O'zbekiston va Malayziya turkompaniyalari o'zaro hamkorlik yo'nalishlarini belgilab oldilar

23.01.2024 09:12

/«Dunyo» AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida «Sette Reps» sayyohlik kompaniyasi tomonidan Malayziya poytaxtida mamlakatimiz turoperatorlari ishtirokida B2B shaklidagi muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirda Malayziya, O'zbekiston va boshqa xorijiy mamlakatlarning yetakchi kompaniyalari vakillari qatnashdi. 

Uchrashuv davomida Toshkent shahridagi «ICAT» yirik turoperatori «business matching» asosida Malayziya kompaniyalar bilan to'g'ridan to'g'ri hamkorlik aloqalarini o'rnatdi. 

Taqdimotlar doirasida ishtirokchilarga O'zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent shahri, Surxondaryo viloyatlari, Farg'ona vodiysining boy tarixiy va madaniy merosi, sayyohlik markazlari hamda turizm qishloqlari haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Anjuman davomida, shuningdek, O'zbekistonning zamonaviy sayyohlik xizmatlari va infratuzilmasi haqida taqdimot o'tkazdi. Unda ikki mamlakat o'rtasidagi «Uzbekistan Airways» va «Batik Air Malaysia» aviakompaniyalarining to'g'ridan to'g'ri aviaqatnovlari amalga oshirilayotgani qayd etildi. Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Ishtirokchilarga mamlakatimiz sayyohlik salohiyati va uni rivojlantirish dasturlari bo'yicha taqdimot materiallari tarqatildi. 

Bo'lib o'tgan muzokaralar natijasida Malayziya turoperatorlari bilan hamkorlikda O'zbekiston yo'nalishida yangi sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish, 2024-yilda respublikaga qo'shimcha 2000 sayyohni jalb qilish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi. 

Eslatib o'tamiz, «Sette Reps» turkompaniyasi 2012-yilda tashkil qilingan. Kompaniya jahonning 40 dan ortiq mamlakatlaridagi turizm industriyasi vakillari bilan sheriklik o'rnatgan. Tashkilot Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan Malayziyadan xorijga sayyohlarni yuborish bo'yicha B2B asosida faoliyat olib boradi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net