Oʻzbekiston sayyoramizni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga talafotlarsiz yetkazish tarafdori

01.12.2023 09:11

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 noyabr – 2 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi va Dubay shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasi (COP-28) doirasidagi Iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish sohasidagi harakatlar boʻyicha jahon sammitida ishtirok etadi.

Ushbu tadbirdan koʻzlangan maqsad global iqlim oʻzgarishi, uning oqibatlariga qarshi kurashish, Parij kelishuvi qabul qilingandan keyin erishilgan yutuqlarni baholash va sarhisob qilish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Sammit dasturidan davlat va hukumat rahbarlari uchun yuqori darajadagi uchrashuvlar, oziq-ovqat, energetika, yoshlar va taʼlim, sogʻliqni saqlash, atrof-muhit, suv, iqlimni moliyalashtirish va COP-28ni amalga oshirishga bagʻishlangan tadbirlar hamda davra suhbatlari oʻrin olgan.

Anjumanda 150 dan ortiq mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari va vazirlar darajasidagi delegatsiyalar, xalqaro tuzilmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ekspertlar, ilmiy va jamoat doiralari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joizki, BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi 1992 yilda qabul qilingan boʻlib, u dunyoning deyarli barcha davlatlarini qamrab olgan. Kioto protokoli va Parij kelishuvi BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi asoslari va rivojlanishi boʻyicha qabul qilingan hujjatlardir.

Oʻzbekiston 1993 yil 20 iyunda BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasiga qoʻshilgan, 1999 yilda Kioto protokolini ratifikatsiya qilgan. 2017 yilda Parij bitimini imzolash orqali Oʻzbekiston bir qator majburiyatlarni, jumladan, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yilgi darajadan 35 foizga kamaytirish boʻyicha asosiy majburiyatlarni oʻz  zimmasiga oldi.

BMT hadli konvensiyasining ishtirokchisi sifatida Oʻzbekiston iqlim boʻyicha muntazam hisobotlarni tayyorlaydi va Konvensiya kotibiyatiga taqdim etadi. Shuningdek, milliy maʼruza, ikki yillik hisobotlar, moslashish rejalari, milliy miqyosda belgilangan badallarni ishlab chiqadi va yangilaydi.

Ayni paytda iqlim oʻzgarishi boʻyicha Oʻzbekistonning soʻnggi besh yildagi iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash borasidagi faoliyatini aks ettiruvchi Toʻrtinchi milliy maʼruzasini tayyorlash ishlari yakunlanmoqda.

Bugungi kunda dunyo iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va sayyoramizning ifloslanishi oqibatlariga duch kelayotgan, Markaziy Osiyo mintaqasi esa global isish oqibatlarini tobora koʻproq his qilayotgan bir paytda Oʻzbekiston atrof-muhit, qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi siyosatini tubdan qayta koʻrib chiqdi.

Xususan, Oʻzbekistonda ekologik muammolarni hal etish, bioxilma-xillikni saqlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha qator konseptual hujjatlar tasdiqlandi. 2030 yilgacha «Yashil» iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha strategiya, 2030 yilgacha Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2028 yilgacha Qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi, 2028 yilgacha Biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi shular jumlasidandir. Umuman olganda, respublikada tabiatni va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 40 dan ortiq qonunlarni oʻz ichiga olgan mustahkam normativ-huquqiy baza yaratilgan.

Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan iqlimiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning kuchayishini oldini olish maqsadida Orolboʻyida 1,8 million gektar maydonga choʻl oʻsimliklari urugʻlari va koʻchatlari ekilmoqda. 2030 yilgacha ushbu hududda 2,3 million gektar maydonni koʻkalamzorlashtirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, iqlim muammolari transchegaraviy xususiyatga ega ekanligini toʻgʻri anglagan Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasini iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlariga moslashishda birlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni sezilarli darajada kuchaytirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi yillik maslahat uchrashuvidagi nutqida iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha Mintaqaviy strategiyani qabul qilishni taklif qildi, bu esa iqlim barqarorligini taʼminlash va «yashil» rivojlanishga muhim hissa boʻlib  qoʻshiladi.

Iqlim dasturi boshqa xalqaro formatlar doirasida ham faol ravishda ilgari surilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida dekarbonizatsiya va «toza» texnologiyalarni joriy etish, «aqlli» qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va suvni tejash masalalarida vazifalarni muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi. Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida  ushbu  tuzilma doirasida Ekologiya masalalari boʻyicha yuqori darajali platforma yaratish  va uning birinchi anjumanini 2024 yili Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etish taklifini bildirdi.

Oʻzbekiston yetakchisi, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishida Ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida vazirlar darajasida doimiy faoliyat koʻrsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Orol fojiasi oqibatlari va vaziyatni yumshatish boʻyicha mutasaddi idoralar tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida toʻxtalib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Suv resurslari boʻyicha maxsus vakili lavozimini taʼsis etish va  «Markaziy Osiyo iqlim muloqoti»ni joriy etishni taklif qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-17 noyabr kunlari Samarqandda ilk bor oʻtkazilgan BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatnomasida Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiri va ular keltirib chiqaradigan ijtimoiy, ekologik muammolarning ogʻir oqibatlarini toʻliq his qilishini yana bir bora qayd etdi.  Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari xalqaro ekspertlar hamjamiyatini Oʻzbekistonning qum va chang boʻronlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Bir soʻz bilan aytganda, BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi platformasining butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi va Oʻzbekiston uchun ahamiyati, shubhasiz, juda muhim. Dubayda boʻlib oʻtadigan tadbirning koʻlami nafaqat ishtirokchilar soni (80 mingdan ortiq kishi), balki muhokama qilinayotgan muammolarning globalligi bilan ham belgilanadi.

Oʻzbekiston Prezidentining mazkur tadbirda ishtirok etishi  mamlakatimizning «yashil oʻsish va rivojlanish»ga sodiqligini, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga tayyorligini  hamda Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij kelishuvi maqsadlariga erishish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni toʻliq  bajarishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net