O'zbekiston vakili Musulmon oqsoqollari kengashiga a'zo bo'ldi

31.01.2024 07:06

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Musulmon oqsoqollari kengashiga a'zo bo'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Al-Azhar imom-xatibi, Musulmon oqsoqollari kengashi raisi doktor Ahmad At-Toyyib O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni Musulmon oqsoqollari kengashi a'zosi etib tayinladi.

Musulmon oqsoqollari kengashi bosh kotibi, Muhammad Abdulsalom O'zbekiston Hukumati va shayx Nuriddin Xoliqnazarovga tabrigida, mamlakatimiz va mintaqamizda diniy-ma'rifiy soha rivojiga qo'shayotgan hissasi uchun o'z minnatdorligini bildirgan. «O'zining boy tarixi, rang-barang merosi va chuqur intellektual, madaniy va diniy ta'sirga ega bo'lgan merosi bilan Markaziy Osiyoda Musulmon oqsoqollar kengashining roli va faoliyatini oshirish maqsadida shayx Nuriddin Xoliqnazarov bilan hamkorlik qilishni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Bu hamkorlik, shuningdek, dinlararo muloqot, bag'rikenglik, jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta'minlash hamda o'zaro hurmatni rivojlantirishga qaratilgan», - deydi u.

O'z navbatida, Musulmon oqsoqollari kengashining yangi tayinlangan a'zosi, O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbari, shayx Nuriddin Xoliqnazarov ham mazkur kengashga a'zo etib tayinlangani o'zi hamda O'zbekiston va Markaziy Osiyoning barcha xalqlari uchun faxr ekanini ta'kidladi. Shayx Nuriddin Xoliqnazarov, shuningdek, Al-Azhar bosh imomi va Musulmon oqsoqollari kengashi raisi doktor Ahmad At-Toyib hazratlari, kengash a'zolari va Bosh kotibga ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga a'zo etib tayinlangani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. O'zbekiston vakili Kengashning musulmon dunyosi manfaatlariga xizmat qilish, tinchlikni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirish, O'zbekistonda mavjud bo'lgan islom merosini asrab-avaylashga qaratilgan maqsadlariga erishish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishini alohida qayd etdi.

Musulmon oqsoqollar kengashi Abu-Dabida 2014-yilda Al-Azhar bosh imomi doktor Ahmad At-Toyib raisligida tashkil etilgan mustaqil xalqaro tashkilotdir. Kengash tarkibiga bir qancha olimlar va diniy –ma'rifiy sohaning yetuk vakillari kiradi. Kengash maqsadi musulmon va musulmon bo'lmagan jamiyatlarda tinchlikni ta'minlash, o'zaro muloqotni rivojlantirish, bag'rikenglik va hamjihatlik kabi chin insoniy qadriyatlarini targ'ib qilish hamda mustahkamlashdan iborat

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net