Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz sakkizinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

15.03.2023 20:53

2023-yil 14 mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttiz sakkizinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish haqidagi masalani koʻrib chiqdilar.

Joriy yil 10 mart kuni Qonunchilik palatasi majlisi oʻtkazilib, unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendumni tayinlash va uni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Qarorda, uning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash uchun uni Konstitutsiyaviy sudga yuborish va uning xulosasini olish ham belgilangan edi.

Konstitutsiyaviy sud joriy yil 13-mart kuni oʻz majlisini oʻtkazib, yuqoridagi qarorni oʻrgandi va uni Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi. “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Senatda koʻrib chiqildi.

Majlisda, taʼkidlanganidek, konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub oʻzgarishlarning uzviy qismi boʻlib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratadi hamda Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqeilikka va shiddatli islohotlarimiz mantigʻiga moslashtiradi.

Xalqimizning, ekspert va mutaxassislarning takliflari, xalqaro va xorijiy davlatlarning tajribasi inobatga olingan

“Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq boʻlishi kerak” gʻoyasi asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha umumhalq muhokamasi oʻtkazilib, jami aholidan uni takomillashtirish boʻyicha
220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan va ularning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida BMT, YEXHT, SHHT, YEI, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin mamlakatlar konstitutsiyalari puxta tahlil etildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama qilindi, 10 ga yaqin xorijiy va xalqaro ekspertizalardan oʻtkazilib, ular tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston davlatining huquqiy maqomi boʻyicha qatʼiy normalar kiritilmoqda

Ilk marotaba Konstitutsiyada Oʻzbekiston suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligi oʻzgarmas qoida sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu qatʼiy norma jonajon Vatanimiz mustaqilligini asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarni jadal davom ettirish hamda huquq ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan.

Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarda ahil qoʻshnichilik va strategik hamkorlikka sodiq qoladi

Oʻzbekistonning tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi, davlatlarning suveren tengligikuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik prinsiplari bilan bir qatorda davlatlar hududiy yaxlitligi prinsipining ham eʼtirof etilishi yurtimizning xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan gʻoyalariga sodiq ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada oshiradi.

Senatorlar tomonidan qoʻshnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzni eritish” oson boʻlmagani, bu juda katta siyosiy iroda, mashaqqatli mehnat talab etgani, birgina qardosh Qirgʻiziston bilan 30 yillik chegara muammosi yechilgani hisobiga2 milliondan ziyod vodiy aholisi oʻz yaqinlari va qarindosh-urugʻlari bilan erkin bordi-keldi qilish imkoniga ega boʻlgani alohida taʼkidlandi.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda

Loyihada inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati sifatida muhrlab qoʻyilmoqda.  Senatorlar ushbu norma butun Konstitutsiya mazmuniga singdirilganligini taʼkidlab oʻtdilar. Xususan, inson huquq va erkinliklari qonunlar, davlat organlari va ular mansabdor shaxslari faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilaydi, deb aks ettirilmoqda.

Shu bilan birga inson va davlat organlari oʻrtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib boʻlishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini taʼminlaydi, davlat idoralarining oʻz vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda masʼuliyatini oshiradi hamda insonga meʼyoridan ortiq huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilishining oldini oladi.

Loyihada “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson huquqlari borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga koʻpaymoqda. Xususan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi, har bir shaxs yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi, ushbu huquqning cheklanishi va turar joyda tintuv oʻtkazishga faqat sud qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi haqida jinoyat protsessida shaxs daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlovchi norma kiritilmoqda.

Davlat Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishi ilk marotaba Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyilmoqda.

Ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyiliga qaratilgan ijtimoiy davlat belgilari oʻz ifodasini topdi

Oʻzbekistonni ijtimoiy davlat deb belgilash – bundan buyon davlatning ustuvor siyosati ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qoʻllab-quvvatlashga, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatishga qaratilishidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda, xususan, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda.

Muhokamada davlat oʻz zimmasiga nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashish, aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish boʻyicha  majburiyatni olayotganligi ham ijtimoiy davlatga xos ekanligi taʼkidlandi.

Har bir inson uy-joyli boʻlish huquqiga ega ekanligi, davlatning uy-joy qurilishini ragʻbatlantirish va uy-joyli boʻlish huquqini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish majburiyati belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan oʻtgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgani, bu yil 90 ming hamda 2-3 yilda 200 ming oilani uy-joyli qilish rejalashtirilganligi taʼkidlandi. Ushbu konstitutsiyaviy norma mazkur marralarga erishish
va bu boradagi ishlarni davom ettirish uchun kafolat boʻlishi qayd etildi.

Aholi sogʻligʻini saqlashning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlanmoqda

Majlisda loyihada aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpayganligiga, xususan, ilk marotaba har bir insonning sogʻligʻini saqlash huquqi hamda aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi Konstitutsiya darajasida eʼtirof etilayotganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat aholiga bir qator tibbiy xizmatlarni bepul koʻrsatish majburiyatini oʻz zimmasiga olmoqda. 2023-yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta koʻrib chiqilib, 20 turdagi kasalliklar boʻyicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi toʻliq qamrab olinishi, koʻp uchraydigan 20 turdagi kasalliklar boʻyicha birlamchi boʻgʻindagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshirilishi taʼkidlandi.

Taʼlim olish huquqi va oʻqituvchilar – Konstitutsiya himoyasida

Loyihada ilk marotaba oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, nodavlat taʼlim tashkilotlari qoʻllab-quvvatlanishi toʻgʻrisidagi qoidalar kiritilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy maʼlumot olinishi kafolatlanmoqda. Senatorlar 2017-yilgacha oliygohlarga kirish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelganligi, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay oʻzgarib, grantlar soni 2 baravar koʻpayib, 40 mingtaga yetganini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Senatorlar ushbu normalar yosh avlodning zamonaviy mutaxassisliklarni egallashi, oliy maʼlumotli boʻlishi, taʼlim tizimini barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan muhim qoidalar belgilanganligini alohida taʼkidladilar.

Shu bilan birga alohida ehtiyojlarga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiyaning tashkil etilishi, ularni hamma qatori umumiy maktablarda ham oʻqishini yoʻlga qoʻyilishi Yangi Oʻzbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Loyihada davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlangʻich professional taʼlim bepul ekanligi ham belgilanmoqda. Muhokamada soʻnggi olti yilda bolalarning bogʻcha bilan qamrovi 27 foizdan 70 foizga oshgani hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar bu borada yangi marralarga erishish imkonini berishi taʼkidlandi.

Senatorlar tomonidan oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish borasidagi normaga alohida toʻxtalib oʻtildi. Majlisda ushbu norma yurtimizda oʻtgan olti yil ichida oʻqituvchining qadrini koʻtarish, uning nufuzi va mavqeini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni mustahkamlashi va oʻqituvchilarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obroʻsini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Majburiy mehnat taqiqlanishining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilanmoqda

Uzoq yillar davomida jamiyatimizda ulkan muammo boʻlgan va yurtimizning xalqaro imijiga salbiy taʼsir qilib kelgan majburiy mehnatga toʻliq barham berildi. 2009-yildan beri mamlakatimizga tamgʻa boʻlib kelgan “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining “paxta boykoti” 2022-yilda bekor qilinganligi ham bu boradagi ishlarimizning amaliy natijasi boʻldi.

Senatorlar bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy taʼsir qiladigan har qanday bolalar mehnatining taqiqlanishi Asosiy qonunimizda toʻgʻridan-toʻgʻri yozib qoʻyilayotganligi ushbu salbiy illatning tarixda qolishi uchun kafolat boʻlishini taʼkidladilar.

Bozor mexanizmlari yanada rivojlantiriladi va xususiy mulk daxlsizligi kafolatlanadi

Milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirish sohalariga ham alohida eʼbor qaratilib, davlat tomonidan bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilishni taʼminlash mexanizmlari belgilanmoqda.

Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasida 2030-yilga borib aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravarga va daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirish hamda “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish vazifasi qoʻyilgan. Taklif etilayotgan normalar ushbu marralarga erishish va iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Loyihada mulk daxlsizligi va u bilan bogʻliq huquqlarning taʼminlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida boʻlishi,  tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda. Bu esa, iqtisodiyot barqaror oʻsishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratishi taʼkidlandi.

Yoshlar, bolalar, ayollar huquqlari – davlat himoyasi ostida boʻladi

Loyihada inson huquqlari va erkinliklari, bolalar, yoshlar huquqlari, oila masalalariga bagʻishlangan kafolatlar kuchaytirilmoqda. Xususan, yoshlar, bolalar, ayollar, oila haqida gʻamxoʻrlik qilish davlat
va jamiyatning eng muhim vazifasi sifatida muhrlanmoqda. Davlat tomonidan yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlari himoya qilinishi belgilanmoqda.

Senatorlar yangi Oʻzbekistonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va erkinliklarini taʼminlash, davlat
va jamiyat ishlaridagi ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida dadil qadamlar qoʻyilganligini qayd etdilar.

Xususan, ilk marotaba xotin-qizlarning milliy parlamentimizdagi ulushi BMT tavsiyalariga mos 32 foizga yetdi. Ayollar ulushi davlat xizmatida – 33 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida– 46 foizni, taʼlimda – 74 foizni, tibbiyotda – 77 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqin ayollarimiz davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda.

Senatorlar loyihada aholimizning 18 milliondan ortigʻini tashkil etuvchi yoshlar masalasiga bagʻishlangan alohida bob kiritilayotgani muhim ahamiyatga egaligini alohida taʼkidladilar.

Xususan, yoshlarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantirish, ularning maʼnaviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat oʻz zimmasiga olmoqda. Ushbu qoidalar yoshlar hayotda oʻzlarini toʻlaqonli namoyon etish imkoniyatini taʼminlashi taʼkidlandi.

Fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilishga oid normalar konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda

Fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlashga bagʻishlangan maxsus huquqiy normalar, hususan davlat tomonidan atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash yuzasidan choralar koʻrishi belgilanmoqda.

Majlisda ushbu konstitutsiyaviy norma yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasida belgilangan 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish, iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqaradigan zararli gazlar hajmini yalpi ichki mahsulot hisobida
10 foizga qisqartirish kabi maqsadlarga erishish uchun poydevor boʻlishi alohida taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan senatorlar fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsirini oldini olish maqsadida davlat shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratadi, deb taʼkidladilar.

Fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalariga oid normalar yanada  rivojlantirilmoqda

Fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomi konstitutsiyaviy jihatdan yanada kuchaytirilmoqda, ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritilib, fuqarolik jamiyati institutlariga taʼrif berilmoqda va ular faoliyati kafolatlari belgilanmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi ishtirokini taʼminlash Hukumatning eng muhim vazifalari sifatida belgilanmoqda.

Senatorlar oʻtgan 6 yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi 25 baravarga oshganligini, nogironligi boʻlgan shaxslarning 472 ta jamoat birlashmasi, 150 ta milliy madaniy markazlar faoliyatini byudjetdan moliyalashtirish tizimi joriy etilganligini va konstitutsiyaviy normalar bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari kafolatlanmoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab boʻlishi aniq belgilab qoʻyilmoqda.

Majlisda loyihadagi ushbu normalar ommaviy axborot vositalari
va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol boʻlishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etishi, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik
va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashi, kuchli jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish, yurtimizda soʻz va axborot erkinligini yanada yuksaltirish uchun zamin hozirlashi qayd etildi.

Davlat hokimiyati tizimi tubdan isloh etilib, parlamentarizm yanada kuchaymoqda

Davlat hokimiyatini tashkil etish asoslari, qonun chiqaruvchi
va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining
 maqomi, oʻzaro munosabatlari tubdan takomillashmoqda, davlat hokimiyatining oliy organlari oʻrtasidagi balans, muvozanat kuchaytirilmoqda. Parlament vakolatlari kuchaytirilib, Senatning hududiy vakillik palatasi sifatidagi maqomi takomillashtirilmoqda.

Amaldagi Konstitutsiya boʻyicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta boʻlgan boʻlsa, loyihaga asosan ularning soni 12 ta boʻlmoqda. Senatning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga oshmoqda.

Loyihaga muvofiq, ilgʻor xorijiy tajriba inobatga olinib, Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga oʻtkazilayotganligi, Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuv oʻtkazish tartibi joriy etilayotganligi Bosh vazir lavozimiga nomzod koʻrsatish jarayoni yanada demokratlashtirilayotganligi qayd etildi.

Yangilayotan Konstitutsiyada Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda koʻrib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyotini joriy etish taklif etilayotganligi qayd etildi.

Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod boʻyicha avval Senatda maslahatlashuvlar oʻtkazilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilayotganligi bildirildi.

Majlisda Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga koʻmaklashish vakolatining Bosh qomusda mustahkamlanayotganligi mahalliy Kengashlarga hokimning raislik qilishiga oid tartib bekor qilinayotgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitda ular faoliyatini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishi, Senatning hududlar manfaatlarini ifodalaydigan organ sifatida mahalliy Kengashlar masʼuliyatli va xalqchil boʻlishi uchun masʼuliyatini oshirishi taʼkidlandi.

Senatorlar tomonidan Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida quyi palataga kiritish huquqi berilayotganligi yuqori palataning qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini, shu jumladan, xalqni qiynayotgan masalalarning qonuniy yechimini hal etish boʻyicha faoliyati natijadorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Yalpi majlisda Senat tarkibini ixchamlashtirish orqali uning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida senatorlar soni amaldagi 100 tadan 65 taga oʻzgarayotganligi, bunda Senatni shakllantirishning amaldagi tartibi, shu jumladan, joylardan teng vakillikni saqlab qolinishi muhokama qilindi. Ushbu norma Senat faoliyatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar mohiyatiga monand modernizatsiyalash imkonini berishi taʼkidlandi.

Hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilmasligi belgilanmoqda

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish toʻgʻrisidagi norma hokimiyat vakolatlarini boʻlinish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishga va hududlarda xalq manfaatlarini toʻliq taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, tegishli normativ-huquqiy bazani tayyorlash, mahalliy vakillik va ijroiya davlat hokimiyati organlari faoliyatining izchilligi va uzluksizligini taʼminlash maqsadida, ushbu tartib Toshkent shahar va viloyatlarda 2024-yildagi navbatdagi vakillik organlariga saylov natijalari boʻyicha, tuman va shaharning davlat hokimiyati vakillik va ijro organlariga nisbatan 2026-yil 1-yanvardan qoʻllanilishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Sud hokimiyati mustaqilligi kafolatlari kuchaytirilmoqda

Senatorlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga sudlar faoliyati mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, sudyalar daxlsizligi va muayyan ishlar boʻyicha hisobdor boʻlmasligi, ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha muhim normalar kiritilayotganligi odil sudlovni toʻliq va mustaqil amalga oshirish uchun muhim kafolat boʻlishini taʼkidlab oʻtdilar.

Ayniqsa sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat byudjetidan amalga oshirilishi va u odil sudlovni toʻliq, mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerakligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy norma chinakam adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Fuqarolarga sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqining berilishi mutlaqo yangicha demokratik tartib boʻlib, fuqarolarga oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish imkonini beradi.

Majlisda Konstitutsiyaning yangi tahriri ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil boʻlishi hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishi eʼtirof etildi.

Mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar natijasida Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga koʻpayib, normalari hajmi
65 foizga oshdi. Ushbu oʻzgartish va qoʻshimchalarning soni va mazmuni Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish zaruratidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Muhokamalar natijasida senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi qaror qabul qilinib, unga koʻra referendum 2023-yil 30-aprel kuniga tayinlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlis
i Senati
Axborot xizmati

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net