʻnalishiga mos tarzdatubdan qayta tashkil etildi. Hozirda har bir qoʻmita raisi oʻz yoʻnalishidan kelib chiqqan holda doimiy komissiyalar bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishini oʻrganib, mavjud muammo va kamchiliklarning joylardagi ijro hokimiyati tomonidan hal etilishiga erishib kelmoqda. Ayrim ijtimoiy jihatdan muhim sanalgan oʻtkir muammolar Senatning yalpi majlislarida mutasaddilar ishtirokida muhokama qilinib, ularni hal etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.

Shuningdek, Senat raisi tomonidan uch oyda, qoʻmita raislari tomonidan har chorakda mahalliy Kengashlar kotibiyati xodimlari, doimiy komissiya aʼzolari hamda deputatlarning malakasini oshirib borish maqsadida oʻquv-seminarlar tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. Shu kungacha oʻtkazilgan 50 dan ortiq mana shunday oʻqishlarda deputatlarning huquqiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy bilimlari boyitildi, ularning oʻz faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi koʻnikmalari rivojlantirildi. Mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini toʻgʻri va samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida tegishli uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqildi.

Umuman olganda, amalga oshirilayotgan bu kabi amaliy ishlar natijasida soʻnggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada jonlandi. Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga koʻmaklashish bilan bogʻliq vakolatining endilikda Bosh qomusimizda mustahkamlab qoʻyilishi parlament yuqori palatasining hududlar manfaatini ifoda etadigan organ sifatidagi hamkorlik ishlarini yangi bosqichga olib chiqishiga keng imkoniyat yaratadi.

Shundan kelib chiqqan holda Senat Kengashining tegishli qarori bilan yuqori palata devoni tarkibida “Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi” tashkil etildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkil etishga tizimli, maqsadli va kompleks yondashuvni yoʻlga qoʻyish, ularni jarayonga faol jalb etishdan iboratdir.

Jumladan, Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari sifatida mahalliy Kengashlarga huquqiy, axborot-tahliliy hamda ilmiy-uslubiy jihatdan koʻmaklashish, ularning norma ijodkorligiga doir faoliyatini monitoring qilib borish va zarur tavsiyalarni ishlab chiqish, ularni yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan doimiy xabardor qilib borish maqsadida muntazam oʻquvlar tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.

Biz soʻnggi paytlarda parlament nazoratini yoʻlga qoʻyish borasidagi ish uslubimizni tubdan oʻzgartirdik. Ijro hokimiyati vakillari bilan birgalikda mavjud muammoli masalalarga kompleks yondashuv asosida iloji boricha ularni joyida hal etish yoki bu borada aniq natijaga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va ularning bajarilishini nazoratga olishga erishmoqdamiz.

Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Senat aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, yuqori palata devoni xodimlaridan iborat ishchi guruhlar Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlar hamda Prezidentimiz tashrifi davomida berilgan vazifalar ijrosi holatini oʻrgandi. Senat Kengashining joylarda oʻtkazilgan sayyor majlislarida masʼul vazirlik va idoralar vakillari, viloyat va tumanlar rahbarlari ishtirokida oʻrganishlar natijalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida tashkil etilgan chuqur tahliliy  oʻrganishlar natijalari Senat yalpi majlislari va Kengash yigʻilishlarida jiddiy muhokama qilindi.  

Jumladan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning investitsiya va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va mutasaddi rahbarlarning bu boradagi shaxsiy masʼuliyati tanqidiy muhokama qilindi. Xususan, belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga toʻliq erishilmasdan qolayotgani, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlardan foydalanish talab darajasida emasligi, sanoat zonalarida infratuzilma obyektlarining qurilishi yakuniga yetkazilmaganligi sababli ularni toʻliq quvvatda ishlatish imkoni boʻlmayotganligi kabi muammolarni hal etish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazoratga olish yuzasidan Senat qarorlari qabul qilindi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xalqimiz hayotini tubdan yangilash, jamiyatimizning yangi, demokratik qiyofasini yaratishga qaratilgan islohotlar koʻlami borgan sayin kengayib, izchil davom etmoqda. Bularning barchasi inson manfaatlari, haq-huquqlari  va erkinliklarini taʼminlashga qaratilganligi bilan, avvalo, xalqimiz, qolaversa, dunyo hamjamiyatining eʼtirofiga sabab boʻlmoqda.

Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalariga tatbiq qilish, ijro organlari faoliyatini shu asosda tashkil etishni taʼminlash, yurtdoshlarimizning qalbida “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” degan faxr-iftixor va gʻururni yanada yuksaltirish, albatta, bunday yangilanishlarni ular, avvalo, oʻz kundalik hayotlarida his etishiga erishish  borasida biz – xalq vakillari zimmasida juda zalvarli vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirish uchun har qachongidan koʻra faollik, masʼuliyat va fidoyilik bilan  mehnat qilishimiz talab etiladi.

Tanzila Norboyeva,

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati Raisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net