OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING OʻN YETTINCHI YALPI MAJLISI TOʻGʻRISIDA AXBOROT

14.12.2018 13:18

2018-yil 13-dekabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi ish boshladi. Yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va markaziy idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan soʻng senatorlar koʻrib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishga kirishdilar.

Parlament aʼzolari ishni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishdan boshladilar.

Senatorlar oʻz chiqishlarida mamlakatimizning kelgusi yilga moʻljallangan eng muhim moliyaviy hujjati 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi 2018-yil 29-iyundagi farmonida nazarda tutilgan oʻzgartishlar asosida ishlab chiqilganini taʼkidladilar.

2019-yilda Davlat byudjeti daromadlari 102,6 trillion soʻm miqdorida prognoz qilinmoqda, bu esa 2018-yilga nisbatan 38 foiz oʻsishni anglatadi. Davlat byudjeti xarajatlarining umumiy summasi 107,1 trillion soʻmni yoki joriy yilga nisbatan 36,4 foizga koʻproqni tashkil etadi.

Bunda ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan sarflanadigan xarajatlar 57,8 trillion soʻmdan ortiqni yoki barcha xarajatlarning 54 foizini tashkil etadi (2018-yilga nisbatan oʻsish – 34,4 foiz). Bunda taʼlimga sarflanadigan xarajatlar avvalgi yilga nisbatan 25,5 foizga oshadi va 28,4 trillion soʻmni yoki barcha xarajatlarning 49 foizini tashkil etadi. Sogʻliqni saqlashga sarflanadigan xarajatlar 2018-yilga nisbatan 30,5 foizga oshadi va 12,1 trillion soʻmni yoki barcha xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etadi. Ijtimoiy nafaqalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiyalar toʻlash uchun sarflanadigan xarajatlar 5,2 trillion soʻmni tashkil etadi, bu esa 2018-yilga nisbatan 61,8 foizga koʻproqdir.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 478 ta aholi punktida yashash sharoitlarini yaxshilashga 6,3 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. 2019-yilda Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1 foiz miqdorida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga muvofiq 2019-yilda yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish nazarda tutilmoqda. Mehnatga haq toʻlash fondiga soliq yuki ham barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish orqali kamaytiriladi, shundan 0,1 foizi shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yoʻnaltiriladi. Bundan tashqari, fuqarolarning mehnatga haq toʻlash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan sugʻurta badallarini bekor qilish nazarda tutilgan.

Boʻlgʻusi yilgi Davlat byudjetida byudjet sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Keyingi yilda ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy toʻlovlar va stipendiyalarni har yarim yilda avvalgi yildagi inflyatsiya darajasidan past boʻlmagan miqdorda oshirish taklif etildi. 2019-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini mutlaq summada belgilash nazarda tutilmoqda.

Mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjatida Davlat byudjetini rejalashtirish va ijro etishni takomillashtirish, byudjetlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hududlar soliq salohiyatini kengaytirishdan, byudjet tizimi turli darajadagi byudjetlarining moliyaviy oqimlarini birlashtirishdan manfaatdorligini oshirish boʻyicha aniq tadbirlar belgilangan. Rejalashtirilgan islohotlarning amalga oshirilishi milliy iqtisodiyotning barqarorligini, davlat oʻz vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishini va mamlakatning izchil rivojlanishini taʼminlaydi. Muhokama yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Shuningdek, senatorlar “Soliq va byudjet siyosatining 2019-yilgi asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini ham koʻrib chiqib, maʼqulladilar.

Soʻngra senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlanganidek, qonun Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini tuzish, ijro etish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va ularni tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Qonunda Oʻzbekiston qonun hujjatlari tizimida xalqaro shartnoma maqomi, tayanch tushunchalar mustahkamlanmoqda, ushbu sohadagi terminlar va taʼriflar umumeʼtirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiq keltirilmoqda, shuningdek, xalqaro shartnomalarni tuzish jarayoni aniq tartibga solinmoqda.

Qonunda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirishning quyidagi usullari belgilanmoqda: xalqaro shartnomani imzolash, notalar, xatlar yoki xalqaro shartnomani tashkil etuvchi boshqa hujjatlar almashish, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish, unga qoʻshilish.

Qonunda xalqaro shartnomalar bajarilishi ustidan monitoring olib borish mexanizmlari belgilanmoqda, bu esa zamonaviy AKTdan foydalangan holda yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratish, davlat organlari tomonidan har yili 31-dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro shartnomalarni bajarish toʻgʻrisida axborot yuborish, xalqaro shartnomalar ijrosi holati samaradorligini baholash, ularning tegishlicha bajarilishini taʼminlash boʻyicha takliflar tayyorlash nazarda tutilmoqda.

Soʻzga chiqqanlar qayd etganlaridek, qonun davlat organlari ishlari samaradorligini, ularning javobgarligini va ular tomonidan ishlab chiqiladigan hujjatlar sifatini oshirishga, tomonlar tarafidan bitimlar tegishlicha bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlashga, shuningdek, yuzaga kelayotgan masalalarni oʻz vaqtida hal etish uchun oldini oluvchi choralar koʻrishga, mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri sifatida xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini boyitish va takomillashtirishga, respublika uchun istiqbolli boʻlgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalar tuzishga, xalqaro huquq umumeʼtirof etilgan normalarining ustunligini taʼminlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini ham koʻrib chiqdilar. Konsullik ustavi GFR, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Janubiy Koreya, MDH mamlakatlari kabi xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Hujjatda xorijda mamlakatimiz manfaatlarini, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha konsullik muassasalarining asosiy vazifalari mustahkamlanmoqda.

Hujjatda fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jumladan, konsullik okrugi hududida yashash uchun mablagʻsiz qolgan fuqarolarga koʻmaklashish, saylov huquqlarini amalga oshirishda koʻmaklashish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni yoʻqotganda koʻmaklashish boʻyicha konsul funksiyalari kengaytirilmoqda.

Konsullik mansabdor shaxsining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilanmoqda, uning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari joriy etilmoqda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar koʻrsatish, masalan, viza soʻrovnomalari, hujjatlarni talab qilib olish uchun arizalar berish, konsullik hisobiga olish kabi xizmatlar koʻrsatishga doir konsullik funksiyalari mustahkamlanmoqda. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan keyin senatorlar “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonunda himoya qilinuvchi shaxslar roʻyxati nazarda tutilmoqda, ularning himoyasini taʼminlovchi davlat organlari doiralari belgilanmoqda. Hujjatga muvofiq ichki ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmati organlari, prokuratura organlari, sudlar himoyani taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organlar hisoblanadi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmati organlari, harbiy qismlar va Qurolli Kuchlari harbiy tuzilmalarining yuqori turuvchi qoʻmondonligi xavfsizlik choralarini taʼminlashi, aholini ijtimoiy himoya qiluvchi organlar va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa organlar esa ijtimoiy himoya choralarini taʼminlashi belgilab qoʻyilmoqda.

Taʼkidlanishicha, qonunda himoya qilinuvchi shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash, shaxsni, uy-joyni va boshqa mol-mulkni qoʻriqlash, maxsus individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish, vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish, boshqa yashash joyiga koʻchirish, ish yoki oʻqish joyini oʻzgartirish, hujjatlarni almashtirish, himoya qilinuvchi shaxs haqidagi maʼlumotlardan foydalanishni cheklash kabi xavfsizlik choralari nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, himoya qilinuvchi shaxslarning shaxsiy va mulkiy xavfsizlikni taʼminlash, ijtimoiy himoya choralarini qoʻllash, qoʻshimcha xavfsizlik choralarini qoʻllash haqidagi ariza bilan murojaat etish, himoya qilishni taʼminlovchi organlarning qarorlari va harakatlari ustidan yuqori turuvchi organga shikoyat qilish boʻyicha huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonunga koʻra himoya qilinuvchi shaxslar xavfsizlik choralarini taʼminlovchi organning qonuniy talablarini bajarishi, oʻziga nisbatan qilingan har bir tahdid yoxud gʻayriqonuniy harakatlar toʻgʻrisida ularni darhol xabardor qilishi, xavfsizlikni taʼminlash uchun oʻziga berilgan mol-mulkni asrab-avaylashi, oʻziga nisbatan qoʻllanilgan xavfsizlik choralari haqidagi maʼlumotlarni oshkor etmasligi shart. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun urugʻchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga, urugʻlikni eksport qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, urugʻchilik sohasida subyektlarning huquq va majburiyatlarini belgilashga qaratilgan.

Qonunda investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilma va servis xizmatlarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va faoliyatning zamonaviy shakllarini joriy etish, urugʻliklarni koʻpaytirishning va ular bilan isteʼmolchilarni taʼminlashning samarali tizimini yaratishni nazarda tutadigan urugʻchilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda, urugʻliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash, ishlatish va realizatsiya qilish masalalari tartibga solinmoqda. Urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestrini yuritish tartibi ham belgilab qoʻyilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonun urugʻchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini yanada takomillashtirishga, urugʻliklarni eksport qilish, urugʻliklar toifalarini xalqaro toifalarga muvofiq belgilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, urugʻchilik sohasidagi subyektlarning huquqlari va majburiyatlarini belgilashga, urugʻliklar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng, senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi. Qonunda 26 yanvar kunini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilash nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisidagi qonun bojxona organlariga shaxsiy tarkibning maʼnaviy-axloqiy va maʼrifiy-ruhiy tarbiyasini oshirish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni koʻrib chiqildi. Qonun bilan aprel oyining birinchi yakshanbasi Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni etib belgilanmoqda.

Soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganlaridek, qonun respublika yoshlari orasida geologiya sohasini ommalashtirishga, yuqori malakali xodimlarning potensial sonini oshirishga, geologik qidiruv ishlarining samaradorligini oshirishga, sanoat miqyosida oʻzlashtirish uchun oʻtkaziladigan yangi foydali qazilmalar konlari ochilishini ragʻbatlantirishga, respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish ishiga munosib hissa qoʻshgan geologlarning mehnatini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, qonun Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Mehnat kodekslariga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Jinoiy va maʼmuriy qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mamlakatdagi jamoat tartibini mustahkamlash boʻyicha aniq chora-tadbirlardan iborat va tilanchilik bilan shugʻullanganlik hamda voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi boʻlgan shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etganlik uchun javobgarlikni belgilab qoʻyishga qaratilgan. Oʻzgartishlar mehnat qonunchiligini ham chetlab oʻtmadi. Ishga qabul qilish tartibi va ish beruvchining mazkur jarayondagi masʼuliyatiga oid ayrim nizomlar soddalashtirildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, qonun chaqaloqlar va bolalar, voyaga yetmagan shaxslar, nogironligi boʻlgan shaxslar va keksa odamlar ishtirokida tilanchalik qilish hollarining oldini olishga, jamiyatning axloqiy qadriyatlarini himoya qilishga, energetik ichimliklarni haddan ortiq isteʼmol qilish yoki suiisteʼmol qilishning oldini olishga, shuningdek, fuqarolar sogʻligʻini asrashga, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.

Shundan soʻng senatorlar tomonidan “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasining 17 ta qonuni va 6 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Qonun davlat organlari oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratishga, ular faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan.

Qonun bilan “Prokuratura toʻgʻrisida”gi, “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlarga va Uy-joy kodeksiga prokuratura organlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan prokuratura organlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash imkonini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda. Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalari qatoridan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish masalalari boʻyicha nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni taʼminlash, bunday ishlarni bajarishda takrorlanish va suiisteʼmolliklarga yoʻl qoʻymaslik vazifalari chiqarib tashlanmoqda.

Qonunga kiritilgan tartibga koʻra uy-joy obyektining manzili boʻyicha doimiy propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun koʻrsatilgan xizmatlarga haq toʻlash boʻyicha majburiyatlar yuzasidan solidar javobgar boʻladi.

“Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtkazish uchun ruxsat berish funksiyalarini “Oʻzarxiv” agentligi vakolatlaridan chiqarib tashlashni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga tegishli ravishda hududiy adliya boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) adliya boʻlimlari boshliqlarining axborotini eshitish hamda axborotni eshitish tartibini belgilash vakolatini berishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar ham kiritilmoqda.

Qonundan adliya organlari xoʻjalik yurituvchi subyektlarga shartnoma majburiyatlarini tuzish va bajarishda huquqiy yordam koʻrsatishini, shuningdek, xoʻjalik shartnomalarini ijro etish jarayonini nazorat qilishini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlanmoqda. Shunday tartib kiritilmoqdaki, unga koʻra Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini boshqa turdagi ekspertizalarni oʻtkazib boʻlgandan soʻng majburiy ravishda amalga oshiradi. Tegishli adliya organlariga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish vazifalari yuklanmoqda.

Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihasiga ilova etilgan hujjatlar roʻyxatiga qonun loyihasining huquqiy ekspertizasi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xulosasi kiritilmoqda.

Shuningdek, ayrim qonunlarga tashqi ishlar vaziriga Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalarining har yilgi xarajatlari yigʻma smetasini va xarajatlar smetalarini tasdiqlash huquqini berishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar ham kiritilmoqda.

“Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunga raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima solish haqida qarorlar qabul qilishni monopoliyaga qarshi organning vakolatlaridan chiqarishni va raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish vazifalarini monopoliyaga qarshi organdan tegishli sudlarga oʻtkazishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra Oliy Majlis Senati har yili Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra Senat aʼzolari “Sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonun sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadi. Bunga koʻra sudlarga davlat bojini toʻlash boʻyicha amaldagi 74 ta imtiyozdan 17 tasini bekor qilish, yangi tuzilgan maʼmuriy sudlarga murojaat qilganda davlat boji toʻlashdan ozod etiladigan shaxslar va organlar roʻyxatini belgilash, shuningdek, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar uchun davlat bojini undirish obyektlarini birlashtirish koʻzda tutilmoqda.

Qonun bilan joriy etilayotgan tartibga koʻra, ayrim toifadagi shaxslarga nisbatan talablarni qanoatlantirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda, ushbu shaxslardan sudlarda davlat boji talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi. Qonunda belgilanishicha, davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan davlat organlari va boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolar manfaatlarini koʻzlab bildirilgan talablarni qanoatlantirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari koʻzlangan shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng parlament aʼzolari “Iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar.

Qonun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish hamda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqildi. Hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-maydagi farmonidan kelib chiqqan holda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining asosiy vazifalari va funksiyalari belgilab berilgan. Oʻzbekiston Respublikasining 19 ta qonuni va 5 ta kodeksiga konseptual, texnik va aniqlashtiruvchi oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga va Jinoyat kodeksiga qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini olganlik yoki oʻtkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Taʼkidlanganidek, qonun iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi profilaktika tadbirlari samaradorligini yanada oshirishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Qishloq xoʻjaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar. Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-oktabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga hamda 2017-yil 10-oktabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qonun bilan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Yer kodeksi va Soliq kodeksiga oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Senatorlar mazkur qonun fermer va dehqon xoʻjaliklarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishdan, jamoatchilik nazoratining taʼsirchan tizimini huquqiy asosda oʻrnatishdan shaxsiy manfaatdorligini va javobgarligini oshirishga koʻmaklashishini qayd etdilar. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Shundan soʻng senatorlar “Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalari noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Jeneva, 1971-yil 29-oktabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi, “Butunjahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi boʻyicha shartnomasiga (Jeneva, 1996-yil 20-dekabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi, “Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar boʻyicha shartnomasiga (Jeneva, 1996-yil 20-dekabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklik toʻgʻrisidagi Shartnomani (Toshkent, 2018-yil 17-avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tomonidan qoʻshma aksilterror oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Bitimni (Dushanbe, 2008-yil 28-avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini koʻrib chiqib, maʼqulladilar.

Shundan keyin senatorlar Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi raisining Komissiya faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitdilar.

Bugun Oʻzbekistonda xalqaro normalar va standartlarni milliy qonun hujjatlari va amaliyotga tatbiq etishga, bu orqali fuqarolar konstitutsiyaviy mehnat huquqlari kafolatlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Oliy Majlis Senatining 2017-yil 4-oktabrdagi qarori asosida Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi, hududlarda esa hududiy komissiyalar faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi, Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi 29-konvensiyasi va “Majburiy mehnatni bekor qilish toʻgʻrisida”gi 105-konvensiyasi ijrosi oʻrganildi. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash, davlat organlarida majburiy mehnatning barcha shakllarini oʻz vaqtida aniqlash va yoʻq qilish maqsadida oʻzaro aloqaning zamonaviy mexanizmlari joriy etildi.

Parlament komissiyasi tomonidan hududiy komissiyalar, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash bilan birgalikda Oʻzbekiston ratifikatsiya qilgan XMTning 14 ta konvensiyasi haqidagi maʼlumotlar aks etgan 8 mingdan ziyod qoʻllanma tayyorlandi. Aholining, shu jumladan, ijtimoiy soha vakillarining, korxonalar, tashkilotlar va fermerlik xoʻjaliklari rahbarlarining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan 100 dan ortiq seminar, turli tadbirlar, ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda 12 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Oʻzbekistonda majburiy mehnatga barham berish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xorijiy ekspertlar tomonidan ijobiy baholanayotgani qayd etildi. Bunda majburiy mehnatning har qanday turlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha parlament va jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish zarurligiga eʼtibor qaratildi. Muhokama yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻn yettinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net